date

Nepalda turizm sohasida ulkan sugʻurta firibgarligi fosh etildi

Nepalda turizm sohasida ulkan sugʻurta firibgarligi fosh etildi

Nepalda huquqni muhofaza qiluvchi organlar Himolay turizmi tarixidagi eng katta moliyaviy jinoyatlardan birini ochib berdi. Gidlar, vertolyot operatorlari va tibbiyot muassasalari xodimlaridan iborat 32 nafar shaxs katta miqdordagi sugʻurta mablagʻlarini noqonuniy yoʻl bilan oʻzlashtirganlikda gumon qilinmoqda.

Nepal Markaziy tergov byurosi maʼlumotiga koʻra, mazkur jinoiy sxema 2022–2025 yillar davomida asosan Everest marshruti va boshqa mashhur trekking yoʻnalishlarida amalga oshirilgan. Ushbu davrda qariyb 4800 nafar xorijiy sayyoh ushbu firibgarlik qurboniga aylangani aytilmoqda.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, jinoyatchilar asosan yaxshi sugʻurta polisiga ega boʻlgan sayyohlarni tanlab olgan. Ayniqsa, vertolyot orqali evakuatsiya xizmatlari qamrab olingan turistlar ularning asosiy “nishoni” boʻlgan. Gidlar turli bahonalar bilan turistlarning sogʻligʻi yomonlashgani haqida vaziyat yaratishga uringan.

Ayrim holatlarda sayyohlarga berilgan ovqat yoki ichimliklarga muayyan taʼsir qiluvchi moddalar qoʻshilgani, yoki yuqori dozada dori vositalari berilgani haqida gumonlar bildirilgan. Bu esa koʻngil aynishi, ich buzilishi va togʻ kasalligiga oʻxshash alomatlarni yuzaga keltirgan. Natijada “shoshilinch tibbiy holat” degan bahona bilan evakuatsiya jarayoni boshlangan.

Shundan soʻng sxema quyidagicha davom etgan: vertolyot chaqirilib, bir reys bir nechta sugʻurta hodisalari sifatida rasmiylashtirilgan, soxta tibbiy xulosalar tayyorlangan va turistlar Katmandudagi shifoxonalarga asossiz ravishda yotqizilgan. Bu orqali katta miqdordagi mablagʻlar sugʻurta kompaniyalaridan undirilgan.

Masalan, Mountain Rescue Service kompaniyasi yakka oʻzi 171 ta soxta evakuatsiyani amalga oshirib, 10,3 million dollarlik hisob taqdim etgan. Umumiy zarar esa 20 million dollardan oshgani qayd etilmoqda.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida tarqalgan “zaharlash” haqidagi sensatsion xabarlarga qaramasdan, rasmiy idoralar bu holatni hali tasdiqlamagan. Tergovchilar asosiy dalil sifatida moliyaviy hujjatlar, qalbaki maʼlumotnomalar va guvohlar koʻrsatmalarini keltirmoqda.

Ushbu mojaro mamlakat turizm sohasi nufuziga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Xalqaro sugʻurta kompaniyalari Nepaldagi trekking safarlari uchun polis shartlarini qayta koʻrib chiqishni boshlagan. Mutaxassislar bu holatni nafaqat iqtisodiy, balki milliy imidjga ham katta zarba deb baholamoqda.

Ayni vaqtda 11 nafar gumonlanuvchi hibsga olingan, qolganlari qidiruvga berilgan. Tergov jarayonlari davom etmoqda va yaqin kunlarda yangi tafsilotlar oshkor boʻlishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Nepalda turizm sohasida ulkan sugʻurta firibgarligi fosh etildi