16:26 / 07.12.2022
1 927

Marokash ertakni davom ettirdi, Portugaliyada yangi yulduz porladi

Marokash ertakni davom ettirdi, Portugaliyada yangi yulduz porladi
Marokash termasi futbolchilari va bosh murabbiyi ispanlar ustidan gʻalabani nishonlamoqda
Alexander Hassenstein / Getty Images

Qatardagi jahon chempionatining oʻn ettinchi kunidagi asosiy voqealar.

Ispaniya uchta penaltini aniq tepa olmadi va turnirni tark etdi. Marokash pley-offning asosiy sensatsiyasini amalga oshirdi.

JCh-2022. 1/8 final. 6 dekabr
Marokash – Ispaniya 0:0. Penaltilar seriyasi: 3:0
Marokash
– Bunu, Hakimi, Saiss, Agerd (Al-Yamik, 84), Mazraui (Attiyyot-alla, 82), Amrabat, Amalla (Sheddira, 82), Unai, Ziyosh, Bufal (Ez Abde, 66), An-Nosiri (Sobiri, 82).
Ispaniya – Unai Simon, Laport, Rodri, Alba (Balde, 98), Buskets, Pedri, Gavi (Soler, 63), Lorente, Olmo (Fati, 98), Asensio (Morata, 63), Ferran Torres (Uilyams, 75; Sarabiya, 119).
Ogohlantirishlar: Laport (76), Saiss (90).

Ispaniya avvaliga xorvatlar, keyin Braziliya bilan oʻyindan qochib, guruhda ikkinchi oʻrinni egallagani haqidagi farazlar endi muhim emas. Qolaversa, jahon chempionatida strimlar oʻtkazib, bundan ishlangan pullarni bolalar onkologiyasi uchun xayriya qilayotgan Luis Enrike bunday fikrlarni qayt'iy rad etdi. Chindan ham jamoa yarimfinalga etib borsa, baribir Frantsiya yoki Angliyaga toʻqnash kelardi.

Enrike bunday nazariyalarni hali ovlanmagan ayiqning terisini boʻlib olishga oʻxshatdi. Jamoa hali darvozasini la liganing oʻtgan mavsumdagi eng kuchli oʻyin koʻrsatgan vakillaridan biri Bunu qoʻriqlovchi Marokash toʻsigʻidan oʻtish talab etilardi. Shu bilan birga «Atlas sherlari» — faqat darvozabondan iborat emas va jamoa Xorvatiya, Belgiya va Kanadadan iborat guruhda birinchi oʻrinni egallab chiqqandi.

Qolaversa, bu imkoniyatlariga qishda boʻlib oʻtgan Afrika Kubogidagi ishtirokiga qarab ham baho berish mumkin boʻlgan jamoa ham emas. Birinchidan, Qatardagi turnir boshlanishiga bir necha oy qolganida Vaxid Xalixojich oʻrniga Afrika Chempionlar ligasida gʻolib chiqqan Valid Regragi bosh murabbiy etib tayinlandi. Ikkinchidan, jamoaga sobiq bosh murabbiy davrida chetlatilgan Ziyosh va Mazraui qaytdi.

«Bu oʻyin — Marokash futboli tarixida iz qoldirish uchun imkoniyat», — dedi Regragi. Bu oʻyin arafasida koʻpchilik Kaliningradda toʻrt yil muqaddam oʻtkazilgan oʻyinni ham esladi. Oʻshanda ispanlar Marokashga qarshi oʻyinda yutqazib, guruhda qolib ketishga juda yaqin kelgan, ammo qoʻshimcha daqiqalarda Yago Aspasning goli bilan hisobni tenglashtirgandi. Keyinroq 1/8 finalda uning penaltilar seriyasidagi oxirgi zarbasini Igor Akinfeev toʻsadi.

Busketsning rekordi

Oʻyin kutilganidk boshlandi — «Qizil furiya» total ustunlik qilishi bilan. Faqat ispanlarning boshlangʻich tarkibi ajablanarli edi. Enrike klassik markaziy forvardsiz oʻynashi odat tusini olmoqda. Bu safar esa asosiy tarkibdagilarning faqat ikki nafari ampluasiga koʻra himoyachi edi. Va Rodri mudofaa markazidan joy olishi — hozirgi turnir uchun standart kartinaga aylanib ulgurgan boʻlsa, Markos Lorente bir yildan ortiq vaqt mobaynida terma jamoada qanot himoyachisi rolida koʻrinish bermagandi.

