Kia XCeed kross-xetchbeki yangilandi

Kia kompaniyasi o‘zining mashhur XCeed kross-xetchbekini ikkinchi bor modernizatsiya qildi. Yangilangan model tashqi ko‘rinishi jihatidan brendning zamonaviy elektromobillari, xususan, EV3 va yangilangan Stonic uslubini o‘zida mujassam etgan. Avtomobil vertikal joylashgan LED chiroqlar, toraytirilgan radiator panjarasi hamda qayta ishlangan old va orqa bamperlar bilan jihozlandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Salon qismi ham sezilarli o‘zgarishlarga uchradi. Endilikda haydovchi ixtiyorida ikkita 12,3 dyuymli ekrandan iborat raqamli kokpit, yangi old panel va ikki spitsali rul mavjud. Shuningdek, markaziy konsol va ventilyatsiya tizimi deflektorlari ham qayta loyihalashtirilib, boshqaruv elementlari yanada qulaylashtirildi.
Texnik jihatdan model an’anaviy benzinli dvigatellar hamda «yumshoq» gibrid tizimlar bilan taklif etilishi tasdiqlandi. Bundan tashqari, plagin-gibrid (PHEV) versiyasi ham kutilmoqda. Muhandislar osma tizimni (podveska) qayta sozlash orqali avtomobilning yurish qulayligini oshirishga erishdilar.
Yangilangan Kia XCeed ishlab chiqarilishi 29-may kuni Slovakiyaning Jilina shahridagi zavodda boshlanadi. Yevropa bozorida sotuvlar yaqin haftalar ichida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan, biroq narxlar hozircha e’lon qilinmagan. Model Yevropa bozorida yangi Kia Seltos bilan raqobatlashadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!