
So‘nggi kunlarda o‘zbek futbol jamoatchiligida yangi munozara mavzusi paydo bo‘ldi. Go‘yoki, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi germaniyalik mashhur murabbiy Ioaxim Lyovga taklif bilan chiqqan va u asosiy jamoani jahon chempionatiga olib borishi mumkin. Manbalar Lyov bosh murabbiy emas, koordinator, maslahatchi sifatida ko‘rilayotgani, shuningdek, O‘FA bu borada bir to‘xtamga kelmagani aytgan, shu bilan birga, tashkilotda Lyovni bosh murabbiy sifatida taklif qilishni o‘rinli deb hisoblayotgan mutaxassislar ham bor. Hatto agar Lyov bosh murabbiy bo‘lib, Kapadze yordamchi sifatida tayinlanadigan bo‘lishsa, o‘zbekistonlik murabbiy jamoani tark etishi mumkinligi haqida ham yozildi.
Bu ma’lumotlar haqiqatga yaqin bo‘lishi mumkinligini shu kunlarda nemis murabbiyi o‘z kelajagi haqidagi savolga bir necha milliy jamoa va klublardan takliflar borligi, hozirda u jamoalarni o‘rganayotgani va hali aniq muzokaralarga boshlamagani haqida aytgani ham tasdiqlagandek bo‘ldi. Nahotki gap O‘zbekiston milliy jamoasi haqida bormoqda?
Nihoyat bu ma’lumotlar savol bo‘lib Temur Kapadzegacha yetib keldi.
«Rostini aytsam, nima bo‘layotganini bilmayman. Men ham hamma qatori bu xabarni internetda o‘qidim. O‘FAdan hech kim menga hech narsa degani yo‘q. Menga kimnidir taklif qilinishi, nimadir o‘zgarishi haqida indashmadi. Shuning uchun bu haqida biror narsa deya olmayman. Berilgan vazifani bajardim. Keyin nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Agar nasib bo‘lsa, ishni davom ettiraman, aksincha bo‘lsa, taqdir qayerga yetaklashini ko‘ramiz. Ayni paytda men milliy jamoa murabbiyiman va ishlashda davom etyapman», – dedi murabbiy.
O‘FA nega jim?
Jurnalist va muxlislar ikki tomon bo‘lib bahslashayotgan, Temur Kapadze esa noqulay savolga javob berishga majbur bo‘layotgan paytda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hech qanday izoh bermayotgani kishini taajjubga soladi va shu bilan birga ba’zi taxminlarga yo‘l ochadi.
Agar O‘FA mundialga Temur Kapadze bilan borishni aniq belgilab qo‘yganida, menimcha, allaqachon bu mish-mishlarga reaksiya bergan bo‘lardi. Axir bu bevosita salkam ikki oydan keyin rasman tayyorgarlikni boshlaydigan jamoaga aloqador, shuningdek, bosh murabbiy ham o‘z kelajagi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishga haqqi bor. Hech kim shu paytgacha hech narsa demayaptimi, demak rostan ham qandaydir harakatlar bor. Nafaqat Ioaxim Lyov, shuningdek, kam bo‘lsa-da tilga olinayotgan Slavan Bilich, balki biz hali eshitmagan yana bir qator murabbiylar nomzodi ko‘rib chiqilayotgan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda ishsiz yurgan murabbiylar juda ko‘p va mundial yo‘llanmasini naqd qilgan milliy jamoa ko‘p mutaxassislar uchun jozibador ko‘rinadi.
Ha, o‘z vaqtida Srechko Katanes bilan ham shunga o‘xshash holat bo‘lgan, ya’ni jamoatchilik uning ketishi yo qolishi haqida tinmay bahslashayotgan kuz oylarida O‘FA o‘z pozitsiyasini ochiqlamay kelgandi. Ammo o‘sha holatni tushunish mumkin, chunki ko‘p jihatlar Srechko Katanetsning salomatligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Ushbu noaniqlik O‘FA uchun ham qat’iy qaror qabul qilishda xalaqit bergan bo‘lishi mumkin.
