
Tailand qirollik sudining rasmiy bayonotiga ko‘ra, mamlakatning eng ehtiromli arboblaridan biri bo‘lgan qirolichaning onasi Sirikit uzoq davom etgan xastalik sababli 93 yoshida vafot etdi. Uning hayotdan ko‘z yumgani 2025-yil 24-oktyabr kuni Bangkokdagi kasalxonada, qon infeksiyasi oqibatida yuz bergani bildirildi.
So‘nggi yillarda amaldagi qirol Maxa Vachiralongkornning onasi bo‘lgan Sirikit sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab omma oldida deyarli ko‘rinmagan edi. Uning vafoti munosabati bilan mamlakatda bir yillik motam va eng oliy darajadagi dafn marosimi e’lon qilindi.
Sirikit Tailand xalqining qalbidan chuqur joy olgan. Uning suratlari butun mamlakat bo‘ylab — uylar, ofislar va jamoat joylarida osilgan holda turar edi. Uning tug‘ilgan kuni — 12-avgust Tailandda “Ona kuni” sifatida nishonlanar edi.
Qirolicha o‘z umrini qishloq aholisi hayotini yaxshilash, milliy urf-odatlarni asrash hamda atrof-muhitni muhofaza qilish kabi ezgu ishlarga bag‘ishlagan. U nafaqat o‘z mamlakati, balki butun Osiyo bo‘ylab go‘zallik, nafislik va yuksak did timsoli sifatida tan olingan. Mashhur nashrlar — Vanity Fair uni “Osiyolik Jeki Kennedi”, Paris Match esa “barcha davrlarning eng go‘zal malikasi” deya ta’riflagan.
Sirikit 1950-yilda qirol Pxumibol Adulyadetga turmushga chiqib, uch nafar qiz va bir o‘g‘ildan iborat oilani tarbiyalagan. U Bangkokdagi zodagonlar oilasida tug‘ilgan bo‘lib, o‘z davrida xalqning ishonchi va mehrini qozongan eng nufuzli qirollik vakillaridan biri bo‘lib qolgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!