Elon Musk OpenAI'ni Tesla tarkibiga qo'shmoqchi bo'lgan

Oklenddagi federal sudda bo'lib o'tgan tinglovlarda Elon Musk bir vaqtlar Sam Altman'ni Tesla direktorlar kengashiga taklif qilmoqchi bo'lgani ma'lum bo'ldi. OpenAI sobiq kengash a'zosi va Muskning yaqin safdoshi Shivon Zilis 2017-yil oxirlarida shunday muhokamalar bo'lganini tasdiqladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
O'sha davrda Musk va OpenAI asoschilari tashkilotning kelajagi hamda hisoblash quvvatlarini moliyalashtirish masalalarini muhokama qilishayotgan edi. Musk OpenAI'ni o'zining Tesla kompaniyasiga qarashli sho'ba korxonaga aylantirish va u yerda sun'iy intellekt laboratoriyasini tashkil etish g'oyasini ilgari surgan.
OpenAI huquqshunoslari ushbu harakatni Muskning sun'iy intellekt texnologiyalarini o'z nazoratiga olish va ularni Tesla tizimiga integratsiya qilishga bo'lgan urinishi deb baholamoqda. Ularning ta'kidlashicha, Musk Altman'ni o'z missiyasidan voz kechib, Tesla'ga qo'shilishga ko'ndirmoqchi bo'lgan.
O'z navbatida, Elon Musk sud jarayonida OpenAI'ni dastlab notijoriy tashkilot sifatida o'zi asoslaganini va uning maqsadi insoniyatga xizmat qilish bo'lganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, Sam Altman kompaniya notijoriy maqomda qolishiga va'da bergan, biroq keyinchalik bu va'dasidan qaytgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!