22:14 / 23.01.2025
173

Donald Trampning qaytishi qanday oqibatlarga olib keladi?

Donald Trampning qaytishi qanday oqibatlarga olib keladi?
Donald Tramp yana AQSh prezidentligiga qaytdi. Amerika tarixida bir marta saylanib, keyin yutqazgan va oradan toʻrt yil oʻtib hokimiyatga qaytgan ikkinchi prezident boʻldi. Birinchi marta prezident boʻlganida, Tramp AQSh demokratiyasining “xatosi” sifatida koʻrilgan edi. Qolaversa, oʻtgan toʻrt yillikda ham Trampning vaqti koʻproq elita bilan, demokratlardan tashqari oʻzining partiyasi boʻlmish respublikachilar bilan kurashda kechdi. Va u bu kurashda gʻolib chiqdi.

Bu safar hammasi boshqacha. Bu safar Tramp ishonchli gʻalaba bilan keldi. Respublikachilar partiyasi Trampga boʻysundi, opponentlari taslim boʻldi, qudratli shaxslar va milliarderlar hammasi unga ergasha boshladi. Shuningdek, bu safar Trampning partiyasi boʻlmish respublikachilar faqat prezidentlik hokimiyatini, balki Kongress va Senatdagi koʻpchilik oʻrinlarni ham qoʻlga kiritdi. Oliy sudda ham bugun respublikachilarga yaqin konservativ sudyalar koʻproq.

Shunday ekan, Trampning davri endi boshlanyapti. Ayniqsa, keyingi ikki yilda Trampni qarorlariga toʻsiq qoʻyuvchi Senat va Vakillar palatasi boʻlmaydi.

Demokratik davlatlardagi boshqaruvlarning, saylangan prezidentlar va bosh vazirlarning eng asosiy xususiyati – ularni ta'bir qilish imkoni borligida. Demokratik davlatlarda, prezidentlar va bosh vazirlar, oʻzlari mansub partiyalarning mafkuralari, saylov dasturlari, siyosiy qarashlari doirasida aniq trayektoriya doirasida fikrlashadi, harakat qilishadi.

Trampning kredosi – ta'bir qilib boʻlmasligida. Toʻgʻri, Tramp doim oʻz qarashlarini baralla aytib kelgan, oʻzining moyilliklarini yashirmagan. Lekin bu moyilliklar va qarashlar doirasida aynan nima ishlar qilishini ta'bir qilish imkonsiz. Qolaversa, Tramp jim turish orqali, yoki ortiqcha qoʻrqitish orqali ham jamoatchilikni yoki opponentlarini manipulyatsiya qiladi.

Trampning asosiy qadriyatlari – bu dominantlik. Ikkinchi jahon urushidan keyingi barcha Amerika prezidentlari “Amerika liderligi” haqida gapirishgan. Bunda, AQSh boshqalarga ma'naviy oʻrnak boʻlishi, avtoritet sifatida koʻrilishi, buning uchun esa, qadriyatlar va yaxshi kelajak obrazini koʻrsatib, bu yoʻnalishda ishonchli hamkorlik qilishi aytilardi. Lekin Tramp uchun, tenglar ichida lider boʻlish emas, hammaning ustida, yuqorisida turadigan dominant boʻlish, qoʻrqitish va bosim qilish, mahrum qilish orqali maqsadlariga erishish ustunroq turadi.

Tramp rostdan ham urushlarni xushlamaydi. Lekin tinchlikparvar boʻlgani uchun emas. Biznesmen sifatida, resurslarni harbiy urushlarda yoʻq qilish orqali boshqalarni boʻysundirish emas, qoʻrqitish orqali aktiv orttirib, qoʻlga kiritish kerak, degan yoʻsinda fikrlaydi. Tramp uchun harbiy urushlar emas, savdo-iqtisodiy, axborot-siyosiy va psixologik urushlar ham arzon, ham samarali koʻrinadi.

Birinchi toʻrt yillik davrida Tramp oʻzini oʻta islomofob, ksenofob sifatida koʻrsatdi. Boshqalardan qoʻrqish va boshqalar nomi bilan qoʻrqitish – Tramp dunyoqarashida katta oʻrin tutadi. Bu safar esa, uning ritorikasida islomofobiya darajasi juda kam. Lekin u oʻzgargani yoʻq, balki, tajribaliroq boʻldi. Trampga arab-musulmon dunyosining boyliklari, sarmoyalari, resurslari kerak. Shuning uchun u islomofobik ritorikasini pasaytirdi. Biroq, keyingi yillarda koʻrish mumkin boʻladiki, u baribir oʻta isroilparast, oʻta islomofob siyosatchi sifatida faoliyat olib boradi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh dunyoda liberal global tartibotini oʻrnatdi va himoya qilib keldi. Tramp esa bu tartibotga nafaqat ishonmaydi, balki bu tartibotni oʻzi uchun notoʻgʻri, noqulay, serxarajat deb biladi. Tramp avtoritarizmni “toʻgʻri va samarali” deb bilishini hech qachon yashirmagan.

Tramp davrida AQShning global ittifoqlari zaiflashadi. Bugun Evropa Ittifoqi, NATO davlatlari jiddiy tashvishda. Chunki Tramp uchun mafkuraning, qadriyatlarning katta ahamiyati yoʻq. U hamma narsani daromad bilan oʻlmaydi, boʻlganda ham bu daromad ushlab koʻrish mumkin boʻlgan, hozir va shu erda keladigan foyda boʻlishi kerak.

Tramp yana toʻrt yil prezident boʻlarkan, u AQShdagi demokratik institutlarni demontaj qila olmaydi, chunki amerika demokratiyasi, konstitutsiyaviyligi, institutlari asrlar davomida shakllandi. Lekin Tramp amerika davlatchiligini agressiv va utilitar imperiyachilik bilan, egotsentrizm bilan, ksenofobiya va islomofobiya bilan ancha chuqur zaharlab ketadi.

Trampning AQSh hokimiyatiga kelishi xalqaro maydondagi kelishuvlarni, xalqaro huquqni jiddiy darajada zaiflashtiradi. Tramp tomonidan oʻrnatilayotgan “kim kuchli boʻlsa – oʻsha haq” degan tamoyil, boshqa qudratli davlatlarning ham qoʻllarini echadi. Dunyoda, xuddi 19-asrdagi kabi, “qudratlilar zaiflarni eb oziqlanadi” degan oʻyin qoidasi normaga aylanib boradi.

Ushbu kontekstda Markaziy Osiyo, Oʻzbekiston, bir tomondan ichki qudrat shakllantirish mexanizmlarini, institutlarini tezroq qabul qilishi, ya'ni demokratiya va huquqiy davlatchilikdan qoʻrqmasligi, joriy qilishi kerak boʻladi. Chunki aynan demokratiya va huquqiy davlatchilik gʻarb davlatlariga katta milliy boylik, harbiy qudrat, iqtisodiy salohiyat, texnologik ustunlik yaratish imkonini berdi.

Ikkinchi tomondan esa, turkiy birlik va Markaziy Osiyo integratsiyasini tezlashtirish, reallashtirish zarurati oshib bormoqda.

Yangi davrda, bular – sogʻ-omon qolishning asosiy ikki chorasi hisoblanadi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport