Kiyev qishda sinovda: zarbalar suv, issiqlik va yorug‘likni uzmoqda...

Isitish mavsumi boshlanganidan beri Ukraina tomoni RF kuchlari mamlakatning energiya obyektlari va issiqlik ta’minoti tizimlariga qarshi 256 ta havo hujumi hujjatlashtirilganini ma’lum qildi. Bayonotga ko‘ra, 2025 yil oktyabr boshidan “maqsadli ravishda” 11 ta gidroelektrostansiya hamda 45 ta yirik issiqlik elektr markazlari nishonga olingan. Shuningdek, issiqlik elektr stansiyalariga 49 ta aniq havo zarbasi, turli hududlardagi elektr podstansiyalariga esa 151 ta zarba berilgani qayd etilgan.
Ukraina tarafining ta’kidlashicha, zarbalar “Geran” dronlari, shuningdek “Iskander”, “Kalibr”, “X-101”, “X-69” kabi ballistik va qanotli raketalar orqali amalga oshirilgan. Eng ko‘p o‘qqa tutishlar Kiyev shahri va Kiyev viloyati, Xarkiv, Odessa, Dnipropetrovsk, Sumi, Mikolayiv hamda Chernixiv viloyatlaridagi obyektlarga to‘g‘ri kelgan.
Sovuq keskinlashgan palladagi bunday hujumlar elektr va issiqlikning keng ko‘lamda o‘chishiga, ayrim joylarda suv ta’minoti uzilishiga olib kelayotgani aytilmoqda. Xorij OAV esa bu qishda poytaxtdagi vaziyatni urush boshlanganidan beri eng og‘ir davrlardan biri sifatida ta’riflamoqda.
Kiyevdagi real manzara ham shu xavotirlarni kuchaytirdi. Yanvar oyining boshlarida Rossiya zarbalari ortidan shahar va qator hududlarda elektr tarmoqlarida jiddiy uzilishlar yuz bergani, aholi sovuqda qolib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Masalan, Reuters xabarlarida Kiyevdagi turar joylar shamolga “ochilib” qolgani, infratuzilmaga bosim ortgani, keng ko‘lamli zarbalar qayd etilgani yozilgan.
Kiyev shahar hokimiyati tomonidan ham favqulodda o‘chirishlar rejimi joriy etilgani, issiqlik ta’minoti tiklanib ulgurgan ayrim hududlarda ham tarmoqdagi muammolar sabab qayta cheklovlar kiritilgani haqida ma’lumotlar berilgan.
Mutaxassislar fikricha, qishning eng keskin nuqtalarida energiya tizimiga zarba — bu faqat elektr emas, balki issiqlik, suv, transport va kundalik hayot zanjirining barcha bo‘g‘inlariga urilgan zarba. Shuning uchun Ukraina tomoni ham hozirgi hujumlarni oddiy harbiy epizod emas, balki aholi turmushini izdan chiqarishga qaratilgan bosim deb baholamoqda.
Qisqasi, qish — har doim sinov. Lekin tayyorgarlik, tezkor ta’mirlash ishlari va aholining ehtiyotkorligi ko‘p narsani hal qiladi. Eng muhimi — har bir uzilish “tamom” degani emas: tizim qayta tiklanadi, faqat bu safar narxi og‘irroq bo‘lyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!