Rossiya poytaxti Moskvada yangi va noyob tashabbus amalga oshirildi — UMMA LEAGUE nomli musulmon futboli ligasi tashkil etildi. Loyihaning asosiy maqsadi turli musulmon jamoalari va mavjud turnirlarni yagona formatga jamlab, poytaxtda maxsus diniy mezonlarga asoslangan futbol musobaqasini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Liga rahbari Rinat Kayumovning ta’kidlashicha, bu musobaqada barcha ishtirokchilar belgilangan qoidalarga qat’iy rioya etishi shart. Masalan, dress-kod talablariga amal qilish joriy etilgan — avrat joylarini ochish mutlaqo mumkin emas. Shuningdek, maydonda haqoratli so‘z ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar futbolchi bunday xatoga yo‘l qo‘ysa, u yo og‘ohlantiriladi, yoki bir necha uchrashuvdan chetlatilishi mumkin.
Kayumovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda liga tarkibiga 14 ta jamoa kiradi va ularning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni davom etmoqda. Shu bilan birga, ligada musulmonlar bilan birga boshqa din vakillari ham qatnashishi mumkin.
Qayd etilishicha, musobaqa faqat havaskor futbolchilar uchun mo‘ljallangan. Professional sportchilar o‘yinlarda qatnashish huquqiga ega emas, ammo ular maslahatchi yoki murabbiy sifatida jamoalar bilan hamkorlik qilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!