Bugun, 6 iyun kuni O‘zbekiston milliy jamoasi JCH-2026 saralashining 2-bosqichida navbatdagi o‘yinini o‘tkazadi. Vakillarimiz keyingi bosqich masalasini hal qilishgan, ya’ni Turkmaniston va Eron bilan o‘yinlar amalda muxlislarni xursand qilish va reytingdagi ochkolardan boshqa hech narsa bermaydi. Shu o‘rinda milliy jamoalar bo‘yicha FIFA reytingi, uning saralash musobaqalarga ta’siri va balki nimalarni o‘zgartirish mumkinligi haqida so‘z yuritiladi.
Avvalo aytish kerakki, 3-saralash bosqichi to‘g‘ridan to‘g‘ri JCH yo‘llanmasini taqdim etadigan bosqich hisoblanadi va tabiiyki, biz kabi jamoalar uchun bu yerdagi guruhlar tarkibi, kimlar bizga raqib bo‘lishi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qur’a paytida jamoalarni savatchalarga bo‘lishda ularning FIFA reytingi asos qilib olinar ekan, demak, qur’a natijalari uchun ham ushbu reyting nihoyatda muhim. Xo‘sh, biz qaysi savatdamiz, bizga kimlar raqib bo‘lishi mumkin hamda biz qolgan ikki turda vaziyatni yaxshilab, yuqoriroqqa ko‘tarilish imkoniga egamizmi?
Ayni paytda 3-bosqichga chiqish imkoniyatini saqlab qolgan milliy jamoalar bo‘yicha ehtimoliy savatchalar quyidagicha:
1. Yaponiya (reyting ochkosi 1621.88), Eron (1612.96), Janubiy Koreya (1563.99);
2. Avstraliya (1563.93), Qatar (1507.94), Saudiya Arabistoni (1443.53);
3. Iroq (1420.47), O‘zbekiston (1386.58), BAA (1366.45);
4. Iordaniya (1350.21), Ummon (1323.23), Bahrayn (1307.53);
5. Xitoy (1275.22), Suriya (1266.52), Falastin (1238.66), Tojikiston (1216.76);
6. Qirg‘iziston (1213.6), Tailand (1208.93), Vetnam (1164.54), Shimoliy Koreya (1160.57), Livan (1158.96), Hindiston (1145.84), Indoneziya (1102.7), Malayziya (1094.54).
Demak, 3-bosqichda biz yuqoridagi har bir savatchadan bittadan jamoadan iborat bo‘lgan guruhda to‘p suramiz. Tabiiyki, qanchalik yuqoriroq savatchadan o‘rin olsak, kuchliroq raqiblarni chetlab o‘tish imkoniyati shunchalik ko‘proq bo‘ladi.
Taniqli mutaxassis Alisher Nikimbayev o‘z telegram-kanalida yozishicha, O‘zbekiston 2-savatchaga ko‘tarilishi uchun bir qator ehtimoli kam voqealar sodir bo‘lishi kerak. Birinchisi, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni 3-bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmasa, O‘zbekiston Iroq bilan birgalikda 2-savatchaga ko‘tarilishi mumkin. Ammo bu ish sodir bo‘lishi qiyin, bu jamoalar hatto oxirgi ikki o‘yinni boy berishsa ham, 3-bosqichga chiqishi mumkin.
Ikkinchi variant, oxirgi o‘yinlardagi natijalar orqali ochkolar bo‘yicha ikki jamoani quvib o‘tish. Buning uchun O‘zbekiston Turkmaniston va Eron ustidan g‘alaba qozonishi, shuningdek, Iroq ikki o‘yinda 1 ochkodan ko‘p olmasligi, Saudiya Arabistoni esa, har ikki o‘yinni yutqazishi kerak. Bunga ishonish juda qiyin (maqola yozilayotgan paytda Iroq Indoneziyani 2:0 hisobida yengdi).
