Bloomberg tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, OpenAI o‘zining ChatGPT platformasiga ota-ona nazorati imkoniyatlarini qo‘shdi. Yangi funksiyalar orqali ota-onalar farzandlari uchun ayrim xizmatlarni cheklash, shuningdek, bolalarning ruhiy holatida stress belgilari paydo bo‘lsa, bu haqda o‘z vaqtida xabar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi tizim elektron taklif yuborish orqali faollashtiriladi. Ota-onalar undan foydalanib, ovozli muloqot rejimi, tasvir yaratish xizmati yoki avvalgi suhbatlarga kirish imkoniyatini cheklashlari mumkin. Shuningdek, ogohlantirishlar SMS, elektron pochta yoki maxsus ilova orqali yuboriladi. Eng muhimi, farzandning shaxsiy yozishmalari ota-onalarga yetkazilmaydi.
Mazkur qaror bu yil bahorida o‘z joniga qasd qilgan o‘smirning oilasi tomonidan OpenAI’ga qarshi berilgan sud da’vosidan keyin qabul qilindi. Sud jarayonida kompaniya o‘smir yozgan xabarlarida xavfli alomatlarni aniqlamagani uchun tanqid ostiga olingan edi.
Bundan tashqari, OpenAI foydalanuvchilarning yoshini aniqlash tizimini ham ishlab chiqmoqda. Bu kelgusida ota-ona nazorati imkoniyatlarini yanada samarali qo‘llash va bolalar xavfsizligini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!