Luis Enrike PSJ uchun Chelsini afzal raqib deb bildi

PSJ bosh murabbiyi Luis Enrike Chempionlar ligasi 1/8 finalida jamoasiga qaysi raqib maqulroq bo‘lishi haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Parij klubi pley-offning styk bosqichida «Monako»dan o‘tsa, keyingi davrada «Barselona» yoki «Chelsi» bilan to‘qnash keladi. Dastlabki uchrashuvda PSJ safarda monakoliklarni 3:2 hisobida mag‘lub etdi.
Enrike fikricha, PSJ uchun qulayroq variant — «Chelsi». Murabbiy «Barselona»ning o‘yinini alohida ta’kidlab, kataloniyaliklar to‘pni nazorat qilishni yaxshi ko‘rishi, yuqoridan pressing qilishi va tarkibida bir lahzada o‘yin taqdirini hal qila oladigan futbolchilar ko‘pligini qayd etdi.
“Agar tanlash imkonim bo‘lsa, «Chelsi»ni aytardim. «Barselona»ga qarshi o‘ynaganda sen faqat jamoaga emas, butun bir g‘oyaga ham qarshi turasan — bu esa vazifani yanada murakkablashtiradi”, — deya Enrikeninng so‘zlarini ispan OAV keltirdi.
Chempionlar ligasi 1/8 final uchrashuvlari mart oyida o‘tkaziladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!