07:02 / 18.01.2024
253

Bollivudda hamma narsaning yo‘lini qilish mumkin, futbolda-chi?

Bollivudda hamma narsaning yo‘lini qilish mumkin, futbolda-chi?

Bir vaqtlar og‘izdan tanobni qochiradigan romantik filmlar ishlashni qoyillatadigan Bollivud vatani vakillari endilikda futbollivud borasida ham raqobatga kirishishni boshlab yuborgan. Bir zamonlar yigirma nafar chamasi yigit bir davraga saf tortib, "La Ja La Ja" deb yurgan bo‘lsa, bugun ular singari o‘g‘lonlar maydonda turnaqator bo‘lib shug‘ullanishni boshlab yuborishgan. Kinoda banandan pistolet o‘rnidan foydalangan millat vakillari futbolda hozircha mo‘jiza ko‘rsata olgani yo‘q.

O‘zbekiston terma jamoasi uchun musobaqa omadli boshlanmadi. To‘g‘rirog‘i, omadsizlik qit’a birinchiligi startidan ilgariroq yuz berdi: terma jamoa yetakchisi jarohat olib, musobaqani televizor qarshisida kuzatadigan bo‘ldi. Biroq bu istagan terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazgan murabbiy uchun bahona bo‘lmasligi kerak. O‘rtoqlik uchrashuvlari asosiy tarkib bilan bir qatorda, unga o‘rinbosar tarkibni shakllantirish uchun xizmat qilishi kerak edi. Janob murabbiyimiz esa natijasi 88:0 bo‘lishidan qat’i nazar hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan o‘yinlarda ham asosan, bitta tarkib bilan harakat qildi va zaxira o‘yinchilarini yetarlicha sinab ko‘rmadi. 1-turda esa yo‘qotishlar ortidan Ali Valining, Vali Alining pozitsiyasida o‘ynashiga to‘g‘ri keldi.

Natijada, na ular o‘z o‘yinini ko‘rsata oldi, na chipta sotib olgan muxlislar tablodagi tuxumsimon raqamlarning o‘zgarishini ko‘ra oldi. Dastlabki turdan so‘ng futbolchilarimiz yetarlicha tanqidlarga uchradi. Ayniqsa, Farruh Sayfiyev va Jaloliddin Masharipov manzili tomon iliq bo‘lmagan so‘zlar yangradi. Biroq bu kabi tesha tegmagan so‘zlar hozirda faqatgina zararimizga ishlashi mumkin. Maktabdagi adabiyot darsligida muguzi bor Iskandar to‘g‘risidagi rivoyatni eslasangiz kerak. Mamlakatda qolgan oxirgi sartarosh ichidagi dardini faqatgina quduqqa ayta olardi. Bizda esa badjahl boshliqqa aytolmagan gaplardan xalos bo‘lish uchun quduq qidirib ovora bo‘lish shart emas, eshitishga butun boshli terma jamoamiz muntazir.

Aslida, muxlislarning fikrida jon bor, ular ham sevimli ishini bir chetga yig‘ishtirib turib, rafiqasi bilan uzoq vaqt televizor pultini talashib yoki boshqa chorasini topib, muxlislik qilsa-yu, salkam ikki soat davomida kutgan natijasiga erisha olmasa! Biroq terma jamoa futbolchilari mamlakatdan uzoqda muxlislar qo‘llab-quvvatloviga muhtoj hisoblanadi. Ular ham yangiliklardan xabardor bo‘lish bilan bir qatorda, kommentlarni ham o‘qishadi va bu ularning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yuqoridagi ikki futbolchi to‘g‘risida bejizga to‘xtalmadim. Ular ham siz-u biz kabi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hisoblanadi, eng asosiysi, ular asosiy tarkib futbolchilari sanaladi. Shu bois, ular hozirgi sharoitda haqoratdan ko‘ra ko‘proq daldaga muhtoj.

Masharipov hozirda jamoa sardori hisoblanadi va eng katta mas’uliyat aynan ushbu futbolchiga yuklatiladi. Vaziyat tashkil etishda asosiy ijrochilardan biri bo‘lgan futbolchi kutilganidek o‘yin namoyish eta olmagan bo‘lsa-da, qiyofamizni qalampir rangiga mos ko‘rinishga soladigan harakatlar amalga oshirmadi. Jumladan, o‘zbekistonlik yarim himoyachilar orasida eng ko‘p vaziyat yaratgan (2 ta) hamda raqibdan eng ko‘p to‘pni olib qo‘ygan (3 ta) futbolchi bo‘ldi. Qolaversa, Mashripovning jarohati hamda Shomurodov singari sherik yo‘qligi ham uning o‘yiniga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Sayfiyevning o‘yini chiqmagani ham yetarlicha sabab topiladi. Ulardan biri Alijonov zaxiriga olinishi tufayli chap qanotga moslashgan himoyachining o‘ziga noqulay bo‘lgan pozitsiyada harakat qilishi edi. Deyarli yarim himoyachi sifatida maydonda ter to‘kkan jamoadoshlari ichida eng ko‘p yakkakurashlarda yutib chiqqan o‘yinchi bo‘ldi (8 ta). Shu jumladan, ikkinchi qavatdagi kurashlarda yengib chiqish borasida ham Sayfiyev eng yaxshi natijani qayd etgan (4 ta).

