Hujumchi Garri Keyn Angliya futboli tarixida yangi rekordlar o‘rnatishda davom etmoqda, deb xabar berdi Euro-football.ru.
Seshanba kuni u "Bavariya" futbolchisi sifatida Angliya terma jamoasida JCH-2026 saralash bosqichi doirasida Latviya termasiga qarshi o‘yinda ishtirok etib, jamoasining 5:0 hisobidagi g‘alabasiga ikki gol bilan hissa qo‘shdi. Squawka ma’lumotlariga ko‘ra, u xorij klubida to‘p surayotgan futbolchilar orasida Angliya termasi uchun eng ko‘p gol urgan futbolchi bo‘ldi — 18 ta gol.
Avvalgi rekord Gari Linekerga tegishli edi. U 1986–1989 yillarda "Barselona"da o‘ynagan va 17 ta gol urgan. Keyn hozirgacha Angliya terma jamoasida 110 ta o‘yinda 76 ta gol kiritgan. 32 yoshli futbolchi hali ham faoliyatini yuqori darajada davom ettirmoqda va yosh futbolchilarga o‘rnak bo‘lmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!