"Jahon chempionati har qachongidan yaqin". 27 iyun kuni bo‘lib o‘tgan qur’a tashlash marosimidan so‘ng ko‘pchilik shu gapni ayta boshladi.
27 iyun - yurtimizda OAV xodimlari va jurnalistlar kasb bayrami nishonlanayotgan bir paytda OFK qarorgohida JCH-2026 saralash bosqichining hal qiluvchi 3-raundiga qur’a tashlandi.
Toshkent vaqti bilan 12:00da start olgan qur’a marosimini ko‘pchilik katta qiziqish bilan kuzatib bordi. Chunki bu raund yakunida biz to‘g‘ridan to‘g‘ri jahon chempionatiga yo‘l oladigan 6ta jamoa nomini bilib olamiz.
O‘zbekiston - "A" guruhida
Qur’adan avval jamoalar FIFA reytingining 2024 yil 20 iyun holatiga ko‘ra, uchtadan 6ta savatchaga ajratildi. Bu degani biz Saudiya Arabistoni va Iordaniya bilan bir savatchada (ya’ni, 3-savatda) bo‘lganimiz bois bu ikki jamoa bilan bitta guruhga tushmasligimiz aniq edi.
OFK qur’a tizimiga xos ravishda eng quyi savatchadan jamoalarni tortishni boshladi. UZBEKISTAN yozuvi tortilib, "A" guruhidan joy olganimizda KXDR (Shimoliy Koreya), Qirg‘iz Respublikasi (Qirg‘iziston) va BAA (Birlashgan Arab Amirliklari) allaqachon bu guruhga tushib bo‘lgandi. Raqiblarni ko‘rib birmuncha yengil tin oldik. Har holda bemalol o‘ynasa bo‘ladi.
Keyin esa ichki xavotir bilan birinchi va ikkinchi savatchadagi eng kuchli raqiblarni kuta boshladik. 2-savatchada Avstraliya, Qatar va Iroq bor bo‘lib, biz uchun Iroq yoki Qatar tushishining farqi yo‘q edi, chunki ikkalasi ham deyarli teng raqib. To‘g‘ri, Qatar - Osiyo chempioni, lekin bu ham ularning Iroqdan yaqqol ustun ekanligini ko‘rsatmaydi. Muhimi, Avstraliya tushmasa bo‘lgani edi... Yo‘q, qo‘rqqanimizdan emas, balki yo‘l uzoqligidan. Axir 14-16 soat uchishga to‘g‘ri kelardi, yana bir tomonga.
Xayriyat, Avstraliya bizni chetlab o‘tdi va qur’a bizga Qatarni ro‘baro‘ qildi. Endi navbat 1-savatchadagi raqibni kutish qoldi. Bu savatchadan Yaponiya, Janubiy Koreya va Eron joy olgan bo‘lib, uchalasi ham kuchli va yaxshi futbol namoyish etadigan mamlakat hisoblanadi. Yaponiya yoki Janubiy Koreya tushsa, darhol guruh favoritiga aylanadi-qo‘yadi. Toki guruh o‘yinlari tugamaguncha shuni o‘ylab yuraveramiz.
Qur’a bu tomonlama ham biz uchun omadli kelib, Eronni ro‘baro‘ qildi. Ular bizni qanchalik yaxshi bilsa, biz ham ularni shuncha bilamiz. Bir so‘z bilan aytganda, eski tanishlar to‘qnashuvi. Yaqindagina ular bilan o‘ynab ko‘rdik, ya’ni, saralashning ikkinchi bosqichida. Toshkentda 2:2 va Tehronda 0:0. Ayniqsa, o‘zimizdagi o‘yin zo‘r bo‘lgandi. Sergeyevning bahs tugashiga kam vaqt qolganida gol urib, ajoyib "kambek"ni amalga oshirganimiz hamon yodimizda.
Xullas, har ikkala o‘yin durang natija bilan yakun topib, g‘olib aniqlanmagani boismi, uchinchi bosqichda yana Eron terma jamoasi bilan kurash olib boradigan bo‘ldik. Yana bir qiziq ma’lumot, ikkinchi bosqichda har ikki jamoa bir xil 14 ochkodan to‘pladi va faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra, Eron guruhda birinchi o‘rinni egalladi.
