date

“Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti” milliy brend sifatida tan olindi

“Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti” milliy brend sifatida tan olindi

Surxondaryo viloyatining tarixiy va madaniy jihatdan boy hududi bo‘lgan Jarqo‘rg‘on tumani yana bir yirik yutuqqa erishdi — endilikda bu yerning mashhur milliy taomi, “Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti”, geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatiga olindi. Bu taom endi faqat Surxon zaminiga xos gastronomik brend sifatida qonuniy muhofazaga ega bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, taomning betakrorligi hududning tabiiy iqlimi va mahalliy mahsulotlar bilan chambarchas bog‘liq. Jarqo‘rg‘onning issiq-quruq havosi, yaylovlarda boqilgan hisori qo‘zilar go‘shti va tandirga archa shoxlaridan yoqilgan olov – taomga o‘ziga xos mazza va hid baxsh etadi.

“Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti” odatda +400 °C atrofida qizdirilgan yer tandirda 1,5–2 soat davomida bug‘ va issiqlik ta’sirida pishiriladi. Bu jarayonda go‘sht tashqi tomondan qizarib, ichidagi shirani saqlab qoladi. Natijada taom nafaqat mazali, balki o‘ziga xos parhez xususiyatlariga ham ega bo‘ladi.

Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi bu milliy taom nomini noqonuniy ishlatishdan asraydi va asl retsepturani himoya qiladi. Bu, o‘z navbatida, mahsulot sifati bo‘yicha yagona standartlar joriy etilishi va Jarqo‘rg‘on brendining xalqaro miqyosda tan olinishiga xizmat qiladi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, “Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti” faqat milliy taom sifatida emas, balki hududning iqtisodiy va turistik imkoniyatlarini kengaytiruvchi brend sifatida ham katta ahamiyatga ega. Endi bu taom Surxon gastronomik merosining yuztutariga aylanishi kutilmoqda.

Geografik ko‘rsatkich (GK) tushunchasi ma’lum hudud bilan bog‘liq mahsulot sifati va obro‘sini kafolatlaydigan intellektual mulk hisoblanadi. U mahsulotning haqiqiy manbasini aniqlaydi, iste’molchida ishonch uyg‘otadi va ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyat yaratadi.

Shu bilan, “Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti” nafaqat Surxon taomlarining iftixori, balki O‘zbekiston milliy gastronomiyasining yana bir yuksak namunasi sifatida tarixga kirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » “Jarqo‘rg‘on tandir go‘shti” milliy brend sifatida tan olindi