date

Rodri Ispaniya terma jamoasining JCH-2026 dagi bosh maqsadini oshkor qildi

Futbol bo‘yicha bo‘lajak jahon chempionati boshlanishi arafasida yulduzli jamoalar va ularning yetakchilari o‘rtasidagi ichki muhit va rejalar muxlislar uchun juda qiziq. Kuni kecha Ispaniya milliy terma jamoasi va «Manchester Siti» klubining mahoratli yarimhimoyachisi Rodri navbatdagi mundialdan kutayotgan umidlari va jamoasining bosh rejalari haqida matbuotga atroflicha gapirib berdi.

Tajribali futbolchining fikricha, musobaqa oldidan beriladigan turli maqtovlar va "favorit" degan nomlar maydonda hech qanday ahamiyatga ega emas:

«Turnir startidan avval sizning favorit ekanligingiz yoki bu ro‘yxatda yo‘qligingiz unchalik muhim rol o‘ynamaydi. Hamma narsa aynan o‘yin bo‘layotgan paytda maydonda qanday harakat qilayotganingizga bog‘liq. Masalan, biz Yevro-2024 musobaqasida ham asosiy da’vogarlar qatorida tilga olinmagandik, biroq yakunda chempionlikni qo‘lga kiritdik. Sababi, biz ortiqcha taxminlar haqida bosh qotirib o‘tirmadik».

Shuningdek, Rodri yangi formatdagi dunyo birinchiligi futbolchilardan juda katta kuch va iroda talab qilishini ham yashirib o‘tirmadi:

«Shubhasiz, bu galgi Jahon chempionati tarixdagi eng murakkabi bo‘ladi. Chunki musobaqada ishtirokchilar soni ortdi va qo‘shimcha pley-off bosqichi paydo bo‘ldi. Bunday sharoitda futbolchilarning jismoniy holatini va yuklamalarni to‘g‘ri taqsimlash eng bosh omilga aylanadi. Biz eng muhim uchrashuvlar yetib kelguniga qadar o‘zimizning eng yuqori sport formamizga kirib olishimiz shart».

Ispaniyalik yulduz bo‘sh vaqtlarida raqiblarni tahlil qilishni xush ko‘rishi va jamoa ichidagi muhitni qanday shakllantirayotgani haqida ham to‘xtaldi:

«Men boshqa terma jamoalarning o‘yinlarini kuzatishni, ularning ayni paytdagi darajasini baholashni va bo‘lajak bahslar bizga qanday sovg‘alar tayyorlayotganini tahlil qilishni yaxshi ko‘raman. Mag‘lubiyat kechirilmaydigan pley-off tizimida yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanish eng muhim jihatdir. Men mana shu oltin qoidani terma jamoadagi sheriklarimning ongiga ham singdirishga harakat qilyapman. Chunki biz yer yuzidagi eng kuchli jamoa ekanimizni yana bir bor amalda ko‘rsatmoqchimiz. Bosh maqsadimiz — faqat g‘alaba».

Mashhur AS nashri futbolchining ushbu hayajonli fikrlarini keng jamoatchilikka taqdim etdi.

Ma’lumot uchun: Ispaniya milliy terma jamoasi bo‘lajak mundialning guruh bosqichida nisbatan qulay kvartetdan joy olgan. "Qizil furiya" keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun Janubiy Amerika grandi Urugvay, qit’adoshimiz Saudiya Arabistoni hamda afrikalik noqulay raqib himsoblangan Kabo-Verde terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Potensial jihatdan ispanlar guruhdan qiyinchiliksiz chiqishi taxmin qilinmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Rodri Ispaniya terma jamoasining JCH-2026 dagi bosh maqsadini oshkor qildi