
Qatorasiga 6 o‘yindan beri Abduqodir Husanov «Manchester Siti» zaxirasida qolmoqda va bu oraliqda biror daqiqa o‘ynagani yo‘q. Yomon tasodif shundaki, Husanovning zaxiraga olinishi bilan O‘zbekistonga kelib ketishi deyarli bir vaqtga to‘g‘ri keldi – tabiiy ravishda muxlislar o‘rtasida, futbol jamoatchiligida bu ikki voqeani bog‘lash avj oldi.
Abduqodir Toshkentga kelganidagi turli videolar va tadbirlar unga zarar berishi mumkinligini, matbuot keyinchalik normal holatlarda ham mana shu salbiy bo‘yoqlarni ishlatishidan xavotir bildirilgandi.
Tan olish kerak, Husanov Manchesterga borgach, O‘zbekistonda juda mashhur bo‘lib ketdi, endi uni faqat futbol bilan yaqindan tanish bo‘lgan, uni tushunadiganlar emas, balki hamma taniy boshladi. Bu esa uning jamoasidagi holati to‘g‘ri qabul qilinishi, to‘g‘ri baho berilishi imkoniyatini pasaytirib yuboradi. Endi ko‘pchilik ko‘cha-ko‘yda ilgari futbol haqida suhbatlashmagan tanishlaridan ham «Abduqodir nega tushmayapti?», «Uni sotib yuborishar ekanmi?», «Abdurahmon bilan birga yursa shunaqa bo‘ladi-da» qabilidagi fikrlarni tez-tez eshitmoqda. Kim bilsin, hatto Abduqodirning o‘zidan ham so‘ray boshlashgandir – nega maydonga tushmayapsan, deb.
Shuning uchun mavzuga yana qaytishga qaror qildik, Abdulla Qodiriyga ters ravishda eng yorug‘ kunlarga, qishning oppoq fevralini eslaymiz.
Debyut
Agar futbolga ozmi ko‘pmi yaqin bo‘lsangiz, Abduqodir Husanovning «Manchester Siti»ga transfer qilinishining o‘zi ham katta voqea ekani, biz Husanovni har qancha iste’dodli deb bilmaylik, bu klubga o‘tish uning uchun ham katta sakrash ekanini bilardik. Shuning uchun u ilk kunlaridan boshlab asosiy tarkibda o‘ynay boshlashi, fevral oyida jamoasining eng yaxshi futbolchisi bo‘lishi – ertaknamo voqelik edi.
Ammo shu bilan birga, «Manchester Siti»ning fevraldagi va bugungi holati o‘rtasida katta farq borligini ham qayd etish kerak. O‘shanda Gvardiola ixtiyorida sog‘ himoyachining o‘zi qolmagan – buni biz Manchesterga borganiga atigi bir necha kun bo‘lgan Husanovning «Chelsi»ga qarshi ilk daqiqalardan tashlanganidan ham bilsak bo‘ladi. Diash jarohatda, Uoker Milanga ketgandi, keyinchalik navbati bilan Akanji, Ake va Stounz ham uzoq muddatga safdan chiqishdi. Tarkibda to‘rt nafar sof himoyachi – Gvardiol, Diash hamda yangi qo‘shilgan Husanov va Reys qolgandi. Gvardiolada Husanovni maydonga tushirishdan boshqa variant ham yo‘q edi. Husanov esa bu davrni chindan ham yaxshi o‘tkazdi, qisqa muddat ichida o‘z ustunliklarini nafaqat murabbiylarga, balki butun Angliyaga va Yevropaga ko‘rsatishning uddasidan chiqdi. Endi ingliz mutaxassislari ham u haqida «Manchester Siti»ning to‘laqonli a’zosi sifatida gapira boshladi. Umuman, uch oylik muddat uchun ham aslida kutganimizdan ko‘ra kattaroq qadamlar tashlab bo‘lingan.
Taqvim
Agar fevral-mart oylarida Husanov asosiy tarkibda maydonga tushgan raqib jamoalarga qarasak, «Chelsi», «Tottenhem», «Liverpul», «Real», «Nottinghem», «Brayton» – hammasi top yoki unga yaqin jamoalar bo‘lib, yuqorida aytganimizdek, «Siti» ham u qadar yaxshi holatda emasdi. Tabiiyki, to‘p nazorati ham, kontrpressing ham yetarlicha shakllanmagach, jamoa ko‘proq vaqt to‘psiz qoladi va himoyalanishga majbur bo‘ladi. Milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng esa birinchidan, «Manchester Siti»ning o‘yini yaxshi tomonga o‘zgardi, ikkinchidan, taqvimda jamoa ancha kuchsizroq, ikkinchi raqam ostida o‘ynaydigan raqiblarga qarshi to‘p suradigan bo‘ldi.
