date

Markaziy bank rahbari so‘m kursidagi o‘zgarishlarni izohladi

Markaziy bank rahbari so‘m kursidagi o‘zgarishlarni izohladi

Markaziy bankda o‘tkazilgan matbuot anjumanida moliya tizimidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Asosiy e’tibor milliy valyuta — so‘mning almashinuv kursi va uning hozirgi holatiga qaratildi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetov o‘z nutqida almashuv kursining to‘liq bozor tamoyillari asosida, ya’ni talab va taklif orqali shakllanishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank kursga maqsadli ko‘rsatkichlar belgilamaydi va unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashmaydi.

Ishmetov ma’lum qilishicha, yil boshidan buyon so‘m nominal jihatdan 3–4 foizga mustahkamlangan. Buning asosiy sabablari sifatida xorijiy valyuta taklifining keskin ko‘paygani qayd etildi. Masalan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida oltinsiz eksport qariyb 20 foizga o‘sgan bo‘lsa, umumiy eksport hajmi 20,4 milliard dollarga yetib, 37 foizlik o‘sishni ko‘rsatdi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalar va qarzlar oqimi ham sezilarli ravishda ko‘payib, yarim yil ichida 8,5 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirilgani qayd etildi.

Yanvar-avgust oylarida pul o‘tkazmalari ham 12,1 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, banklar tomonidan aholiga sotilgan valyuta miqdori kamaygan bo‘lsa-da, jismoniy shaxslardan xarid qilingan valyuta hajmi ancha yuqori bo‘lib, 5,6 milliard dollar tafovut qayd etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga qaraganda 40 foizga yuqori.

Markaziy bank rahbariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda dollar jahondagi ko‘plab valyutalarga nisbatan 9–10 foizga qadrsizlangan. O‘zbekistonda esa ichki valyuta bozorining infratuzilmasi takomillashib, “market maker” funksiyalari samarali ishlayotgani va bozordagi faollikning ortishi milliy valyutani tashqi ta’sirlarga nisbatan chidamliroq qilgan.

“Almashuv kursi tebranuvchanligi oshishi milliy valyutaning uzluksiz qadrsizlanishi haqidagi kutilmalarni pasaytiradi. Bu tadbirkorlik subyektlarini valyuta xatarlaridan asraydi, iqtisodiyotda dollarlashuv darajasini pasaytiradi va pul-kredit siyosati samaradorligini kuchaytiradi”, — deya ta’kidladi Timur Ishmetov.

Shu bilan birga, so‘m nominal jihatdan mustahkamlan-sa-da, real almashinuv kursi yil boshidan buyon 4 foizga qadrsizlangan. Bu holat ichki inflyatsiyaning yuqori darajada saqlanishi hamda asosiy savdo sheriklari valyutalarining so‘mga nisbatan ko‘proq mustahkamlanishi orqali yuzaga keldi.

“Savdo hamkorlarida kuzatilayotgan iqtisodiy tendensiyalar va umumiy kutilmalarni hisobga olgan holda, so‘mning real almashinuv kursiga keskin bosimlar bo‘lishi ehtimoli past”, — deya qo‘shimcha qildi Markaziy bank raisi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Markaziy bank rahbari so‘m kursidagi o‘zgarishlarni izohladi