Krishtianu Ronaldu, Karim Benzema, Ngolo Kante… Yo‘q, bu yaqin yillardagi «Oltin to‘p» nomzodlari ro‘yxati emas, Saudiya Arabistoni chempionatida to‘p suradigan futbolchilar. Ortidan Firmino, Kulibali, Nevesh, Mendi, Brozovich kabi jiddiy nomlar bor. Obameyang, De Xea, Ikardi, Dias, Ziyosh, Verratti va hatto Neymar va Bernardu Silva bilan muzokaralar davom etyapti. Bu hali iyul oyi boshlanishi ekani inobatga olinsa, arablar hali to‘xtash niyatida emas. Xabarlarga ko‘ra, yangi yulduzlarni jalb qilish uchun mamlakatda yana 1 milliard dollar bor.
Yanvar oyidan «An Nasr»da o‘ynashni boshlagan Krishtianu Ronaldu liga yaqin yillarda dunyoning kuchli beshligidan joy olishini aytganida, bu gap haqiqatdan ancha yiroq tuyulgandi, hozir esa, bu haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish mumkindek. Twenty First Group analitik guruhi hisob-kitoblariga ko‘ra, liganing bugungi egallab turgan o‘rni – 58, nisbatan Shotlandiya premer ligasi hamda Italiya S seriyasiga yaqin turgan bo‘lsa-da, aynan legionerlar saviyasi bo‘yicha allaqachon kuchli yigirmatalikka kirib bo‘ldi, sarf qilinayotgan pul e’tibori bilan esa, Ronalduning taxminlariga ancha yaqin turibmiz.
Bu cheksiz pullar va katta oqim bizga yorqin kelajakdan ko‘ra, 2015-17 yillardagi Xitoy Superligasini eslatib yubormayaptimi? Yevropadan tashqaridagi har qanday loyiha oqibatda xuddi o‘sha natijaga olib kelishini taxmin qilish oson, ammo bu safar hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin. Eng kamida, o‘sha Xitoy tajribasi bilan ham muhim farqlar hozirdan mavjud.
Eslasangiz, Xitoydagi Superliganing tashkil qilinishi asosan futbol loyihasi edi. Hukumat futbolga katta pullarni jalb qilib, kuchli liga orqali Xitoy milliy jamoasini kuchaytirish, futbol dunyosidagi asosiy kuchlardan biriga aylanish maqsad qilingandi. Tabiiyki, futbol nuqtayi nazaridan, bunday keskin harakatlar natija berishi mushkul. Oddiy misol, asosan futbol faoliyatining so‘nggi yillarida bo‘lgan va katta pul ilinjida kelgan futbolchilar mahalliy futbolchilarga rejadagidek namuna bo‘lishi dargumon edi. Asosiy yo‘nalish milliy futbol va futbolchilarning o‘sishiga qaratilgani uchun avval legionerlarga bo‘lgan cheklovlar oshishi, keyin, xorijlik yulduzlarga sarflanadigan pullardagi chegaralar, eng oxirida esa, pandemiya muammolari barchasiga barham berdi.
Shu o‘rinda saudiyaliklarning loyihasi milliy futbol yoki milliy jamoaga emas, bevosita ligani rivojlantirishga qaratilgani muhim ahamiyat kasb etadi. Bu farq loyihaning eng boshidan oxirigacha ayni strategiyani qo‘llashga sharoit yaratadi, reja va qarorlardagi uzviylikni ta’minlab beradi. Masalan, avvaliga futbol yulduzlari uchun katta pullar sarflab, keyinchalik cheklovlar joriy qilish yoki oraliq natijalar sababli yo‘nalishni o‘zgartirish Saudiyaning loyihasida ko‘rmasak kerak.
Yana bir jihat – Krishtianu Ronalduning kelishining o‘zi liganing qo‘shimcha yana 125 davlat bilan translatsiya shartnomalariga ega bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Tan olish kerak, Xitoy Superligasiga Ronaldu yoki Benzema maqomidagi futbolchilar bormagan edi.