Qolganlar oʻz joyida tushdi. Jahon chempionatlarida 17-oʻyinini oʻtkazgan va Iker Kasilyas va Serxio Ramosning rekordini takrorlagan Buskets ham, 1958 yilgi turnirda 17 yoshida mundiallar pley-offida oʻynagan Peledan keyin bu natijani takrorlagan ilk futbolchi boʻlgan Gavi ham. Birinchi boʻlim statistikasi ham ikki koʻrsatkichga koʻra odatiy koʻrinishda edi. Ispaniya toʻpga egalik qilish boʻyicha (70 foizdan ortiq) va uzatmalar boʻyicha (Opta versiyasiga koʻra 344 ga qarshi 122) katta ustunlikka erishdi.

Faqat bu raqamlar evropaliklarga hech narsa keltirmadi. 45 daqiqa davomida birgina xavfli zarba berildi, toʻp himoyachilar ortiga tashlab berilganida Asensio oʻtkir burchakdan turib yoʻllagan zarba darvoza toʻriga tashqi tomondan tegdi. Marokashliklarda esa bundan ham xavfliroq vaziyatlar boʻldi, Hakimi ijrosidagi jarima zarbasidan keyin toʻp darvoza toʻsinidan bir necha santimetr yuqoridan oʻtib ketdi. Shuningdek pressing orqali toʻpni egallab olgan Mazrauining zarbasi xavfli chiqdi. Birinchi boʻlimda driblinglari bilan yodda qolgan Bufalning uzatmasini esa Agerd darvoza toʻriga joylab qoʻyishiga bir baxya qoldi.

Bununing vaqti

Umuman olganda, oʻyin davomida «steril egalik» atamasini eslash uchun sabablar koʻp boʻldi. Ispanlar chiroyli futbol namoyish etishga uringan boʻlsa-da, marokashliklarning mudofaadagi sifatli futboli undan qolishmadi. Markaziy hujumchi An-Nosiri ham, oʻrta liniyaga javobgar Amrabat ham himoyada mehnat qilishdi. Shu bilan birga «Sherlar» deyarli fol qilishmadi va standart vaziyatlar xavfini nolga tenglashtirishdi.

Vaqti-vaqti bilan keskinlik yuzaga keldi, ammo ispanlar burchakdagi bayroq atrofidagina yiqitildi, Asensio va Olmoning 2018 yilgi jahon chempionatida Roys va Kroosning ijrosini takrorlashga urinishi Bununi dogʻda qoldira olmadi. Faqat zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan Morataning va yana bir joker — Uilyamsning urinishlari — ispanlar marokashliklar mudofaasini yorib oʻta boshlaganini koʻrsatdi. Bunday holatda yangi kuchlar talab etilardi va Regragi avvaliga Bufalni zaxiraga oldi, keyin esa Mazraui boshchiligida uch futbolchini almashtirdi, asosiy vaqt soʻnggida esa jarohat olgan Agerd ham oʻyindan olindi.

Ammo «Sherlar»ning aralash tarkibi ham ispanlarga qarshi tura oldi, evropaliklarda xavfli vaziyatlar yana yoʻqolib qoldi. Toʻgʻri, raqib ikkinchi raqam ostida harakat qildi, ammo bunga oʻxshash retseptlar Frantsiya, Braziliya va Argentinaning raqiblarini qutqara olmagandi. Overtaymlarda Simonning Cheddiraning zarbasini qaytarishi oʻyindagi eng xavfli vaziyat boʻldi.

Qoʻshimcha boʻlimlarning oxirgi daqiqasida esa Sarabiya darvoza oldida turib toʻpni ustunga tekkizdi.

Marokashliklar posboni Bunu penaltilar seriyasida zarbani toʻsmoqda. Foto: Reuters
Aftidan, «Qizil furiya» uchun yirik turnirlarda 120 daqiqa oʻynash taqdir boʻlib qoldi. Avvalgi jahon chempionatida Rossiya bilan ham, keyin Evro-2020 turniri pley-offida uchta oʻyinda overtaymlar (ikkitasida penaltilar seriyasi) boʻlgandi. Endi esa — marokashliklarga qarshi lotereyada dastlab zarbaga yaqinlashgan Sarabiya yana ustunga qarab tepdi, Soler va Busketsning zarbalari Bunu uchun oson oʻljaga aylandi, hal qiluvchi zarbani esa Hakimi panenka uslubida ijro etdi.

Afrikaliklar sensatsiyalar koʻrsatish limiti hali tugamaganini koʻrsatishdi. Oʻz tarixida ilk bor JCh chorakfinaliga chiqqan «Sherlar» oʻzining sharqona ertagini yozishda davom etadi, bu Ispaniya esa — Furiya emasligini koʻrsatib qoʻydi.

