
O‘z vaqtida “Bunyodkor” safida ham to‘p surgan, 2008, 2009 va 2010-yillarda jamoa bilan mamlakat chempioni bo‘lgan afsonaviy braziliyalik futbolchi Rivaldo zamonaviy futbolning eng yosh yulduzlaridan biri hisoblangan “Barselona” yetakchisi Lamin Yamalga qimmatli maslahatlar berdi. Uning fikricha, Yamalning kelasi yilda “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritish imkoniyatlari juda yuqori.
Rivaldo Ispaniyaning Sport.es nashriga bergan intervyusida:
«Laminda kelasi yilda “Oltin to‘p”ni yutish uchun barcha zarur sifatlar mavjud. Men uning joriy mavsumi avvalgisidan ancha yorqin va samarali bo‘lishini kutyapman. Yamal butun dunyoga o‘zining o‘yin uslubini namoyish etish bilan cheklanib qolmasligi kerak. U muntazam ko‘p gol ursin, jamoadoshlariga golli uzatmalarni ko‘paytirsin. Ilgari Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi ham shu yo‘l bilan katta marralarga yetishgan edi», – deya ta’kidladi.
Ma’lumki, Rivaldoning o‘zi 1999-yili “Milan” safida to‘p surar ekan, yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingan va nufuzli “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilgi “Oltin to‘p” taqdimotida Lamin Yamal ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu yilgi sovrin esa PSJ hujumchisi Usmon Dembelega nasib etdi.
Shu tariqa, Rivaldo maslahatlari Yamal uchun nafaqat ruhiy qo‘llab-quvvatlash, balki yangi maqsadlar sari yo‘l xaritasi sifatida xizmat qilishi mumkin. Yosh iqtidor e’tibor va mehnatini to‘g‘ri yo‘naltirsa, kelasi mavsum “Oltin to‘p”ning navbatdagi sohibiga aylanishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.