“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoa tarkibi va himoya chizig‘idagi vaziyat yuzasidan o‘z qarashlarini bildirdi. Ispaniyalik mutaxassis ayniqsa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanovning o‘ng qanotdagi harakatlariga to‘xtalib o‘tdi.
“Hozirgi futbolchilar Kayl Uoker uslubida o‘ynashlari shartmi? Yo‘q, albatta. Men har bir sobiq futbolchimizni saqlab qolishni xohlardim, ular klubga juda katta hissa qo‘shishgan. Biroq futbolning o‘zi shundayki, kimdir keladi, kimdir esa o‘z yo‘lini davom ettiradi. Har bir sportchi o‘z karerasida qadam tashlab borishi lozim.
Husanov haqida gapiradigan bo‘lsam, hozircha aniq xulosa chiqarish erta. Lekin men undan roziman – u yaqinda o‘ng qanot himoyasida harakat qildi va ishonch uyg‘otdi. Shu bilan birga, bizda Mateus Nuniyes, Riko Lyuis yoki Jon Stouns kabi futbolchilar ham bu chiziqda o‘ynay olishadi. Shu jihatdan olib qaraganda, barchasi muvozanatda. Klub bu yo‘nalishda yangicha qidiruv olib boryaptimi yoki yo‘qmi, bu haqda hozir aniq gapirolmayman”, – dedi Gvardiola.
Gvardiolaning bu so‘zlari Husanovning “Siti”dagi kelajagiga ishonch yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, bosh murabbiyning fikricha, raqobat kuchli va har bir futbolchi o‘zini yanada ko‘proq namoyon qilishi zarur.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!