Asosiysi, Saudiya Arabistonidagi loyiha Xitoydagi kabi faqat futbolni rivojlantirish bilangina bog‘liq emas, umuman, mamlakatning Vision-2030 megaloyihasining bir qismi ekanini ham inobatga olish lozim. 2017 yil boshlarida ba’zi nuqtalar tahrirlangan holda tasdiqdan o‘tgan ushbu loyihaning tashabbuskori shahzoda Muhammad ibn Salmon shu orqali uch asosiy maqsadni ko‘zlagan:
- Saudiya Arabistoni iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, ya’ni neftga qaramlikka barham berib, boshqa daromadlarni olti barobar, xorijiy investitsiyalarni esa, ikki barobarga oshirish.
- madaniy an’analar bilan uyg‘un holda jamiyatni modernizatsiya qilish.
- qirollik obro‘-e’tibori va ta’sirini nafaqat Yaqin Sharq, balki jahon arenasida oshirish.
Shahzoda Saudiya Arabistoniga butun arab va islom dunyosi markazi maqomini olib berishni maqsad qilgan. Shuningdek, geografik joylashuvdan foydalanib, xududni katta investitsion markaz, xususan Osiyo, Yevropa va Afrikani bog‘lovchi ko‘prikka aylantirish rejasi mavjud. Umuman, BAA (Dubay) tajribasi, aynan futbol nuqtayi nazaridan olganda, Qatarning yutuqlari saudiyaliklarga optimizm ruhini berishi turgan gap. Zero, Saudiya Arabistoni aholi soni bo‘yicha Qatardan 15 barobar kattaroq ekani, futbolga bo‘lgan munosabat, umuman, Osiyodagi bu boradagi o‘rni borasida ham ustunlikka egaligi qo‘shimcha bonus.
«Bizning maqsad – kuchli, gurkirayotgan va barqaror Saudiya Arabistoni»,– degandi yetti yil oldin ibn Salmon – «qomus sifatida Islom, uslub sifatida toqatlilikni tanladik. Saudiya Arabistoni muvaffaqiyati zamirida toqatlilik, komillik, tartib, adolat va shaffoflik yotadi».
Saudiyaliklarning o‘z jamiyati uchun ancha radikal bo‘lgan bu yechimlarga murojaat qilishga undagan sabablar oddiy: 2010-yillarda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada sodir bo‘lgan «arab bahori» voqealari. Iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy imkoniyatlar kengayishi tarafdori bo‘lgan yoshlarning diniy va konservativ jamiyat cheklovlaridan zerikishi shunday oqibatlarga olib kelishi kuzatildi.
O‘n yil oldin Saudiya Arabistoni butun dunyoga yopilgan, qat’iy cheklovlar ostida biqiq yashagan, ayollar ishlashi, mashina boshqarishi mumkin emasdi, bunday qoidalar amal qilinishi esa diniy politsiya tomonidan qattiq nazorat ostiga olingandi. Odamlar turli jinoyatlar uchun qatl etilardi.
Vision-2030 bo‘yicha maqsadlar turli 11 dastur yordamida amalga oshiriladi. Har bir dastur bo‘yicha uchta besh yillik milliy loyihalar 2030 yilga o‘tish uchun xizmat qiladi. Misol uchun, ishsizlik 11,6 foizdan 7 foizga kamayishi, neft bilan bog‘liq bo‘lmagan daromadlar 16 foizdan 50 foizgacha oshishi, ayollarning umumiy ish kuchidagi ulugi 22 foizdan 30 foizga chiqishi va hokazo. Aytish mumkinki, bugungi kunga kelib ham ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishib bo‘lindi.
Islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, zero shahzoda inqilobiy yo‘lni maqsad qilmagan – jamiyat sekinlik va yumshoq yo‘l bilan tayyorlanib borishi kerakligini yaxshi tushunadi. Mamlakat aholisining 65 foizidan ko‘p qismi yoshlardan iborat bo‘lsa-da, aholi hali ham ancha konservativ ekani, tubdan o‘zgarishlarga tayyor emasligi ham sir emas.
