date

Afg‘onistonda internet to‘liq uzildi

Afg‘onistonda internet to‘liq uzildi

29-sentyabr kuni Afg‘oniston hududi butunlay internetdan uzib qo‘yildi. Bu haqda xalqaro veb-monitoring xizmati NetBlocks o‘z xulosasini e’lon qildi.

“Ayni paytda mamlakatda internetning to‘liq yo‘qolishi kuzatilmoqda. Ertalab ayrim tarmoqlar bosqichma-bosqich yopildi, hozir esa bu cheklovlar telefon xizmatlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deyiladi ma’lumotda.

NetBlocksning qayd etishicha, mazkur chora Tolibon tomonidan “axloqsizlikning oldini olish” siyosati bilan asoslanmoqda. Eslatib o‘tamiz, ikki hafta oldin harakat internetga kirishni cheklash niyati borligini oshkor qilgan edi. Mulozimlar bu yo‘nalishda “axborot ehtiyojini qondirish uchun boshqa alternativ yo‘llar yaratiladi” degan bayonot ham bergan.

Biroq mutaxassislar bu qaror mamlakatda axborot erkinligini yanada cheklaydi, ta’lim, tadbirkorlik va kundalik hayotga jiddiy zarba beradi, deb hisoblamoqda. Ayniqsa, onlayn ta’lim orqali o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lgan qizlar va ayollar uchun imkoniyatlar yanada qisqarishi ta’kidlanmoqda.

Xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari himoyachilari Afg‘onistondagi bu qarorni keskin tanqid qildi. Ular buni fuqarolarning axborot olish huquqiga qaratilgan hujum sifatida baholashdi.

Hukumat internet uzilishining qancha davom etishini hozircha ochiqlamagan. Biroq kuzatuvchilar bu siyosat uzoq muddatga cho‘zilishi mumkinligidan xavotirda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistonda internet to‘liq uzildi