Ayni paytda bosh murabbiy masalasida tashkilot aniq fikr bildirmayaptimi, demak bosh murabbiy masalasi hamon ochiq.
Chet ellik murabbiy. Plyuslar
Yaqinda ijtimoiy tarmoqdagi bir platformada «terma jamoamiz bosh murabbiyi sifatida kimni tanlaysiz?» ma’nosida savol qo‘yildi va javoblar ichida «Temur Kapadze» hamda «Chet ellik tajribali murabbiy» degan tanlovlar bor edi. Temurning nomzodi ikki barobar farq bilan g‘alaba qozondi. Oradan bir necha kun o‘tib, so‘rovnoma qaytarildi, faqat bu safar «Chet ellik tajribali murabbiy» o‘rniga aniq qilib «Ioaxim Lyov» deb yozilgandi – bu safar ovozlar deyarli teng ikkiga bo‘linib qoldi.
Bu juda oz kishi ishtirok etgan oddiy so‘rovnoma xolos, bu bilan aytmoqchimanki, Temur Kapadzening o‘rniga chet ellik har kim emas, agar rostan ham o‘ta yuqori malakali, tajribali, katta turnirlarda o‘zini ko‘rsata olgan murabbiy bo‘lsa, munosabat o‘zgaradi. O‘zbek murabbiylariga hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, ayni paytda malaka borasida Lyov va o‘zbek murabbiylari o‘rtasida juda katta masofa bor. Germaniyalik mutaxassis to‘rt yildan beri hech qayerda ishlamayotgan bo‘lsa ham.
Bir necha yil oldin Ektor Kuper asosiy jamoani boshqarib yurganida, bir voqeani aytib berishgandi. Osiyo kubogiga tayyorgarlik uchun Turkiyada yig‘in o‘tkazilgan. Futbolchilar tiklanish jarayoni uchun muz kerak bo‘lgan va o‘shanda jamoa yashayotgan mehmonxonada u yo‘q ekan. Kuper qat’iy turib olgan – muz topilishi, kerakli terapiya bo‘lishi shart. Administratorlar uyoqdan buyoqqa yugurib, qayerdandir muz topib kelishgan. Bu injiqlik emas, professionalizm. Milliy jamoaga o‘sha kuni muz kerakmidi? Ha. Nazarimda, muz kerakligini o‘zbek murabbiyi ham biladi, faqat bu qadar qat’iy turib olishi mumkinligini uncha ko‘z oldimga keltira olmayman.
Yoki Katanes va O‘tkir Yusupov bilan bog‘liq misol bor. Yusupov bir necha o‘yinlarda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yayotgan, Abduvohid Ne’matov esa ham yoshlar tarkibida, ham klubda yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan paytda Katanetsga rahbarlar Yusupovdan voz kechish kerakligini aytishgan. Balki Srechkoning o‘zi ham bunday qaror haqida o‘ylagan bo‘lishi mumkin, lekin aynan shunday talablardan keyin u Yusupovni to‘liq himoya qilishga o‘tgan. Natijasini, ya’ni bizni aslida mundialga qaysi futbolchi olib chiqqanini yaxshi bilamiz. Tabiiyki, bunday qarorlar, har doim futbolcha argumentlar birinchi planda bo‘lishi futbolchilarga ham ta’sir qiladi, bosh murabbiy ularning asosiy va yagona himoyachisi ekanini bilishsa, boshqacha qabul qilinishi shubhasiz. Agar murabbiy mag‘lubiyatdan keyin videomurojaat qilib rahbariyatdan uzr so‘rab yursa (Ravshan Haydarovni aytyapman), tabiiyki chet ellik va o‘zimizning murabbiylar o‘rtasidagi nozik farqni sezish osonlashadi.