Ramush — Portugaliyaning yangi kumiri! Krishtianu zaxirada qoldirildi, yosh yulduzda esa — het-trik. Portugallar Shveytsariyaga olti gol urishdi va chorakfinalga yoʻl olishdi.

JCh-2022. 1/8 final, 6 dekabr, «Lusayl»
Portugaliya — Shveytsariya 6:1
Gollar
: Ramush (17, 51, 67), Pepe (33), Gerreyru (55), Leau (90+2) — Akanji (58).
Portugaliya – Koshta, Dalot, Pepe, Diash, Gerreyru, Karvalyu, Otavio (Vitinya, 74), Silva (Nevesh, 81), Fernandesh (Leau, 87), Felish (Ronaldu, 73), Ramush (Orta, 74).
Shveytsariya – Zommer, Rodriges, Sher (Jemert, 46), Akanji, Fernandesh, Vargas (Okafor, 66), Jaka, Froyler (Zakariyo, 54), Sou (Seferovich, 54), Shakiri, Embolo (Yashari, 89).
Ogohlantirishlar: Sher (43), Jemert (59).

Sardor zaxirada

Portugaliya madhiyasi ijro etilayotganida «Lusayl» stadionidagi muxlislar syurrealistik kartinaga guvoh boʻlishdi: oʻnlab fotograflar oʻz kameralari ob'ektivlarini zaxira oʻrindigʻiga qaratishdi, asosiy tarkibni esa faqat bir necha kishi suratga tushirardi. Bu hozirgi vaziyatni yaqqol ifodalaydigan epizod.

Krishtianu Ronaldu zaxira oʻrindigʻida. Foto: Reuters
Barchasini bir nom izohlaydi — Krishtianu Ronaldu. Evro-2008 dan buyon Portugaliya ilk bor yirik turnirdagi oʻyinni oʻzining asosiy yulduzisiz boshladi. Va bunga jarohat yoki diskvalifikatsiya sabab emas: rasmiy sababi — taktik echim. Portugaliya bosh murabbiyi Fernandu Santush sardorga joy topilmagan bahsli boshlangʻich tarkibni shunday izohladi.

Krishtianu — Portugaliya futboli ramzi. U jahon chempionati boshlanishini hammadan koʻra koʻproq kutgandi, chunki bu erda «Manchester Yunayted»dagidan farqli ravishda unga ishonch bildiriladi. Soʻnggi 18 yilda Ronaldu terma jamoaning faqat toʻrt oʻyinida zaxiradan oʻyinga qoʻshilgandi.

Yosh Ramushning porlashi

Santush nafaqat Krishtianuni, balki boshqa etakchilarni ham zaxiraga oʻtqazish bilan hayratlantirdi — Ruben Nevesh va Joau Kanselu ham zaxira oʻrindigʻida qoldi, shunday ekan murabbiyning qarorlari maydondagi liniyalarning har biriga ta'sir koʻrsatardi. Ammo bu qarorlar toʻgʻri boʻlib chiqdi.

Santushni vatanida konservativligi va moslashuvchanlik yoʻqligi uchun tanqid qilishad va unga doimiy ravishda Evro-2016 finalida jamoani ochiqchasiga jarohat olgan Ronaldu boshqarganini eslatishadi. Ammo sokin portugaliyalik mutaxassis sakkiz yildan buyon vaziyatni oqilona nazorat qilmoqda va har safar tanqidchilarining ogʻzini yopadi. Santushning muxlislarga ma'qul kelmaydigan «taktik echimlari» koʻrsatdiki, uning uchun avtoritetlar yoʻq. Ronaldu Koreya bilan oʻyinda erta zaxiraga olinganidan ochiqchasiga norozilik bildirgandi, oʻyindan oldingi matbuot anjumanida esa murabbiy Krishtianuning bu harakati oʻziga yoqmaganini aytdi.

Santush Ronalduning zaxirada qolishini taktika tufayli ekanini aytgan boʻlsa-da, bunga oʻsha harakat ham ta'sir qilgani tayin. Nima boʻlganda ham u haq, uning tanlovi natija keltirmoqda. Koreya bilan oʻyinda Portugaliya yutqazib qoʻygandi va Santush jamoani silkitib qoʻyishi talab etilardi. Va tarkib yangilandi: bunga qadar Qatarda faqat oʻn daqiqa oʻynash imkoniga ega boʻlgan 21 yoshli Gonsalu Ramush yaqin «toʻqqizlik»ka chap oyoqda kuchli zarba berib hisobni ochdi.