Albatta, bu futbolchilarning ko‘rsatkichi xafa qiladigan jihatlari ham talaygina, biroq hozir buning mavridi emas, yakuniy xulosani turnirdan keyin chiqarish to‘g‘riroq bo‘lardi.

Hindiston ko‘pchilik oson raqib bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Aslida, unday emas. Jamoaning 1-turdagi o‘yiniga qarab baho berish ham to‘g‘ri emas. Avstraliyadek raqib kerak bo‘lsa, bizni ham o‘z yarim maydoniga qamal qilib qo‘yishi mumkin.

Xorvatiyalik mutaxassis Igor Shtimas boshqarayotgan jamoa o‘tgan yil ikki marotaba Kuvaytni "yer tishlatdi" hamda Qirol kubogi doirasida Iroq bilan jangovar durang qayd etdi.

Qolaversa, yaqinda "Real Madrid" "Barselona"ni qay ahvolga solgan bo‘lsa, okean qirg‘og‘ida joylashgan yarimorol mamlakati saralash bosqichida Gongkong, Afg‘oniston va Kambodja bilan xuddi shu ishni takrorladi.

"Moviy yo‘lbarslar" bilan hozirga qadar 5 marotaba to‘qnash kelgan hamyurtlarimiz to‘rttasida raqibning peshonasidagi ajinlari sonini ko‘payishiga sababchi bo‘lgan, yana bir o‘yinda esa kuchlar teng kelgan.

Jamoaning barcha shunqorlari mahalliy chempionatda to‘p tepadi. Bu esa ularning tezda bir-birini tushunib olishiga yordam beradi. Qolaversa, futbolga investitsiyalar kiritilmoqda. Jumladan, Osiyo Chempionlar ligasida "Navbahor" bilan bir guruhda ishtirok etgan "Mumbay Siti" klubining 65% aksiyasi "Manchester Siti", "Jirona" kabi yetakchi klublarga egalik qiladigan City Football Group ixtiyorida jamlangan.

Shuningdek, tarkibda tajribali futbolchilar bilan bir qator ko‘pgina yoshlar ham jamlangan, bu esa jismoniy tarafdan jamoaga foyda keltiradi.

Qolaversa, Hindistonni musobaqaning norasmiy ikkinchi mezboni deyish ham mumkin. Sababi, taxminan 3 million kishi istiqomat qiladigan Qatarning 750 ming aholisini hindlar tashkil etadi. Bu esa Hindiston ishtirokidagi o‘yinlarda stadionning hindlar bilan to‘lishi hamda ularning 12-futbolchi bo‘lib berishini anglatadi. Demak, garchand Qatarda bo‘lmasangiz-da, ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoani qo‘llab-quvvatlashingiz muhim ahamiyatga ega.

Biroq qancha kuchli taraflarini sanamaylik, Hindiston O‘zbekistondan kuchsiz raqib sanaladi, shu bois terma jamoamizdan faqat va faqat g‘alaba kutiladi. Raqib jamoa yilni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazganiga qaramay, yil so‘ngida "benzini o‘tirib qoldi". Biz daraxtsozlardan iborat Toshkentni qanchalik sog‘insak, hindistonliklar ham g‘alabaga shunchalik intiq bo‘lishmoqda.

Xullas, ertangi o‘yin, umuman musobaqa so‘ngiga qadar futbolga shinavanda ishqibozlardan tishlarini tishlariga qo‘ygancha qo‘llab-quvvatlashlarini iltimos qilib qolardim. G‘alabani siz kabi biz ham xohlaymiz, biroq qo‘limizdan kelgani shu, xolos.

Katta ehtimol, bugun tavallud ayyomini nishonlayotgan Farruh Sayfiyev kelgusi uchrashuvda maydonga tushiriladi. Farruh akaning shaxsiy xabarnomasiga tug‘ilgan kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigingiz, ehtimol, uning ertaga ikki karra kuch bilan harakat qilishiga sabab bo‘ladi. Masharipov ham boshlang‘ich tarkibda maydonga tushsa kerak. Ko‘p narsa jamoa sardoriga ham bog‘liq. Shuningdek, Fayzullayev, Sergeyev, Abdixoliqov singari tinib-tinchimas o‘g‘lonlarimizga ham yetarlicha imkoniyat taqdim etiladi degan umiddaman. Shu bois, mamlakat uchun barchamizning qo‘llovimiz darkor. Sarhisobni esa musobaqadan keyin qilamiz.

Poster muallifi: Muxtasar Umarova

Katanetsga esa savollar talaygina, biroq hozirdan xulosa chiqarishga erta. Ehtimol, sloveniyalik mutaxassis turnir davomida tilimizni tishlashga majbur qilar. Bo‘lajak uchrashuv ko‘p narsaga oydinlik kiritib beradi. Umid qilamanki, Hindiston, yana bir marta takrorlayman, Hindistonga qarshi o‘yinda tarkibimizda hujumchi bor ekanligini esdan chiqarib qo‘ymaydi.

Futbolchilar jurnalistlarni yoqtirmasligi mumkin, biroq muxlislarini yaxshi ko‘rishadi.


 Muallif: Oqil Abdubarnoyev


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bollivudda hamma narsaning yo‘lini qilish mumkin, futbolda-chi?