Demak, O‘zbekiston 3-bosqich qur’asi paytida 3-savatchada bo‘ladi va Yaponiya, Eron, Koreya, Avstraliya, Qatar va Saudiya milliy jamoalari ichida ikkitasi bilan bir guruhda to‘p suradi.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Osiyoda 3-saralash bosqichi qur’asi paytida savatchalar FIFA reytingiga qarab ajratilishi noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Mazkur siklni yaxshiroq o‘tkazayotgan jamoalar rag‘batlantirilishi, ya’ni 2-bosqichda guruhda egallagan o‘rinlarga qaralishi maqsadga muvofiqroq bo‘lardi.
Bu variantning yana bir yaxshi tomoni, guruhlarda 1-o‘rin uchun ham kurash bo‘lishi, dastlabki bosqich guruhlarida, ayniqsa so‘nggi turlarda intriga saqlanib qolinishi mumkin edi. Masalan, ayni paytda O‘zbekiston va Eron keyingi bosqich masalasini hal qilib bo‘lgan, hatto qaysi savatchalarda o‘rin olinishi ham ma’lum. Agar 3-bosqich qur’asida savatchalar guruhdagi egallagan o‘rinlarga qarab shakllanganda, oxirgi turda Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi uchrashuv guruh g‘olibligi uchun kurashga aylanib ketardi. Ya’ni bu Osiyo miqyosdagi musobaqani yanada qiziqarliroq qiladi.
Shubhasiz, reyting ham kerakli, nafaqat FIFA, UYEFAda ham klublar miqyosdagi turnirlarda ham bunday usuldan foydalanishadi. Ammo bu yerda bir farq bor.
Masalan, Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga qur’a tashlanganda klublarning va chempionatlarning reytingi inobatga olinadi. Yevropa jamoalarining JCH saralash o‘yinlarida ham guruhlarga bo‘linayotganda UYEFA reytingiga asosan savatchalar aniqlanadi. Ammo e’tibor bersangiz, bu turnirning boshlanish paytidagi jarayon. Yevropada saralash o‘yinlari o‘zi bir bosqichli formatda o‘tadi. Chempionlar Ligasi pley-off qur’asida esa, klublar reytingi endi hech narsani hal qilmaydi, guruhda qaysi jamoa nechanchi o‘rinni olganiga qarab ikki tomonga ajratiladi. «PSJ» o‘z guruhida 2-o‘rinni olsa, ikkinchi savatchadan, aytaylik, «PSV» o‘z guruhida 1-o‘rinni olsa, birinchi savatchadan joy egallaydi. Bu yerda Niderlandiya klubi klublar reytingida «PSJ»dan qanchalik pastroqda ekani inobatga olinmaydi.
Osiyodagi jahon chempionati saralash o‘yinlari bir necha bosqichlardan iborat yaxlit bir musobaqa ekanini inobatga olsak, bosqichlar orasidagi qur’alar aynan shu turnirdagi ishtirok, avvalgi guruhlarda egallagan o‘ringa qarab amalga oshirilishi adolatliroq bo‘lardi, deb o‘ylayman. Esingizda bo‘lsa, JCH-2014 saralash o‘yinlarida biz Yaponiyani ham ortda qoldirib, guruhda birinchi o‘rinni olganmiz, ammo keyingi bosqich qur’asida biz emas, yaponlar birinchi savatchadan o‘rin egallashgan.
Albatta, bu ishning qog‘ozdagi qismi. Aslida boshqacharoq yo‘l ham bor. Masalan, O‘zbekiston milliy jamoasi bu safar qiyinroq bo‘lsa-da, jahon chempionatiga chiqadi, keyingi sikllarda ham barqaror natijalarni qayd etadi va reytingda ko‘tariladi. Ana shunda biz xuddi Yaponiya yoki Eron singari doimiy ravishda yuqoriroq savatchalardan joy egallayveramiz va buning adolatsiz ekani haqida nolishni boshqa mamlakatlar jurnalistlariga qo‘yib beramiz.
Q.Aslanov
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»