Mart oyida Abduqodir Husanov davlat tadbirlarida qatnashgani va deyarli tiklanmay Eronga uchib, muhim o‘yinda maydonga tushishga majbur bo‘lganini eslasangiz kerak. Men emas, o‘zingiz tasavvur qiling, o‘sha kuni milliy jamoa bosh murabbiyi Temur emas, Ioaxim Lyov bo‘lganida nima qilgan bo‘lardi? Menga ikki variantdan boshqasi kelmayapti. Birinchisi, Husanov hech qayerga bormay, bazada olib qolinardi. Ikkinchisi, agar u bazada qolmasa, Eronga olib ketilmasdi. Hech bo‘lmasa, o‘yin kuni zaxirada qoldirilgan bo‘lardi.
Tan olish kerak, shunga o‘xshash farqlar bor va agar chet ellik murabbiy qay darajada taniqli, malakali bo‘lsa, mana shunday farqlar kattalashib boraveradi. Albatta, yirik musobaqalar tajribasi, taktik bilimlar ham borki, muvaffaqiyat uchun zarur bo‘lgan jihatning ajralmas qismidir.
O‘zbek murabbiylarini noprofessionalizmda ayblash fikridan yiroqman. Yaxshi murabbiylarimiz juda ko‘p va albatta, Temur ularning ichida eng old qatorda. Ammo bu bob chet ellik murabbiylar haqida va agar ayni paytdagi milliy jamoa bazasidagi, uning atrofidagi sharoitlar besh-olti yil avvalgi davrdan keskin farq qilsa, bunda O‘FA tegishli funksionerlarining mehnati bilan bir qatorda, bu yerda ishlagan, boshqacha qarash bilan tashrif buyurgan chet ellik murabbiylarning hissasi bor deb o‘ylayman.
Temur Kapadze bizni mundialga olib chiqdi. Bu argument bo‘la oladimi?
Mundial yo‘llanmasi uchun eng muhim o‘yinlar safarda Eron va BAA bilan to‘qnashuvlar edi, bu aniq. Ushbu o‘yinlarda jamoamizni Temur Kapadze boshlab tushdi va har ikki o‘yinda ham biz uchun qoniqarli natija qayd etildi. Tabiiyki, yo‘llanma uchun asosiy ishni bajargan, katta bosim ostida jamoani qabul qilib olgan ham Temur. Agar muvaffaqiyatsizlikka uchraganda, «tayyor oshni suzib berolmagan noshud»ga chiqardi, g‘alaba qozonib ham, mana, aslida u olib chiqdimi, Katanetsmi, deb bahslashib o‘tiribmiz. Bu shartlarda vaziyatni foydamizga hal qila olgan murabbiydan har qancha minnatdor bo‘lsak arziydi. Bu tarix va buni hech kim o‘zgartira olmaydi: milliy jamoamiz ilk jahon chempionati yo‘llanmasini Temur Kapadze qo‘l ostida qo‘lga kiritgan. Tamom.
Shu bilan birga, yana ikki inkor qilib bo‘lmas haqiqat bor. Nega Katanes so‘nggi paytlarda tanqidlar ostida qoldi? Axir u ham deyarli hamma o‘yinda qoniqarli natijani qo‘lga kiritgan edi-ku? Ha, u asosan ehtiyotkor taktikasi, himoyaga qattiq e’tibor berishi bilan ko‘pchilikka yoqmadi va shu tufayli uning mehnatlari kamsitilganini ko‘p o‘qidik. Endi savol, Qirg‘iziston bilan Toshkentda bir kishi ko‘p o‘ynab, atigi 1:0 yutgan kim edi? BAA ham xuddi Qatar kabi so‘nggi daqiqalarda gol urib, bizni yutishi mumkinmidi?
