ElevenLabs kompaniyasiga yangi investorlar qoʻshildi

Ovozli sunʼiy intellekt texnologiyalari boʻyicha yetakchi ElevenLabs kompaniyasi 500 million dollarlik Series D investitsiya bosqichida yangi hamkorlarni jalb qilganini eʼlon qildi. Roʻyxatdan BlackRock, Wellington, D.E. Shaw va Schroders kabi yirik moliya institutlari, shuningdek, NVIDIA, Salesforce Ventures, Santander, KPN va Deutsche Telekom kabi texnologik gigantlar oʻrin oldi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Investitsiyalar qatorida mashhur shaxslar ham bor. Xususan, aktyorlar Jamie Foxx, Eva Longoria va "Squid Game" seriali muallifi Hwang Dong-hyuk kompaniyaga sarmoya kiritgan. ElevenLabs oʻzining yillik takrorlanuvchi daromadi (ARR) 500 million dollardan oshganini maʼlum qildi. Kompaniya bahosi esa oʻtgan yilning sentyabrida 6,6 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning fevraliga kelib 11 milliard dollarga yetdi.
Kompaniya bosh direktori Mati Staniszewski inson darajasidagi ovozli modellarni yaratish muhimligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, foydalanuvchilar robotlashgan yoki gʻayritabiiy tovushli tizimlarga ishonmaydi. Shu bois, ElevenLabs tadqiqot guruhini kuchaytirish maqsadida Polshaning Paplato startapi jamoasini ham oʻz tarkibiga qoʻshib oldi.
Bundan tashqari, ElevenLabs Robinhood Ventures orqali xususiy investorlarga ham kompaniya aksiyalarini sotib olish imkoniyatini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Ayni damda kompaniya Deutsche Telekom, Revolut va Klarna kabi yirik korporatsiyalar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolab ulgurdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!