20:15 / 21.03.2023
299

Uning jozibasi o‘zgacha! Ominaxon Halilova bilan intervyu

Uning jozibasi o‘zgacha! Ominaxon Halilova bilan intervyu
Gimnastika sport turlarining malikasi, deb bejizga e’tirof etilmaydi. Nafosat va go‘zallik, epchillik va chaqqonlikni o‘zida mujassam etgan bu sport turi bilan shug‘ullanuvchilar yurtimizda tobora ko‘paymoqda. Ular xalqaro maydonlarda munosib o‘rinlarni egallamoqda. Jahon arenalarida yurtimiz dovrug‘ini taratayotganlardan orasida Ominaxon Halilova ham bor.
 
Bu yil 25- bahorini qarshi olayotgan Ominaxonning ota-onalari uning sportga bo‘lgan qiziqishini anglashib, besh yoshligidayoq gimnastika to‘garagiga olib borishgan. Mana shundan buyon u sevimli sport turi bilan shug‘ullanib keladi. U bilan suhbatimizning asosiy mavzui ham gimnastika bo‘ldi.
 
- Bu sport bilan professional shug‘ullanish avvalida muammolar bo‘lmaganmi? Masalan: "Odamlar nima deydi?" qabilidagi gaplar...
- Avvaliga bunday gap-so‘zlar ko‘p bo‘lgan. Ayniqsa endi boshlagan paytlarimda. Keyinroq ulg‘aygach, bu yana ham ko‘proq ko‘zga tashlana boshladi. Muammolarga duch kelgan kunlarim ham bo‘lgan. Bu sportni yaxshi ko‘rishim barchasini ortda qoldirdi. Negaki uning o‘zgacha jozibasi doim meni o‘ziga jalb etib turadi.
- Yaqinda Turkiyada o‘tkazilgan katta musobaqada sovrinli o‘rinlardan birini band etdingiz. Faoliyatingiz davomida, yana qanday sovrinlarga ega chiqqansiz?
- Gimnastika bo‘yicha xalqaro sport ustasi unvonini qo‘lga kiritganman. Bir necha yillardan beri turli musobaqalarda muntazam ishtirok etib kelmoqdaman. 5 karra O‘zbekiston chempioni unvoniga ega bo‘ldim. Osiyo chempionatida oltin medal sohibasiga aylandim. Shunga qaramay, asosiy orzuim amalga oshgani yo‘q. Erishgan natijalarim tufayli yurtimiz bayrog‘ining jahon arenalarida yanada baland turishini istayman.
 
- Nega aynan gimnastikani tanlagansiz?
- To‘g‘risini aytsam, bolalik paytlarimda uchishni orzu qilganman. Nimani orzu qilishim bilan qiziqqanlarga doimo "parvoz qilish", deb javob berganman. Ulg‘aygach, xayol boshqa, hayot boshqa ekanligini anglab yetdim. Hozir murakkab vaziyatlar, to‘siqlarga qaramay ko‘zlagan maqsadim sari intilishni hayotimdagi shior qilib olganman. Shu omil sababli ham gimnastikani tanladim va u bilan umr yo‘llarimni bog‘ladim.
 
- Oldinda qanday musobaqalar sizni kutib turibdi?
- Tez orada bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan Osiyo chempionati va Osiyo o‘yinlari musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishimiz uchun har bir sportchi bilan xareograf, diyetolog va psixologlar ishlamoqda. Har kuni ikki mahal mashg‘ulot o‘tayapmiz. Barchasi a’lo darajada bormoqda. Nasib qilsa, yaqinlashib kelayotgan turnirda oltin medalni olib, O‘zbekistonga yorug‘ yuz bilan qaytishni rejalashtirganmiz.
 
- Sport gimnastikasi bilan shug‘ullanishni orzu qilayogan yoshlarga nimalarni maslahat bergan bo‘lar edingiz?
- Hech qachon, hech narsadan qo‘riqish kerak emas. Qo‘rquv har qanday sportga endi kirib kelgan yoshlarga o‘tib bo‘lmas to‘siq vazifasini bajarib beradi. Bu muammoni hal etishni istashsa, ko‘proq mashg‘ulotlarda ishtirok etishsin. Tinimsiz mehnat hech qachon besamar ketmaydi. U bir kunmas bir, albatta, o‘z mevasini beradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Uning jozibasi o‘zgacha! Ominaxon Halilova bilan intervyu