Potter tanqid D'yo'kereshni yanada kuchliroq qildi deb hisoblaydi

Shvetsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Grem Potter Londonning «Arsenal» klubi hujumchisi Viktor D'yo'keresh manziliga aytilgan tanqidlar futbolchining o'ziga ijobiy ta'sir qilganini ta'kidladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
«Kanonirlar» shved forvardni o'tgan yozda Lissabondagi «Sporting»dan safiga qo'shib olgandi. Mavsum davomida D'yo'keresh samaradorligi u qadar yuqori emasligi uchun tez-tez tanqid ostida qoldi, jamoa bosh murabbiyi Mikel Arteta esa ayrim uchrashuvlarda boshqa variantlarni afzal ko'rdi.
Potterning fikricha, bosim va tanqid Viktorning xarakteri qanchalik mustahkam ekanini yana bir bor ko'rsatgan. Murabbiy D'yo'kereshga ishonchi to'liq ekanini bildirib, uni yuqori darajadagi futbolchi va yaxshi inson sifatida ta'rifladi. Shuningdek, u hujumchi «Arsenal»ning barcha to'rtta musobaqadagi natijalariga munosib hissa qo'shganini qayd etdi. Potter futbolchilik kasbida tanqidga duch kelish tabiiy jarayon ekanini ham eslatdi.
Joriy mavsumda Viktor D'yo'keresh «Arsenal» safida 36 o'yinda maydonga tushib, 15 ta gol va 2 ta golli uzatma muallifi bo'ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!