Qarilik bilmas Pepe

«Benfika» forvardi gol urgan mahalda kameralar Ronalduga qaratildi. Unda aralash tuygʻular koʻrinib turardi. Bir tomondan u golni xursandchilik bilan nishonladi, chunki u jahon chempionatida gʻolib boʻlish orzusi haqida gapirib keladi. Boshqa tomondan, golni Ronalduning oʻrniga tushgan futbolchi urdi — 21 yoshli Ramush maydonda aynan uning pozitsiyasida harakat qiladi.

Portugaliya shundan keyin ham bosim qilishda davom etdi: Otaviu va yana shu Ramush yomon boʻlmagan zarbalar ijro etdi. Shveytsariya esa faqat 30-daqiqaga kelib uygʻondi, oʻshanda Shaqiri jarima zarbasidan kuchli zarba yoʻlladi. Froylerda ham yaxshi vaziyat boʻldi, Diogu Koshta uning zarbasini qiyinchilik bilan qaytarib, portugallarni qutqarib qoldi.

Ammo aynan Santush jamoasi oʻyin borishini nazorat qildi va haqli ravishda ikkinchi golni urdi. Buni esa Ramushning otasi tengi boʻlgan 39 yoshli Pepe amalga oshirdi. Bu vaziyatda yana Brunu Fernandesh burchakdan ajoyib uzatma berdi — va hisob 2:0.


Chempionatning ilk het-trigi

Tanaffusga qadar hisob yirik koʻrinish olmadi, ammo Portugaliya shunchalik mustahkam koʻrinardiki, oʻyin natijasi amalda hal boʻlib ulgurgandi. Murat Yaqin tanaffusda birgina almashtirish qildi va birinchi boʻlimni toʻligʻicha yomon oʻtkazgan himoyachi Sherni maydondan oldi, ammo jamoaga koʻproq oʻzgarishlar talab etilardi.

Portugaliya esa zaxira kuchlarisiz ham oʻzini juda yaxshi his qilardi, shunga qaramay ikkinchi boʻlim boshlarida Ronaldu chigalyozdi mashqlarini amalga oshirishga yoʻl oldi. Krishtianu shu erda turib oʻz oʻrnini egallagan futbolchining golini tomosha qildi — Ramush dublni rasmiylashtirdi. Shveytsariyalik himoyachilar ham Ronaldu kabi bir chetda raqib hujumini kuzatib turishdi va koʻp oʻtmay toʻrtinchi golni ham oʻtkazib yuborishdi — bu safar Gerreyru gol urdi, ammo unga pasni Ramush berdi.

Burchak zarbasidan keyin Akanji bir javob golini urdi, ammo bu gol nafaqat portugallarning gollari fonida, balki «Lusayl»dagi hayqiriqlar fonida ham sezilmay ketdi. Ikkinchi boʻlim mobaynida butun stadion Krishtianuning maydonga tushishini talab qilib, uning nomini aytib chaqirdi. Va bu hayqiriqlar fonida Ramush uchinchi golni ham urdi. Jahon chempionatidagi ilk het-trik hech kim kutmagan futbolchi tomonidan urildi.

Kumirning paydo boʻlishi

73-daqiqada tribunalar yanada jonlandi, shu pallada maydon chetida ularning kelishiga sababchi boʻlgan inson paydo boʻldi. Ronaldu bunday qabuldan oʻta mamnun edi — u tabassumini yashira olmadi va oqshom qahramoni Ramushni almashtirib, oʻz golini urish uchun chopib ketdi. Koʻp oʻtmay portugallar foydasiga jarima zarbasi belgilandi, ammo Ronalduning zarbasi jonli devordan oʻtmadi. Keyinroq u baribir toʻpni darvozaga yoʻlladi, ammo ofsayd qayd etildi.

Krishtianu jahon chempionatlari pley-offidagi ilk golini urishga rosa urindi, ammo jamoaning oʻyindagi oltinchi golini zaxiradan maydonga tushgan boshqa bir forvard — Rafael Leau qoʻshimcha daqiqalarda urdi va yakuniy natijani oʻrnatdi.

6:1 — favqulodda voqealarga boy, oldindan aytib boʻlmaydigan hisob va Portugaliya haqli ravishda chorakfinalga yoʻl olgan oʻyin. Bu bosqichda ularni turnirning asosiy sensatsiyasi — Marokash jamoasi kutmoqda.

Endi jahon chempionatida ikki kunlik tanaffus.

Chorakfinalning barcha juftliklari:

9 dekabr

20:00. Braziliya — Xorvatiya
00:00. Niderlandiya — Argentina

10 dekabr
20:00. Marokash — Portugaliya
00:00. Frantsiya — Angliya
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport