Fenerbahche sobiq futbolchisi Mourinyoni so'zida turmagan dedi

"Fenerbahche"ning sobiq futbolchisi Linkoln klubning 2024–2025 yillardagi bosh murabbiyi Joze Mourinyoni keskin tanqid qildi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Linkolnning aytishicha, portugaliyalik mutaxassis unga bergan va’dasini bajarmagan. Futbolchi Mourinyo ko‘p sovrin yutganini tan olgan bo‘lsa-da, o‘ziga nisbatan hurmatsizlik bo‘lganini ta’kidladi: uning nazarida, hayotda xarakter tituldan ham muhim.
Linkoln "Xall Siti"ga ijara asosida ketishidan oldin Mourinyo bilan gaplashganini esladi. Unga ko‘ra, murabbiy futbolchini Portugaliyadagi yozgi yig‘inga ko‘rishni xohlaganini aytgan. Linkoln mavsumni "Xall Siti"da yakunlab, yig‘inga chaqiruv kutgan, biroq keyinroq tarjimon orqali Mourinyoga chiqmoqchi bo‘lganida, murabbiy muloqotdan bosh tortib, sport direktoriga yo‘naltirgan.
Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, jamoa Portugaliyada bo‘lgan paytda u ham uyida Portugaliyada turgan, ammo shunga qaramay Mourinyo uni Istanbulga yuborib, alohida mashg‘ulot o‘tashini buyurgan. Linkoln buni adolatsiz va hurmatsiz munosabat deb baholadi.
Shuningdek, u klubga yordam berish uchun ko‘plab o‘yinlarda o‘z pozitsiyasida bo‘lmasa ham bor kuchini berganini, og‘ir jarohatdan keyin esa qo‘llab-quvvatlash kutgani, ammo buni his qilmaganini aytdi. "Boshqalar kabi mashhur futbolchi bo‘lmasam ham, maydonda doim oxirigacha kurashganman", — dedi Linkoln Fanatik nashriga bergan intervyusida.
Hozirda Joze Mourinyo "Benfika"ni boshqarmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!