Taqqoslash uchun, o‘sha Husanov maydonga tushgan o‘yinlarda «Siti» o‘yinning o‘rtacha 56 foiz vaqtida to‘pni nazorat qilgan bo‘lsa, keyingi o‘yinlarda bu raqam 65 foizga teng bo‘lmoqda. «Siti» darvozasiga yo‘llangan zarbalar soni avvalgi o‘yinlarda bir o‘yinga o‘rtacha 12 ta edi, hozir esa 8 tadan sal kamroq. Gvardiola shogirdlari to‘pga ko‘proq egalik qilib, hujumkor o‘ynay boshlagach, qo‘shimcha himoyachidan ko‘ra, oldingi chiziqda foydali bo‘lgan futbolchilarga ko‘proq ehtiyoj sezilishi tabiiy.
Shuningdek, mavsum so‘nggida «Manchester Siti» Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun qattiq kurash olib bormoqda. Har bir o‘yinda g‘alaba qozonish maqsadi qo‘yilgan. Bunday shartlarda Gvardiola uchun kimgadir imkoniyat berish, yangi tajribalarni sinab ko‘rish keyingi darajaga o‘tib qoladi, boshqa muddatga qoldiriladi.
Raqobat
Angliya kubogi doirasida «Bornmut»ga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limida Niko O'Rayli maydonga tushdi va uchrashuvda burilish yasaldi. Uning chap qanotdagi ishonchli harakatlari jamoaga g‘alaba keltirdi. Natija uchun o‘ynalayotgan davrda murabbiylar g‘olib tarkibni almashtirishni istashmaydi odatda. Jamoa Chempionlar Ligasini erta tark etgani tufayli «haftada bir o‘yin» rejimiga o‘tib bo‘lgan, demak ortiqcha rotatsiya qilish ehtiyoji ham yo‘qolgan.
Shu o‘rinda, Husanov aynan Niko O'Rayliga raqobatni boy berdi deb ham tushunmaslik kerak. Qog‘ozda shunday, ayni paytda aynan Niko asosiy tarkibda tusha boshladi, ammo bu yerda bilvosita raqobat, ya’ni zanjir reaksiyasi ishlamoqda.
Avvaldan ma’lum ediki, Abduqodir Husanov o‘ng markaziy himoyachi pozitsiyasi bo‘yicha Ruben Diashga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchi hisoblanadi. Hamyurtimiz faqat mana shu nuqtaga ixtisoslashgan, «Siti» himoya chizig‘idagi eng yetakchi, eng yaxshi himoyachi bo‘lmish Diash ham aynan shu pozitsiya vakilidir. Fevral va mart oylarida himoya chizig‘ida yetishmovchilik tufayli Husanov o‘z pozitsiyasida, Diash esa unga sherik sifatida chap-markaziy himoyada o‘ynayotgandi. Niko O'Rayli chap qanot himoyasida o‘ynab ketgach, Pep Yoshko Gvardiol ham o‘z vaqtida markaziy himoyachi bo‘lganini eslab qoldi. Diash va Husanovdan farqli ravishda Yoshko chapaqay hisoblanadi va hammaga ma’lumki, markaziy himoya tandemida murabbiylar bir o‘naqay, bir chapaqay futbolchidan foydalanishadi. Qisqasi, Yoshko ayni paytda markaziy himoyaning chap qismida tushmoqda, o‘ng markaziy himoyasi uchun esa ikki nomzod – Diash va Husanov. Muhim o‘yinlarda esa tajribali Ruben tanlanishi mantiqan to‘g‘ri qaror.
Umuman olganda, raqobat nafaqat muayyan futbolchilar o‘rtasida, balki turli taktik sxemalar, turli rejalar o‘rtasida kechadiki, shunga qarab u yoki bu futbolchi jamoa uchun foydaliroq hisoblanishi mumkin. Pep Gvardiolaga hozirda natija keltirayotgan, oxirgi 8 o‘yinning 7 tasida g‘alaba olib kelgan sxemada Husanovga joy topilmayotgan ekan, buni futbolchining yomon tayyorgarligi bilan bog‘lamaslik kerak.
Holandning jarohati
Niko O'Rayli jamoaga muvaffaqiyatli qo‘shilishi bilan Holandning jarohati deyarli bir paytga to‘g‘ri keldi. Ma’lumki, avvaldan, Pep Gvardiola jamoalarida yarimhimoyaga urg‘u qaratiladi, qanot himoyachilari ham ancha yuqorida joylashib, raqib maydonida to‘pni nazorat qilish, yuqori pressing katta ahamiyat kasb etadi. «Barselona»da ham, «Manchester Siti»dagi ilk yillarda ham ikki markaziy himoyachi va 8 yarimhimoyachi to‘p surgan. Kanselu, Zinchenko kabi futbolchilarni himoyachi deyishga til bormaydi, to‘g‘rimi?
