Mojtaba Xomanaiyning jarohati va salomatligi haqida savollar koʻpaydi

Eron Oliy rahbari Mojtaba Xomanaiy 28 fevral kuni Tehrondagi qarorgohiga uyushtirilgan havo zarbasi natijasida ogʻir jarohat olgani haqida maʼlumotlar tarqalmoqda. Xabarlarga koʻra, ushbu hujum Isroil tomonidan amalga oshirilgan boʻlib, voqea mintaqadagi vaziyatni yanada taranglashtirgan.
The New York Times nashrining Erondagi yuqori lavozimli manbalariga tayanib yozishicha, Xomanaiy yuzida jiddiy kuyish jarohatlarini olgan va bu holat uning erkin gapirish qobiliyatiga taʼsir koʻrsatmoqda. Shu sababli unga yaqin kunlarda plastik jarrohlik amaliyoti talab etilishi mumkinligi aytilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, fevral oyi oxiridan buyon u bir oyogʻida bir nechta – kamida uch marotaba jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Tabiblar holatni barqarorlashtirish ustida ish olib borayotgan boʻlsa-da, kelajakda protez oyoqqa ehtiyoj tugʻilishi ehtimoli ham istisno etilmayapti. Shuningdek, yaqinda u qoʻlida ham jarrohlik amaliyoti oʻtkazgani qayd etilgan.
Shunga qaramasdan, manbalarga koʻra, Xomanaiy ongli holatda va vaziyatni nazorat qilib bormoqda. Biroq ayrim strategik qarorlarni qabul qilish vakolatini u harbiy rahbarlar va generallarga yuklagan. Bu esa mamlakat boshqaruvida vaqtinchalik ichki taqsimot yuzaga kelganini anglatishi mumkin.
Eʼtiborlisi, Oliy rahbar hozircha jamoatchilikka audio yoki video murojaatlar bilan chiqishni istamayapti. Bunga sabab sifatida uning “zaif yoki kuchsiz koʻrinishni xohlamasligi” koʻrsatilmoqda. 8 mart kuni lavozimga kirishganidan buyon u asosan yozma bayonotlar bilan cheklanib, ular ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi esa Xomanaiyning omma oldida paydo boʻlishi uchun maʼlum vaqt talab etilishini maʼlum qildi. Bu esa uning sogʻligi toʻliq tiklanishiga hali vaqt kerakligini koʻrsatadi.
Ayni paytda xalqaro maydonda ham turli bayonotlar yangramoqda. Jumladan, Donald Tramp Eron yetakchisining tirik yoki yoʻqligi haqida shubhali fikr bildirgan. Bu kabi izohlar esa axborot maydonida turli taxmin va muhokamalarni yanada kuchaytirmoqda.
Eslatib oʻtish joiz, Mojtaba Xomanaiy lavozimga kirishishidan avval uning otasi Ali Xomanaiy Eronning Oliy rahbari sifatida faoliyat yuritgan edi. U ham aynan shu 28 fevral kuni sodir boʻlgan hujum oqibatida halok boʻlgani maʼlum qilingan.
Hozircha rasmiy maʼlumotlar cheklangan boʻlsa-da, Eron rahbariyati atrofidagi vaziyat xalqaro siyosiy muhitda jiddiy qiziqish uygʻotmoqda. Keyingi kunlarda yangi maʼlumotlar paydo boʻlishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!