19:16 / 20.08.2024
93

Svetlana Osipova: “Olimpiada sabab jarrohlik amaliyotini kechiktirdik”

Svetlana Osipova: “Olimpiada sabab jarrohlik amaliyotini kechiktirdik”
Parij Olimpiadasida ayollar o‘rtasida taekvondo bo‘yicha kumush medal sohibi Svetlana Osipova Sports'ga bergan intervyusida o‘zbek tilini qanday o‘rgangani, Olimpiada oldidan olgan jarohati va final jangi haqida fikr bildirdi.

Foto: Getty Images
Sportchining savollarga o‘zbek tilida aniq, ravon javob berishi hayron qoldirdi.

15 yoshimda taekvondo bilan shug‘ullanishni boshlaganman. Birinchi murabbiyim Pahlavon Sobirov hisoblanadi. Mashg‘ulotlar Olimpiya kollejida bo‘lardi. O‘sha paytda birorta ham sportchi rus tilini bilmasdi. Faqatgina murabbiyim men bilan rus tilida gaplashar edi. Men o‘zbekchani bilmasam qanday gaplashaman deb o‘ylardim. Qarasam, iloji yo‘q. Kichkina “razgovornik” (so‘zlashgich) sotib olganman. O‘shanda so‘z birikmalari, gaplar bor edi. Shunday qilib o‘rganganman. Keyin seriallar orqali yaxshiroq o‘rgandim”.

Foto: Instagram
Parij Olimpiadasidan oldin litsenzion turnirlar va Jahon chempionatlari bo‘lib o‘tadi. Svetlana shunday turnirlardan birida jarohat olganini ma’lum qildi.

Eng kuchli sportchilar yig‘iladigan Gran-pri musobaqasi koreys raqibimga qarshi harakatda oyog‘imni noto‘g‘ri qo‘yish oqibatida jarohat oldim. Murabbiyim, agar jarohat olmaganimda, birinchi o‘rinni olishim mumkinligini aytdi.

Musobaqadan so‘ng Toshkentga qaytib keldim. Aeroportdan to‘g‘ri shifoxonaga yo‘l oldik. Rentgen va MRT tekshiruvini amalga oshirdik. Shifokorlar jarrohlik amaliyotini o‘tkazishim kerakligini, bo‘lmasa tuzatishning iloji yo‘qligini aytdi. Taekvondo federatsiyamizda shifokorimiz bor. U Germaniyada tanish mutaxassisi borligini, aynan shu tizza “svyazka”lari bilan ishlashini aytdi. Biz rasmlarni yubordik. Ular ko‘rib, ikki oy oyoqqa dam berish kerakligini aytdi. Oyog‘imga “shina” taqishdi. Umuman qimirlata olmaysiz, na tekis qilolasiz, na bukolasiz. Hattoki, yurish mumkin emasdi.

Tasavvur qiling, ikki oy yotishim kerak edi. Dekabrda, bayramlar, yil yakuni bilan chalg‘idim. Yanvar oyida hamma mashg‘ulotlarni boshladi. Terma jamoa a’zolari Turkiyaga ketdi. Men Toshkentda qoldim. Uyda, to‘rt devor Ichida qoldim. Faqat yuqoriga qarab yotardim. Vaqt o‘tmasdi. Ruhan juda qiynaldim. Ota-onam qo‘llab-quvvatladi. Murabbiyim har kuni qo‘ng‘iroq qilib dalda berdi.

Ikki oydan keyin MRT tekshiruvini yana o‘tkazdik. Germaniyalik doktorga aloqaga chiqdik. Shifokorlar Germaniyaga kelishim shartligini aytdi. U yerda maxsus texnikalar bilan oyog‘imni bukib tekshirib ko‘rishdi. Shundan so‘ng menga jarrohlik amaliyoti kerakligini aytdi. Agar hozir operatsiya qilishsa, avgust oyidan mashg‘ulotlarga qayta olishim mumkin ekan. Sababi tizzadagi “svyazka”ni davolash uchun boshqa joydan kesib jarohatga qo‘yar ekan. Shifokor bu jarrohlikni kechiktirishni tavsiya qildi, sababi agar bu amaliyot amalga oshsa, yana ikki oy harakat qilish mumkin bo‘lmaydi.

Murabbiylar bilan jarrohlik amaliyotini keyinroqqa qoldirish qaroriga keldik. O‘zbekistonga kelib yarim oydan keyin “shina”ni yechdim. Har kuni 20 ming qadam yurdim. Sababi oyog‘im qotib qolgan edi. Aprel oyiga yaqin mashg‘ulotlarga qaytdim
”.

Foto: Instagram
Sportchi may oyidan musobaqaga qatnashgani va Vetnamga borganini va shu tariqa sportga qaytaganini esladi.

May oyida Osiyo chempionatida qatnashish uchun Vetnamga bordik. U yerda 3-o‘rinni egalladim. To‘g‘ri, zo‘r natija emas, ammo federatsiya va murabbiylar va o‘zim ham sportga qaytganimni his qildik. Xatolar va ruhiy holatimni bilib oldim.

3 haftadan so‘ng harbiylar o‘rtasida Jahon chempionatida qatnashdim. U yerda ikkinchi o‘rinni oldim. Murabbiylarim bu musobaqada ancha yaxshi qatnashganimni aytdi. Turkiyada jismoniy tayyorgarligimni yaxshilash uchun 3 hafta terma jamoa yig‘inida qatnashdim. Turkiyada Olimpiada uchun yetarli darajada tayyor holatga kelganmiz. Qaytgach, Toshkentda sport mahoratimizdagi so‘nggi ishlovlarni amalga oshirdik. Shunday qilib Fransiyaga yetib bordik
”.

Foto: Getty Images
Tokio Olimpiadasiga ham jarohat bilan borganini ma’lum qilgan Svetlana finalda mag‘lub bo‘lishiga nima sabab bo‘lgani haqida fikr bildirdi.

Final jangida hech qanday og‘riq bezovta qilmadi. Rosti, bilmadim nima bo‘ldi. Savolingizga qanday javob berishni bilmayapman. Balki, bosim sabab bo‘lgandir. Fransiyalik raqib bilan tushayotganimni, uning muxlislari ko‘p bo‘lishini bilardim. Jang paytida murabbiyimni eshita olmadim. Hech bo‘lmasa uning harakatlaridan anglash uchun unga ko‘proq qarashga harakat qildim. Rosti, mag‘lubiyatning sababini ayta olmayman”, dedi Svetlana Osipova.

Svetlana Osipova 2000 yil 3 may kuni Toshkent viloyati Chirchiq tumanida tug‘ilgan. Jahon va Osiyo chempionati sovrindori.

+67 kg vazn toifasida Olimpiadada ishtirok etgan Svetlana Osipova finalda fransiyalik Altea Loranga qarshi bahs olib bordi va mag‘lubiyatga uchrab, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham sportchi g‘alabasini e’tirof etib, qo‘ng‘iroq orqali tabriklagan edi.

Unga davlat tomonidan 100 ming AQSH dollari pul mukofoti, mashina va uy sovg‘a qilindi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Svetlana Osipova: “Olimpiada sabab jarrohlik amaliyotini kechiktirdik”