Erling Holandning kelishi ko‘p narsani o‘zgartirdi. So‘nggi ikki yilda Gvardiola futboli ancha vertikallashdi, tezkor hujumlar, uzun paslar ulushi ancha ko‘paydi. Bu uslubda tabiiyki, to‘p nazorati pasayadi, yo‘qotishlar va raqib qarshi hujumlari ortadi. Shuning uchun Gvardiola vaqtincha hujumkor qanot himoyachilaridan voz kechdi – ortda 3, hatto ba’zida 4 nafar sof markaziy himoyachi o‘ynay boshladi.
Buni nega eslayapmiz? Gap shundaki, Holand jarohat olgach, Gvardiola yana eski sozlamalarga qaytishni boshladi – yaqqol hujumchi o‘rniga insaydlar, maydon markazida son jihatdan ustunlik va albatta, hujumkor himoyachilar. Niko O'Rayli mana shu talabga juda mos tushadi. Qaysidir ma’noda, Niko doimiy asosiy tarkib futbolchisiga aylangani, shu sababdan Husanov zaxirada qolayotgani Holandning jarohatiga ham bog‘liq.
Husanov qachon maydonga tushadi?
Ayni paytda «Manchester Siti» 34 o‘yinda 61 ochko to‘plab, yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha 5-o‘rinda bormoqda. Bu pozitsiya Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini taqdim etadi, ammo «Chelsi» 1 ochkolik farq bilan ta’qib qilib kelayotganini unutmaslik kerak.
Katta ehtimol bilan, so‘nggi turlargacha YECHL yo‘llanmasi uchun kurash davom etadi va Gvardiola g‘alaba qozonib kelayotgan tarkibda o‘zgarishlar qilmasa kerak. Hisob yiriklashganda ham ko‘proq oldingi chiziq futbolchilari almashtiriladi. «Siti» keyingi turlarda «Vulverhempton», «Sauthempton», «Bornmut» va «Fulhem»ga qarshi o‘yinlar o‘tkazadi. «Chelsi»ni esa «Liverpul», «Nyukasl», «MYU» va «Nottinghem» kabi raqiblar kutib turibdi. Ya’ni londonliklar avvalroq ochko yo‘qotib, so‘nggi turlarda manchesterliklar top-5 o‘rnini naqd qilish ehtimoli ham bor. Balki shunda so‘nggi turlar quruq rasmiyatchilikka aylanib, Husanov va Reys kabi yosh himoyachilarga imkon berilishi mumkin.
Shuningdek, iyunda bo‘lib o‘tadigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati ham bor. FIFA klublarda har o‘yinda asosiy tarkibdan foydalanishni shart qilib qo‘ygan bo‘lsa-da, baribir ba’zi pozitsiyalarda eksperimentlar bo‘ladi, bundan tashqari, yuqorida aytganimizdek, Husanov allaqachon hamma uchun asosiy tarkib futbolchisiga aylanib bo‘lgan. Pep Gvardiola asosiy himoyachi Ruben Diashning yangi mavsumga yaxshiroq tayyor bo‘lishi uchun Husanovni ko‘proq o‘ynatishi haqiqatga yaqinroq. Kelasi mavsumdan esa turli qo‘shimcha kuboklar, turnirlar qo‘shiladi, albatta, rotatsiyalar bo‘ladi, Abduqodirni tez-tez maydonda ko‘rishga umid qilamiz.
Tarbiya
Yaqinda O‘FA matbuot bo‘limi boshlig‘i Davron Fayziyev ham bu haqida ma’lumot berib, Husanov va uning yaqinlari bilan gaplashgani, u bilan hammasi joyida ekani, mashg‘ulotlar ko‘ngildagidek ketayotganini ma’lum qildi.
Albatta, hozirgi holatning pedagogik tarafi ham borligini to‘liq inkor qila olmaymiz. Tarbiya deganda yomon harakatni jazolash emas, har qanday ish muhitida amalga oshiriladigan jarayon deb ham tushunish mumkin. Husanov hali juda yosh, u bir yil ichida juda katta sakrashni amalga oshirdi. Keliboq jamoada oyning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Bu holatda har qanday inson o‘zini biroz yo‘qotib qo‘yishi, reallikdan uzoqlashishi mumkin. Abduqodir Husanovda bunday muammo borligiga ishonmayman, lekin Pep Gvardiola yoki uning shtabi bu ehtimollarni ham hisobga olishi tabiiy. Ular bekorda dunyoning eng zo‘ri emas, axir.
Demak, futbolchining ruhiy holatini muvozanatga qaytarish, bo‘layotgan xodisalarni to‘liq anglashga sharoit yaratish uchun ham biroz o‘yinlardan uzoqda tutishi ham mutlaqo futbolcha qaror. «Manchester Siti»ga kelib, u yerda asosiy tarkib futbolchisi bo‘lish bunchalik oson emasligini Husanovga tushuntirib qo‘yish lozim – futbolchining kelajagi uchun ham foydali bo‘ladi.
Q.Aslanov
Abduqodir HusanovManchester SitiFutbol TransferiO‘zbekiston FutboliYoshlik Va TajribaRaqobat Muhitida O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar