Roberto Martines O‘zbekiston terma jamoasi haqida fikr bildirdi...

AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlari mezbonlik qiladigan 2026 yilgi Jahon chempionati boshlanishiga sanoqli kunlar qolayotgan bir paytda, Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines bo‘lajak bahslar oldidan o‘z rejalari va fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Lissabon yaqinidagi Oeyrash shaharchasida tashkil etilgan rasmiy matbuot anjumanida ispaniyalik tajribali mutaxassis guruh bosqichidagi raqiblar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Martines guruhdagi eng nomdor raqiblardan biri hisoblangan Kolumbiya terma jamoasi haqida hozircha fikr bildirishni istamadi. Jamoa ustozi bor e’tiborini dastlabki turlardagi raqiblari — Kongo Demokratik Respublikasi va Jahon chempionatida debyut qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qaratganini alohida urg‘uladi.
«Biz Kongo DR va O‘zbekiston terma jamoalariga qarshi bo‘ladigan o‘yinlarni juda yuqori darajada hurmat qilamiz. Faqatgina ushbu ikki muhim bahsni yakunlab olganimizdan keyingina, uchinchi turdagi juda jiddiy raqibimizga qarshi qanday taktikada maydonga tushish haqida bosh qotirishni boshlaymiz», — deydi Martines.
Murabbiy Kongo terma jamoasi futbolchilarining yakkama-yakka kurashlardagi mahoratini yuqori baholash bilan birga, mundialga ilk bor tashrif buyurayotgan terma jamoalarning (jumladan, O‘zbekistonning) ichki kuch-qudratiga alohida to‘xtaldi:
«Jahon chempionati yo‘llanmasini ilk bor qo‘lga kiritgan jamoalarda shunday bir omil borki, uni na o‘lchab, na nazorat qilib bo‘ladi. Bu — futbolchilarning qalbidagi ulug‘vor orzu va cheksiz ishtiyoqdir. Ular ushbu nufuzli musobaqada o‘z mamlakatlari sharafini himoya qilishni va bor kuchlarini ko‘rsatishni juda-juda istashadi».
Suhbat yakunida Roberto Martines zamonaviy futbolda FIFA reytinglari yoki qog‘ozdagi «favorit» maqomi hech qanday rol o‘ynamasligini ta’kidlab o‘tdi. Uning fikricha, mundialda har bir uchrashuv yangi tarix bo‘lib, jamoa uchun eng asosiy vazifa — musobaqani g‘alaba bilan boshlab olishdir.
Eslatib o‘tamiz, Portugaliya terma jamoasi «K» guruhidagi yurishini 17 iyun kuni Xyustonda Kongo DR terma jamoasiga qarshi bahs bilan boshlaydi. Shundan so‘ng ular ikkinchi turda hamyurtlarimiz — O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushishadi. Guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvi esa 28 iyun kuni Mayami shahrida Kolumbiyaga qarshi bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!