date

Mbappe: «Messi meni maydonda fikrlashga o‘rgatdi»

Mbappe: «Messi meni maydonda fikrlashga o‘rgatdi»

«Real Madrid» hujumchisi Kilian Mbappe yaqinda bergan intervyusida «PSJ»dagi xotiralarini eslab, u yerda Leo Messi bilan birga to‘p surgan davrni hayotidagi eng yorqin lahzalardan biri sifatida tilga oldi. Hozirgi kunda Messi AQSHning «Inter Mayami» jamoasi safida faoliyat olib bormoqda.

«Futbol tarixi haqida so‘z ketganda, shubhasiz, Messi nomi darhol yodga tushadi. U kiyinish xonasida ham juda oddiy, samimiy inson edi. Mashhurlik odamni o‘zgartirishi mumkin, lekin Leo bunday emasdi — u hamisha kamtarin, hurmatli va samimiy bo‘lib qoldi», — dedi Mbappe.

Fransiyalik yulduzning ta’kidlashicha, Messi bilan bir jamoada bo‘lish unga nafaqat katta tajriba, balki o‘yinni chuqurroq anglash imkonini ham bergan.

«Futbolchi sifatida u beqiyos edi. Agar jamoangizda shunday inson bo‘lsa, har bir harakatini o‘rganishga arziydi. U menga maydonda to‘p bilan qanday fikrlashni o‘rgatdi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Mbappe, shuningdek, Messi bilan birga o‘ynashni orzu ham qilmaganini ta’kidladi:

«Men har doim Leo butun umrini “Barselona”da o‘tkazadi deb o‘ylardim. Men esa “Real” safida to‘p surishni orzu qilganman. Ammo taqdir shunday bo‘ldiki, u bilan bir jamoada bo‘lish imkoni menga nasib etdi. Bu men uchun haqiqiy sharaf va ustiga-ustak, noyob tajriba bo‘ldi».

Mbappe suhbatni shunday yakunladi:

«Men Messiga faqat minnatdorchilik bildirishim mumkin. U bilan birga o‘ynash mening faoliyatimdagi eng katta imkoniyatlardan biri edi».

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mbappe: «Messi meni maydonda fikrlashga o‘rgatdi»