Angliya Premer-ligasining 6-turidan o‘rin olgan bahsda “Manchester Siti” o‘z maydonida “Byornli”ni 5:1 hisobida mag‘lub etib, musobaqadagi uchinchi yirik g‘alabasini qayd etdi. Bu bahs nafaqat yirik hisob bilan yodda qoldi, balki Xosep Gvardiolaning tarkibiy qarorlari va jamoadagi ichki raqobat kuchayganini ham namoyish etdi.
Mazkur uchrashuv arafasida “shaharliklar” tarkibida jiddiy yo‘qotishlar kuzatildi. Rodri, Abduqodir Husanov, Rayan Ayt-Nuri, Rayan Sherki va Umar Marmush kabi asosiy tarkib futbolchilari jarohat sabab o‘yinga qo‘shila olmadi. Shu bois Gvardiola yangi nomlarga ishonch bildirishga majbur bo‘ldi.
Jamoaning odatda zaxirada qoladigan bir qator futbolchilari — Jeremi Dok-u, Niko O’Rayli, Mateush Nunesh va Niko Gonsales bu gal maydonda o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lishdi. Ayni paytda ularning ko‘rsatgan o‘yini asosiy tarkib uchun kurashda vaziyatni keskinlashtirdi.
Niko O’Rayli chap qanot himoyasida munosib o‘yin ko‘rsatib, Ayt-Nurining asosiy raqobatchisiga aylandi. Umar Marmushning tizzadagi jarohati esa Jeremi Dokuga yo‘l ochib berdi va belgiyalik hujumchi uning imkonidan ustalik bilan foydalanmoqda.
Shuningdek, Rodri va Husanov o‘rnida maydonga tushgan Niko Gonsales hamda Mateush Nunesh “Byornli”ga qarshi bahsda yuqori darajada harakat qilishdi. Xususan, Nunesh himoya vazifalarini bajarish bilan cheklanib qolmasdan, hujumda ham faol ishtirok etdi va jamoaga muhim gol olib keldi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Nuneshning shijoati va jismoniy tayyorgarligi Gvardiola jamoasi uchun ayni muddao bo‘ldi. Ispaniyalik murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, Nuneshning harakatlari hujumlarni kuchaytirishda hal qiluvchi omilga aylandi.
Biroq asosiy tarkib o‘yinchilari sog‘ayib maydonga qaytgach, raqobat yanada kuchayishi turgan gap. Rodri Gvardiola uchun alohida maqomga ega ijrochi bo‘lgani bois, u qaytishi bilanoq jamoada o‘z o‘rnini egallaydi. Ammo Marmush, Ayt-Nuri, Sherki va Husanovga tarkibdagi joyini saqlab qolish uchun yanada ko‘proq kuch sarf qilish talab etiladi.
Aynan Abduqodir Husanov ham jamoadagi eng qiziqarli raqobat nuqtalaridan biriga aylangan. O‘zbek futbolchisi mavsum boshida o‘ng qanot himoyasida ishonchli o‘yini bilan Gvardiolaning ishonchini qozongandi. Ammo uning jarohati tufayli boshlang‘ich tarkibda o‘ynagan Nunesh bu pozitsiyada ham o‘zini ko‘rsatib qo‘ydi.
Nuneshning doimiy tarzda hujumga qo‘shilib turgani g‘alaba keltirgan asosiy omillardan bo‘ldi. Buni Gvardiola “Bizga Nuneshning jismoniy quvvati kerak ekan. Uning shiddati, shijoati, energiyasi g‘alaba keltirdi. Uning bu harakatlari hujumga o‘tishda muhim ahamiyat kasb etdi. Aslida Mateush yarim himoyachi, shu bois, undan maydonda yanada yaxshi paslar va samarali harakatlarni talab qilishga haqlimiz. Shunday o‘ynashini qo‘llab-quvvatlayman”, deya tan oldi, - deb yozmoqda esteemedkompany.com sayti ekspert Adam Marrett.
Shu bilan birga, Husanovga markaziy himoya uchun ham Yoshko Gvardiol, Jon Stounz va Ruben Diash kabi katta raqiblar bilan kurashishga to‘g‘ri keladi.
E’tiborlisi, Abduqodir Husanovning tez orada safga qaytishi kutilmoqda. Axborotlarga ko‘ra, u 5-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan “Brentford”ga qarshi uchrashuvgacha maydonga qayta olishi mumkin.
Shu tariqa, “Manchester Siti”da jamoaviy raqobat kuchayib, har bir o‘yinchi o‘z o‘rni uchun yanada qat’iyroq kurashishi talab etiladi. Bu esa, o‘z navbatida, jamoaning umumiy saviyasini yanada yuqori bosqichga olib chiqishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!