Ugo Souza Korintiansni tark etmaydi, taklif rad qilindi

Braziliyaning «Korintians» klubi direktorlar kengashi turkiyalik «Beshiktash»dan kelgan rasmiy taklifni qabul qilmadi. Estadao xabariga ko'ra, Istanbul klubi darvozabon Ugo Souzani sotib olish niyatida bo'lgan, biroq tomonlar kelishuvga yaqinlasha olmadi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Manbaga ko'ra, «Beshiktash» 27 yoshli golkiper uchun 10 million yevro taklif qilgan. Shaxsiy shartlar bo'yicha ham Souza transfer amalga oshgan taqdirda yangi jamoasida avvalgisidan to'rt baravar ko'proq maosh olishi mumkin edi, ammo aniq raqamlar keltirilmagan.
Ugo Souza avval «Flamengo» hamda Portugaliyaning «Shavesh» klubida to'p surgan. U 2024 yilda «Korintians»ga ijara asosida kelib qo'shilgan, o'tgan yili esa to'liq shartnoma imzolagan. Joriy mavsumda darvozabon 7 uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol o'tkazib yuborgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!