“Destination Karakalpakstan 2026” info turi turizm salohiyatini keng ochdi

Joriy yilning 17–23 aprel kunlari “Destination Karakalpakstan 2026” forumi doirasida Toshkent shahri, Xorazm viloyati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻylab keng qamrovli va mazmunli info tur tashkil etildi. Ushbu tashabbus mamlakatning turistik imkoniyatlarini xalqaro maydonda yanada faol targʻib qilishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Mazkur info turda Yevropa va Osiyoning 20 ga yaqin davlatidan kelgan yetakchi turoperatorlar ishtirok etdi. Jumladan, Fransiya, Italiya, Norvegiya, Shveysariya, Belgiya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Pokiston va Xitoy kabi davlatlardan kelgan mutaxassislar Oʻzbekistonning turizm sohasidagi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishdi.
Info turning asosiy maqsadi — yurtimizning sayyohlik salohiyatini jahon miqyosida keng namoyish etish, yangi turistik marshrutlarni shakllantirish hamda xorijiy sheriklar bilan amaliy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat boʻldi. Shu jihatdan mazkur tadbir nafaqat tanishuv, balki kelgusi investitsiya va hamkorliklar uchun mustahkam poydevor vazifasini oʻtadi.

Sayohat dasturi avvalida ishtirokchilar Toshkentning zamonaviy qiyofasi, jadal rivojlanayotgan infratuzilmasi va yangi qurilayotgan turistik obyektlari bilan tanishdilar. Poytaxtdagi yangilanishlar va qulayliklar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan soʻng delegatsiya Xorazm viloyatiga yoʻl oldi. Bu yerda ular Ichan Qalʼa kabi noyob tarixiy yodgorlik, Nurullaboy saroyi va Xiva shahrining boshqa qadimiy maskanlarini koʻzdan kechirdilar. Ushbu hududlar orqali mehmonlar yurtimizning asrlar davomida shakllangan meʼmoriy merosi, tarixiy shaharsozlik anʼanalari va madaniy boyliklari bilan yaqindan tanishdilar.
Info turning eng taʼsirli qismi Qoraqalpogʻiston Respublikasida davom etdi. Bu yerda ishtirokchilar Ayoz qalʼa va Chilpiq qalʼa kabi noyob tarixiy obidalarni ziyorat qilishdi. Ushbu yodgorliklar orqali qadimgi sivilizatsiya izlari, oʻziga xos arxitektura va mintaqaning boy tarixi namoyon boʻldi.

Bundan tashqari, Orolboʻyi hududining betakror tabiati, noyob ekologik muhiti va rivojlanib borayotgan ekoturizm imkoniyatlari ham mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, oʻtov lagerlari faoliyati bilan tanishish davomida choʻl hududida yaratilgan turistik infratuzilma, milliy anʼanalarga asoslangan yashash sharoitlari va sayyohlar uchun taqdim etilayotgan xizmatlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, ishtirokchilar milliy taomlardan bahramand boʻlib, mahalliy aholining mehmondoʻstligi va anʼanaviy turmush tarzini bevosita his qilish imkoniga ega boʻlishdi. Bu esa Oʻzbekistonning nafaqat tarixiy va tabiiy, balki madaniy jihatdan ham juda boy mamlakat ekanini yana bir bor namoyon qildi.
Umuman olganda, mazkur info tur Oʻzbekiston turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni yanada kuchaytirish va mamlakatni jahon sayyohlik xaritasida yanada mustahkam oʻrin egallashiga xizmat qiladigan muhim tashabbus sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!