Ya’ni aslida ehtiyotkorlik vaziyat taqozosi bo‘lgan, Katanes ham bosim kamroq bo‘lgan avvalgi o‘yinlarda kerak bo‘lganda hujumkor bo‘la olganini ko‘rganmiz. Buni Kapadzening o‘zi ham, muhim paytlarda ehtiyotkorlik qilib isbotladi. Bu bilan Katanes ham so‘nggi, hech narsani hal qilmaydigan o‘yinda Qatarni yirik hisobda yutgan bo‘lardi, deb ishonaman.
Kapadze so‘nggi nuqtani qo‘ygan bo‘lsa-da, aslida jamoada qandaydir burilish yasab, o‘z uslubini olib kirib, yakunda yo‘llanmani yutib bermadi. Mavjud bo‘lgan jamoa, ayrim yaxshi o‘zgarishlar bilan o‘z yo‘lida davom etdi va eng boshidan egallab kelgan o‘rnini saqlab qoldi. Menimcha, saralashga bir butun sifatida qarashimiz, Kapadzening rolini esa oshirib, yo tushirib yubormasdan, o‘ziga berilgan vazifani uddalay olgan mutaxassis sifatida qabul qilishimiz to‘g‘riroq. Uning holatida boshqachasi ham noto‘g‘ri bo‘lardi, buni Kapadzening o‘zi ham tan olgan.
Nima demoqchiman? Argument sifatida Temur Kapadze jamoani mundialga olib chiqqani tufayli davom etishi kerakligini aytayotganlar ko‘p. Bu xuddi o‘z vaqtida «Chelsi» vaqtinchaga Di Matteoni murabbiy etib tayinlab, u kutilmaganda Chempionlar Ligasini yutgach, mukofot sifatida kelasi mavsumda ham olib qolishganini eslatib yuboradi. Di Matteo keyingi mavsum uch oydan keyin iste’foga chiqarilgan.
Ya’ni ayni paytda Kapadzeni shartli boshqa bir mutaxassis bilan solishtirar ekanmiz, har ikki murabbiy uchun argumentlar keltiriladi. Masalan, qaysi murabbiyning taktik uslubi jamoa uchun mos, qaysi murabbiyning tayyorgarlik dasturi qanaqa, futbolchilar qaysi murabbiy bilan yaxshiroq bo‘lishi mumkin va hokazo. Mana shu va yana bir qator jihatlar taroziga qo‘yiladi va Kapadzening pallasida uning «bizni jahon chempionatiga olib chiqqani», «agar ketkazilga noinsoflik bo‘lishi», «o‘zimizniki ekani» kabi argumentlar bo‘lmasligi kerak.
Milliy jamoaga sport bo‘limi nega kerak?
Shaxsan men uchun milliy jamoamizda qanchalik malakali, tajribali murabbiy ishlasa, shu yaxshiroq. Ya’ni Ioaxim Lyov kabi murabbiy jamoamizni bugungidan ham kuchliroq qilishiga ishonaman. Lekin tahririyatning o‘zidagi boshqa jurnalist butunlay aksini to‘g‘ri deb bilishi, Kapadze varianti yaxshiroq deb hisoblashi mumkin. Afsuski, ikki parallel olamda har ikki variantni ko‘ra olmaymiz, buning iloji yo‘q. Bir yil o‘tib mundialdagi natijaga qarab yana bahs davom etaveradi, normal holat.
Ispaniyada futbol yulduzlari doim bo‘lgan. Lekin yirik turnirlarning eng omadsiz jamoasi edi, 2008 yilga kelibgina Yevropa chempionatida g‘olib chiqishdi. Keyingi chempionliklarni qaysidir ma’noda «Barselona»ning porlashi bilan bog‘lash mumkin, ko‘p mehnat kerak bo‘lmagandir, lekin Yevro-2024 yildagi g‘alabani qiyoslab bo‘lmaydi. Ispaniya tarkibida faqat Rodri, Yamal va Pedri tom ma’noda birinchi toifali futbol yulduzlari edi. Boshqa chiziqlarda esa Ispaniyadagi o‘rtamiyona klublar vakili yoki top-klublarning o‘rtamiyona futbolchilari o‘rin olgandi. Ammo Fransiya, Angliya, Germaniya, Portugaliya kabi yulduzli jamoalar fonida ham Ispaniya eng yaxshi futbol namoyish eta oldi.
