"Barselona"ga zarba: Yamalning jarohati qanchalik jiddiyligi ayon boʻldi

"Barselona" jamoasi uchun jiddiy yoʻqotish yuz berdi — iqtidorli vinger Lamin Yamal joriy mavsumning qolgan qismida maydonga tusha olmaydi. Klub matbuot xizmati bu haqda rasman maʼlum qildi.
18 yoshli futbolchi La Liga doirasidagi "Selta"ga qarshi uchrashuvda jarohat olgandi. U birinchi boʻlimda penalti ijro etayotgan paytda noqulay harakat qilib, maydonni tark etishga majbur boʻlgan.
Dastlabki taxminlarda son orqa qismi mushagi shikastlangani aytilgan edi. Keyingi tibbiy tekshiruvlar esa bu gumonlarni tasdiqladi — Yamalda mushak jarohati borligi aniqlandi.
Shu sababli yosh yulduz La Ligada mavsumning qolgan oʻyinlarini oʻtkazib yuboradi. Bu “Barselona” uchun hujum chizigʻida sezilarli yoʻqotish hisoblanadi, chunki Yamal soʻnggi vaqtlarda jamoaning eng faol va xavfli futbolchilaridan biriga aylangan edi.
Biroq ijobiy jihati ham bor — shifokorlar prognoziga koʻra, futbolchi toʻliq tiklanib, jahon chempionatiga tayyor holda qaytishi mumkin.
Endi kataloniyaliklar mavsumning hal qiluvchi pallasida Yamalsiz qanday natija koʻrsatishi katta savol boʻlib qolmoqda.