2018 yildan ayollar mashina haydash, ta’lim olish va ishlash huquqiga ega bo‘lishdi – zamonaviy dunyo uchun bu odatiy hol bo‘lsa-da, Saudiya uchun katta qadam edi. 2019 yildan mamlakat sayyohlar uchun ochildi: bir qator turizm loyihalari paydo bo‘ldi, viza rejimi soddalashtirildi. Endi restoranlarda yigit va qiz nafaqat bir xonada, balki bir stolda ham birga o‘tirishi mumkin va buning uchun ularning nikohi shart emas. Yoshlar xorij musiqasini tinglashmoqda, Ar-Riyodda hatto texnofestivallar bo‘lib o‘tmoqda. Albatta, Saudiya hali BAA darajasidagi liberalizmdan ancha uzoq, ammo shu yo‘nalishda dadil qadamlar tashlanmoqda. Masalan, 2018 yilda 30 yillik taqiqdan so‘ng, kinoteatrlar ish boshladi, uch yil ichida 45 dan ortiq kinozallar ochildi, «Mediashahar» loyihasi ham rejalashtirilmoqda.
Tabiiyki, futbol katta strategiyaning eng muhim qismlaridan biri. Ronaldu esa bu yo‘ldagi katta qadam bo‘ldi. Sport siyosiy maqsadlar va imijni yaxshilash uchun ajoyib vosita ekanini podshohlikda juda yaxshi tushunib turishibdi.
Sport asosan PIF (Davlat investitsion fondi) tomonidan moliyalashtirilmoqda va fond rahbari shahzodaning o‘zi hisoblanadi. Sarflanishi kutilayotgan 7 trillion dollarning asosiy qismi ham shu fond hisobidan. PIF golf, «Formula-1» musobaqalariga investitsiya kiritdi, «Nyukasl»ni sotib oldi, 2022 yil sentabrida esa, Nintendo o‘yinlar kompaniyasi aksioneriga aylandi, shuningdek, Activision Blizzard, Electronic Ars, Take-Two Interactive, hamda Koei Tecmo kompaniyalarida ulushga ega.
Saudiya Arabistoni bir qator sport tadbirlariga mezbonlik qilib kelmoqda, 2023 yil oxirigacha oltita yirik musobaqa o‘tkaziladi, jumladan, dekabrda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati ham belgilangan. Bu hammasi emas, 2029 yilgi qishki Osiyo o‘yinlari qabul qilinadi – turnir Neomda qurilishi rejalashtirilgan, yilning barcha faslida foydalanish mumkin bo‘lgan qishki sport kompleksida bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan. Shuningdek, Ar-Riyod 2034 yilda yozgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi, bundan tashqari, saudlar JCh-2030 mezbonligi uchun ham da’vogarlar safida.
Ilgari barcha futbol klublari Sport vazirligi ixtiyorida bo‘lib, davlatning moliyaviy ko‘magiga muxtoj edi. 2016 yildan boshlab podshohlik klublarni xususiylashtirish va qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilish dasturini ishlab chiqdi. Jarayon 2020 yilda yakunlanishi ko‘zda tutilgandi, ammo pandemiya tufayli ortga surildi. 2023 yildan boshlab esa tezlashish kuzatilmoqda – to‘rt klub, jumladan, «An Nasr» va «Al Hilol» to‘liq PIF nazoratiga o‘tdi. Saudiya Arabistoni uchun bu dadil qadam, zero yangi loyiha xususiy investitsiyalar yordamida umumiy sport sohasini yaratishga qaratilgan.
