RB Leyptsig g'alabani qo'ldan boy berib, Sankt-Pauli bilan durang o'ynadi

Germaniya Bundesligasining 19-turida «Sankt-Pauli» o'z maydonida «RB Leyptsig»ni qabul qildi va uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Mehmonlar bahs boshidayoq hisobni ochishga yaqin kelishdi: 8-daqiqada Ksaver Shlagerning zarbasi ustunga tegib qaytdi. «Sankt-Pauli» ham javobsiz qolmadi — Riki-Djeid Djonz jarima maydonida nazoratsiz qolgan vaziyatdan foydalana olmadi, qolaversa, epizodda ofsayd ham bor edi. Birinchi bo'lim oxirlarida Yan Diomandning uzatmasidan so'ng Antonio Nusaning zarbasini darvozabon qaytardi.
66-daqiqada «RB Leyptsig»ning burchakdan uzatmasi samara bermadi, biroq hujum davom etdi va Diomand rikoshet yordamida to'pni darvozaga joyladi — 0:1. Uchrashuvga qo'shib berilgan daqiqalarda esa David Raum jarima maydonida Marteyn Karsga nisbatan qoidani buzdi va hakam penalti belgiladi. 11 metrlik zarbani aynan Kars golga aylantirdi — 1:1.
Ushbu durangdan so'ng «Buqalar» turnir jadvalida 4-o'ringa ko'tarildi, «Sankt-Pauli» esa pastki qismda — oxiridan ikkinchi pog'onada qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!