date

Davlat 2026 yildan sug‘orish xarajatlarining yarmini qoplaydi

Davlat 2026 yildan sug‘orish xarajatlarining yarmini qoplaydi

2026 yil 1 yanvardan mamlakatda qishloq xo‘jaligi sohasida muhim o‘zgarishlar amalga oshadi. Endi ozuqabop va moyli ekinlar yetishtiruvchi, sug‘orish jarayonida nasos agregatlaridan foydalanadigan fermerlar hamda agrar subyektlar sarflagan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu haqdagi mexanizm Prezidentning PQ–322-sonli qarori bilan belgilandi.

Qarorda asosiy maqsad sifatida mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini barqaror ta’minlash va fermer xo‘jaliklarining moliyaviy bosimini yengillashtirish ko‘zda tutilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, sug‘orish uchun nasos agregatlaridan foydalangan subyektlar — ya’ni o‘z balansida sug‘orish uskunalari mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklari — sarflangan elektr energiyasi uchun qilingan to‘lovning yarmini davlat byudjeti hisobidan qayta oladi. Bu esa sug‘orish jarayonlarini arzonlashtirish, hosildorlikni oshirish va agrar sohani moliyaviy barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

Prezident qarorida shuningdek, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga qo‘shimcha moliyaviy yordam mexanizmi ham nazarda tutilgan. Ularga tijorat banklari orqali hosil qiymatining 50 foizigacha miqdorda 12 oylik muddat bilan yillik 12 foiz stavkada imtiyozli kreditlar taqdim etiladi.

Bu kreditlar fermerlar uchun mavsum davomida yetishtirish va qayta ishlash xarajatlarini yengillashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrdan 2030 yil 31 dekabrgacha “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ orqali kredit foiz xarajatlarini qoplash tizimi joriy etiladi.

Bunda milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizdan yuqori, biroq 10 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi (asosiy stavka 2 barobaridan oshmagan holda).

Xorijiy valyutadagi kreditlar uchun esa — 8 foizdan yuqori, biroq 4 foizgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan yopiladi.

Bu choralar fermerlar va agrar korxonalar uchun katta yengillik bo‘lishi kutilmoqda. Sug‘orish tizimidagi xarajatlarning yarmi davlat hisobiga o‘tkazilishi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunday yordam orqali ko‘plab dehqon va fermer xo‘jaliklari o‘z faoliyatini kengaytiradi, hosildorlikni oshiradi va ichki bozordagi oziq-ovqat narxlarining barqarorligi ta’minlanadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur qaror amalga oshirilsa, mamlakat qishloq xo‘jaligidagi resurs tejamkorligi yangi bosqichga ko‘tariladi. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy ko‘mak fermerlarni sug‘orish texnologiyalarini modernizatsiya qilishga, zamonaviy energiya tejaydigan nasoslardan foydalanishga va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga undaydi.

Shu tariqa, PQ–322 qarori nafaqat fermerlar, balki butun mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davlat 2026 yildan sug‘orish xarajatlarining yarmini qoplaydi