Reja asosan uch yo‘nalishni qamrab oladi: jozibador investitsion muhitni yaratish, klublar boshqaruvini yaxshilash hamda infratuzilmaani yaxshilash evaziga raqobatbardoshlikni ta’minlash. Saudiyaliklar ko‘proq xorijiy investitsiyalarni jalb etishni maqsad qilishgan va buning uchun foydali tijoriy taklif kerakligi, ya’ni sanab o‘tilgan uch punkt bo‘yicha ish olib borish lozimligini yaxshi tushunishadi.
«Ilgari klublarda davlat ishtiroki katta bo‘lgan va asosan qarzlarni so‘ndirishga qaratilardi», – deydi SKEMA sport-bizness maktabi professori Saymon Chedvik – «endi esa, klublarni imkon qadar davlatdan mustaqil holda tijoriy va strategik tashkilotlarga aylantirishga urinishmoqda».
Bir qaraganda, hali ko‘p ishlar qog‘ozda, yaxshi ishlaydigan loyiha sifatida ko‘rinmoqda, ammo liga o‘z holicha emas, katta masshtabdagi strategiyaning bir qismi ekani umid beradi. Shu bilan birga, boshqarib bo‘lmas omillar ham mavjudligiga e’tibor qaratish kerak.
To‘g‘ri, loyiha aytaylik, Xitoy Superligasidan farq qiladi va shunday yakunlanishiga asoslar kam, lekin o‘ta optimistlar mengzayotgan kriket bo‘yicha Hindiston premer ligasiga yaqin kelishi ham imkonsiz. Ushbu musobaqa dunyoning eng zo‘r kriketchilarini qisqa muddat uchun yig‘ib, o‘ziga xos shou tashkil qilinadi. Futbolchilarning narxi qimmat ekani inobatga olinsa, bu kabi loyihani futbolda amalga oshirish imkonsiz. Misol uchun, Messini (Modrich, Ramos, Buskets) juda katta pulga ham qo‘lga kiritishning imkoni bo‘lmadi, barcha futbol yulduzlarini qo‘yavering.
Tan olish kerak, har qancha pul sarflanmasin, kuchli beshlik bilan yevrokuboklarsiz raqobat qilish qiyin, baribir Saudiyaga o‘zining so‘nggi shartnomasi uchun yoshi kattaroq yulduzlar, asosan pul uchun kelishda davom etaveradi. U yerda urilgan gollar, bahslar faqat yulduzlarning individual muxlislari uchun qiziq, «Al Hilol» chempion bo‘ladimi yoki «An Nasr», tarixiy kontekst yo‘q ekan, futbol olamida intriga yarata olishiga ham, faqat klublar o‘rtasidagi jahon chempionati orqali ligalarni solishtirish mumkinliga ham ishonish qiyin. Buni misol uchun AQShda tashkil etilgan MLS chempionatida ham ko‘rish mumkin. Har qancha yulduzlar o‘ynamasin, ko‘proq pul sarflanmasin, shou maqomidan ko‘tarilish qiyin, aytaylik, Argentina chempionatidagi «Boka» – «River» bahsi aynan tarixiy kontekst tufayli futbolroq bo‘laveradi.
Ronalduning bashoratiga kelsak, bizningcha, Saudiya Arabistoni allaqachon dunyoning muhim chempionatlaridan biriga aylanib bo‘ldi. Transfer bozoridagi Saudiya klublari tufayli «Chelsi» rejadan tashqaridagi futbolchilaridan oson qutulmoqda, Saudiya klublari tufayli, De Xea «Manchester Yunayted»ning har qanday shartiga rozi bo‘lishga muhtoj emas, dunyoning eng kuchli klubi «Manchester Siti» muxlislari eng yaxshi futbolchilaridan biri Bernardu Silva arablar taklifini qabul qilib qo‘yishidan xavotirda, o‘z nomiga ega bo‘lgan har qanday, ha, har qanday futbolchida muzokaralar uchun zaxira variant paydo bo‘ldi, qisqasi, allaqachon Saudiya pullari Yevropa futboli muvozanatiga ta’sir ko‘rsatishni boshladi. Bu yana davom etadi ham.
Faqat yozda. Har yili yozda.
Q.Aslanov tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring