
Portugaliya futboli ramzlaridan biri, hozirda Saudiyaning “An-Nasr” klubi sharafini himoya qilayotgan Krishtianu Ronaldu yaqinda jurnalist Pirs Morgan bilan bo‘lgan suhbatda yana bir bor jamoatchilik diqqat markaziga tushdi. Suhbat davomida afsonaning moliyaviy holati va uning “milliarder futbolchi” degan maqomi haqidagi so‘zlar muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Pirs Morgan Ronalduga shunday savol bilan murojaat qildi:
— Krishtianu, haqiqatmi, so‘nggi haftada sen rasman milliarder bo‘lding?
Ronaldu tabassum bilan javob qaytardi:
— Yo‘q, bu yangilik emas. Men ancha vaqt avval — bir necha yil oldinoq milliarder bo‘lganman.
Jurnalist hayrat bilan qayta so‘radi:
— Rostdan ham?
— Albatta, 39 yoshimda bu marraga yetganman. Men o‘z moliyaviy ahvolimni yaxshi bilaman, har bir qadamni kuzataman. Bu mening hayotim, mening mehnatim bilan topilgan mablag‘. Shuning uchun ham uning har bir tafsiloti men uchun muhim, — dedi Ronaldu.
Futbolchi so‘zlariga ko‘ra, uning atrofida tajribali mutaxassislar jamoasi bor — moliya maslahatchisi bilan deyarli har kuni muloqotda bo‘lib, investitsiyalar va yangi imkoniyatlarni muhokama qiladi.
— Milliardga yetganimni his qilgan paytda juda quvonganman. Bu men uchun "Oltin to‘p" yutishdek his bo‘lgan. Har bir insonning hayotda o‘ziga xos maqsadi bor. Kimdir uy qurishni orzu qiladi, kimdir yangi avtomobil olishni. Mening orzum esa ana shu raqamga yetishish edi, — deb qo‘shimcha qildi yulduz futbolchi.
Jurnalist so‘zlarini davom ettirdi:
— Demak, sening asosiy maqsading milliardga yetishish bo‘lganmi?
Ronaldu bunday dedi:
— Ha, bu mening shaxsiy motivim bo‘lgan. Ammo men pulga o‘ta bog‘langan odam emasman. Moliya muhim, lekin inson hayotida shunday palla keladiki, u narsalardan ko‘ra ma’naviyat ustuvor bo‘ladi. Biz insonmiz — qo‘limizda bor narsa bilan hech qachon to‘liq qoniqmaymiz.
So‘nggi yillarda Krishtianu Ronaldu nafaqat futbolda, balki biznes sohasida ham katta yutuqlarga erishdi. Uning dunyo bo‘ylab faoliyat yurituvchi brendi, mehmonxonalar tarmog‘i va investitsiya loyihalari orqali oladigan daromadi jahonning eng yuqori to‘lov oluvchi sportchilaridan biri sifatida nomini mustahkamlab turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!