Uyda boshlaymiz, uyda tugatamiz
Saralashning uchinchi bosqichiga qur’a tashlab bo‘lingach, guruh o‘yinlari taqvimi ham tayyor bo‘ldi. Dastlabki bahsni 5 sentyabr kuni Toshkentda KXDRga qarshi o‘tkazamiz. Guruhdagi oxirgi o‘yinni ham Toshkentda o‘tkazamiz: kelasi yilning 10 iyun sanasida Qatarga qarshi.
Guruhdagi barcha uy uchrashuvlarini "Bunyodkor" stadionida o‘tkazishimiz OFKga ma’lumot sifatida berilgan. Ilk turda KXDRni yutib olsak, so‘ngra oradan 5 kun o‘tib Bishkekda Qirg‘iziston bilan bahs olib boramiz. Mana shu ikkita o‘yinda qo‘lga kiritilajak 6 ochko biz uchun juda muhim. Chunki 3-turda asosiy raqiblardan biri Eronni qabul qilamiz. Har holda Eron bilan o‘yinga ko‘tarinki kayfiyatda borsak yaxshi-da.
Ushbu yil oxiriga qadar 6ta uchrashuvda maydonga tushamiz. Shundan uchtasi o‘z maydonimizda bo‘ladi: KXDR, Eron va BAAga qarshi. Yana 3ta bellashuvni safarda o‘tkazamiz: Qirg‘iziston, Qatar va KXDR bilan. KXDRga qarshi uy-mehmon tarzidagi ikkita bahsni ham shu yilning o‘zidayoq o‘tkazamiz. Faqat hozircha safar uchrashuvi qayerda bo‘lishi to‘liq ma’lum emas.
Shunda 2025 yilga to‘rtta o‘yinimiz qoladi: ikkita uy, ikkita safar. Uyda Qirg‘iziston bilan Qatarni qabul qilsak, safarda Eron va BAA mehmoni bo‘lamiz. Tan olaylik, jahon chempionatiga har qachongidan yaqinmiz, lekin ancha qiyin yo‘lning boshida turganimizni ham unutmaylik. Yevropa chempionatida ko‘ryapmiz, hech bir jamoa osonlikcha taslim bo‘lmayapti. Hamma futbol o‘ynashni o‘rganib oldi. Kuchli mutaxassislarning dunyo bo‘ylab tarqalishi futbol rivojiga juda katta turtki bo‘lyapti.
O‘yinlar boshlanar mahal agar o‘zimizda muammo bo‘lmasa, har qanday raqib bilan o‘ynay olamiz. Ko‘plab futbolchilarning chetga ketishi qo‘rqmay futbol o‘ynay olishimizga sabab bo‘lyapti, buyoqda ichki chempionatda raqobat oshishi ham terma jamoaga katta yordam beryapti. Eng muhimi, biz qo‘rquvni yo‘qotdik, shuning uchun ham natijalarimiz tobora yaxshilanib borishiga ishonch bilan qaray olamiz.
Kelasi yil shu payt O‘zbekiston terma jamoasining to‘rtinchi saralash bosqichidagi emas, balki jahon chempionatidagi raqiblari kim bo‘larkin degan o‘y bilan xushkayfiyatda yurish hammamizga nasib etsin.
P.S. Unutib qo‘ymaslik uchun taqvimni yana bir bor keltirib o‘tamiz.
1-tur. 5 sentyabr. O‘zbekiston - KXDR
2-tur. 10 sentyabr. Qirg‘iziston - O‘zbekiston
3-tur. 10 oktyabr. O‘zbekiston - Eron
4-tur. 15 oktyabr. O‘zbekiston - BAA
5-tur. 14 noyabr. Qatar - O‘zbekiston
6-tur. 19 noyabr. KXDR - O‘zbekiston
7-tur. 20 mart. O‘zbekiston - Qirg‘iziston
8-tur. 25 mart. Eron - O‘zbekiston
9-tur. 5 iyun. BAA - O‘zbekiston
10-tur. 10 iyun. O‘zbekiston - Qatar
Xayrulla Xoliqov
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi