date

O‘zbekiston—Xitoy o‘yini oldidan Haydarov qat’iy bayonot berdi

O‘zbekiston—Xitoy o‘yini oldidan Haydarov qat’iy bayonot berdi

U-23 Osiyo kubogi chorak final bahslari arafasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov hamda futbolchimiz Sardorbek Bahromov qatnashib, Xitoyga qarshi o‘tadigan hal qiluvchi to‘qnashuv oldidan kayfiyat va tayyorgarlik jarayoni haqida fikr bildirdi.

Ravshan Haydarov avvalo guruh bosqichidagi vazifa bajarilganini ta’kidlab, pley-offga chiqqan barcha jamoalarni tabrikladi. Uning aytishicha, endi oldinda maqsadlar yo‘lidagi eng muhim o‘yin — Xitoy bilan bahs turibdi.

“Assalomu alaykum, hammaga xayrli kun. Oldimizga qo‘yilgan birinchi vazifani uddalaganimizdan xursandmiz. Ertaga, Xitoy bilan maqsadlarimiz yo‘lidagi eng muhim o‘yin bo‘lib o‘tadi. Tiklanish jarayonlarini yaxshi tashkil qildik, raqibning uchrashuvlarini tahlil qilib, yetarlicha o‘rgandik. Jamoamiz bellashuvga tayyor”, — dedi bosh murabbiy.

Jidda havosi va tiklanish: “moslashdik, ta’siri bo‘lmaydi”

Terma jamoamiz Ar-Riyoddan Jiddaga yo‘l olgani, bu yerda havo biroz issiqroq ekani ham tilga olindi. Ammo Haydarov bu holat jamoa uchun muammo bo‘lmasligini aniq aytdi.

“Ar-Riyoddan Jiddaga uchib o‘tdik. Havo sal issiqroq, lekin moslashib oldik. Farqi juda katta emas. Bu jamoamizga ta’sir qilmaydi”, — dedi u.

“Bir kun ko‘p dam oldik”, ammo…

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Xitoyga nisbatan bir kun ko‘proq dam olgani haqida savol ham bo‘ldi. Haydarov buni shartli ustunlik deb baholadi: vaqtning bir qismi yo‘lga ketgan bo‘lsa-da, tiklanish rejalari to‘liq bajarilgan.

“Ha, Xitoydan bir kun oldin o‘ynadik. Lekin o‘sha kunning o‘zi ham uchib o‘tishga ketdi. Shunga qaramay, tiklanish bo‘yicha barcha rejalarimizni bajardik. Hamma kerakli ishlar qilindi”, — dedi murabbiy.

Shu bilan birga, tarkib bo‘yicha ham muhim yangilik aytildi: jamoada deyarli barcha futbolchilar o‘yinga shay. Faqat bitta yo‘qotish bor — Ibrayimov ikki sariq kartochka sabab ertangi bahsni o‘tkazib yuboradi.

“Bitta o‘yinchidan tashqari, hamma jangovor holatda. Ibrayimov ikki sariq olgani uchun ertangi o‘yinni o‘tkazib yuboradi”, — deya aniqlik kiritdi Haydarov.

Xitoy haqida baholash: “tartibli, hurmatga sazovor jamoa”

Bosh murabbiy Xitoy terma jamoasini anchadan beri yaxshi bilishini, turli musobaqalarda ko‘p to‘qnash kelganini eslab o‘tdi. Unga ko‘ra, Xitoy yildan yilga o‘sib bormoqda va hozir eng yaxshi holatiga yetib kelgan.

“Xitoyni anchadan beri bilamiz. Ko‘p musobaqalarda o‘ynaganmiz. Yildan yilga yaxshilanyapti. Hozir ular eng yaxshi davrida. Juda yaxshi avlod yig‘ilgan. Murabbiylar shtabi ham uzoq vaqtdan beri ishlab kelyapti, o‘yin uslubini futbolchilarga singdirishgan. Tartibli va hurmatga sazovor jamoa. Biz ham shunga yarasha tayyorgarlik ko‘ryapmiz, kuchli-kuchsiz tomonlarini o‘rganyapmiz”, — dedi Haydarov.

Sardorbek Bahromov: “Raqib tanlash yo‘q, g‘alaba uchun chiqamiz”

Futbolchimiz Sardorbek Bahromov ham o‘z so‘zida butun O‘zbekiston xalqini chorak finalga chiqish bilan tabrikladi. Uning ta’kidlashicha, bu bosqichdan keyin yengil raqib bo‘lmaydi — har biri final uchun kurashadi.

“Assalomu alaykum barchaga! Bu bosqichga chiqqanimiz bilan butun O‘zbekistonni tabriklayman. Ertaga muhim o‘yin. Qiyin uchrashuvlarni o‘tkazdik, buyog‘iga raqib tanlash yo‘q. Maydonga chiqib, g‘alaba uchun harakat qilamiz”, — dedi Bahromov.

U Xitoy termasini Osiyodagi kuchli jamoalardan biri sifatida baholab, raqibning ham hujumda, ham mudofada birdek yaxshi o‘ynashini aytdi.

“Xitoy yaxshi terma jamoa. Kattalar ham, kichiklar ham ularga qarshi har doim jangovor o‘yin o‘tkazishgan. Osiyoda yaxshi jamoalardan biri. Ular mudofada ham, hujumda ham bir xil yaxshi o‘ynadi. Biz ertaga o‘zimizni har tomonlama yaxshi ko‘rsatib, keyingi bosqichga chiqishga harakat qilamiz”, — deya fikrini yakunladi futbolchi.

Bir so‘z bilan aytganda, jamoamizda kayfiyat joyida: tayyorgarlik rejasi bajarilgan, iqlimga moslashilgan, raqib o‘rganilgan. Endi eng muhimi — maydondagi amaliy ijro. Pley-offda gap ko‘p emas, natija gapiradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston—Xitoy o‘yini oldidan Haydarov qat’iy bayonot berdi