Sababi, jamoaning sport bo‘limi ham yaxshi ishlagan, to‘g‘ri murabbiy tanlay olgan. Ispaniyani boshqarguncha hech qanaqa sovrin yutmagan, faqat yoshlar jamoalari bilan muvaffaqiyat qozongan de la Fuente ikki yilda ham Millatlar Ligasini, ham Yevropa chempionatini yutdi.
Bu misol go‘yoki Temur Kapadzeni Ioaxim Lyov qarshisida favorit qilib ham qo‘yadi. Ana, ispanlar mashhur, top murabbiylarga emas, yoshlar bilan ishlagan o‘zining mutaxassisiga ishonib, chempion bo‘ldi-ku, nega Lyov kelishi kerak, deb. Balki bu fikr ham o‘rinlidir.
Ammo aslida aytmoqchi bo‘layotganim shu – O‘FA va sport bo‘limi har tomonlama hisob qilishi, hamma omillar ustida chuqur tahlil qilishi va shundan keyingina to‘g‘ri deb hisoblagan qarorni qabul qilishi lozim. Mana, chet ellik eng zo‘rini olib keldik, qo‘ldan kelganini qildik, lekin borimiz shu, deb ham, axir Kapadze bizni mundialga olib chiqdi, uni bo‘shatib yuborsak noinsoflik, deb ham baholamaslik kerak. Bu tavakkal bo‘ladi. Ertaga yo xato qilgan bo‘lasiz, yo yutasiz.
Hammasi professional darajada o‘ylangan, asoslantirilgan, quvvatli qaror bo‘lishi lozim. Ana shunda, ertangi natijadan qat’i nazar, bugun eng to‘g‘ri ishni amalga oshirgan bo‘lasiz.
Bundan tashqari, yana bir muhim nuqta – yangi murabbiy bilan qancha muddatga kelishiladi? Misol uchun, ayni paytdagi jamoa yetakchilari yoshi katta futbolchilardan iborat. Tabiiyki, yaqin yillarda avlodlar almashinuvini boshdan kechirishi kerak. Katanes Shukurov, Shomurodov, Masharipov, Iskanderov, Sayfiyev kabi futbolchilar uchun mos uslub olib kirgan bo‘lsa, jamoa klub emas, doim bir yo‘nalishda yashab, mos futbolchilarni topishning iloji bo‘lmaydi. Demak, mundialda qatnashish bilan birgalikda, keyingi rejalar ham strategik ahamiyatga ega bo‘ladi.
Milliy jamoa sport bo‘limi esa bu savollarga ham javob izlashi, keyingi jarayonlarni ham qamragan holda qarorlar qabul qilishi shart. Murabbiy o‘z oldiga muayyan musobaqada munosib qatnashishni maqsad qilib qo‘yar, ammo O‘FA endi, hozirdan har safar jahon chempionatiga chiqish, Osiyo kuboklarida sovrin uchun kurashish haqida o‘ylashni boshlashi lozim.
Qaysi biri to‘g‘ri? Kapadzemi yoki Lyov? Men bilmayman. Yo bilaman. Yuqorida aytganimdek, bitta fikr aytishim va o‘z argumentlarimni tirkashim mumkin. Yaxshiki mas’ul emasman. Lekin kimdir toshning tagiga qo‘lini qo‘yishi kerak. Qiyin. Ha, mas’uliyatli. Lekin hech kim oson bo‘ladi, deb aytmagan-ku...
Q.Aslanov
Manba: Kun.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar