
Rossiyalik tennischi Kamilla Rahimova O‘zbekiston tennis terma jamoasiga qo‘shildi. Bu haqda O‘zbekiston Tennis federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Federatsiya vakillari Rahimovaning qo‘shilishi ayollar terma jamoasini yanada kuchaytirishini ta’kidladi. Dekabr oyining boshiga kelib sportchi WTA reytingida 109-o‘rinni egallab turibdi.
Rossiya Tennis federatsiyasi rahbari Shamil Tarpishchev Rahimovaning O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tishini xiyonat deb hisoblamasligini aytdi. Unga ko‘ra, Kamilla Rahimovaning sport fuqaroligini almashtirish qarori shunchaki o‘yin amaliyotini davom ettirish istagi bilan bog‘liq.
“Bizning terma jamoamizga u kira olmasdi. O‘zbekiston safida esa imkoniyat bor.
Ammo bu hali Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni anglatmaydi. Olimpiadaga yo‘l olish uchun WTA reytingida kamida 60-70-o‘rinlarda bo‘lish kerak”, — deydi Tarpishchev TASS agentligiga bergan intervyusida.
Kamilla Rahimova 2001-yil 28-avgust kuni Yekaterinburg shahrida tug‘ilgan. 24 yoshli tennischi juftlik bellashuvlarida uchta WTA turniri chempionligini qo‘lga kiritgan.
Uning yakkalikdagi eng yaxshi reytingi 60-o‘rinni tashkil etgan. Bu haqda O‘zbekiston Tennis federatsiyasi ma’lum qildi.
Ubitennis portali xabariga ko‘ra, Rahimova Fransiyaning Anje shahrida o‘tkazilayotgan WTA 125 turnirida ishtirok etmoqda. U turnirning ilk bosqichida rossiyalik Alina Korneevani 6:1, 6:1 hisobida mag‘lub etgan.
Rahimova O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan va WTA reytingida ilk 200 talikka kirgan ikki tennischidan biridir.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.