Qishki transferlar yakuni Yevropa grandlari qanday kuchaydi

Qishki transfer oynasida odatda kelishuvlar ko‘p bo‘lmaydi, bu safargi ro‘yxatdan o‘tkazish davri ham shu manzarani tasdiqladi. Shunga qaramay, Yevropaning yetakchi klublari tarkibini qiziqarli yurishlar bilan to‘ldirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Fransiya
Fransiya Ligasida katta summali bitimlar ko‘rinmadi, biroq bitta transfer baribir shov-shuv bo‘ldi. Mamlakat chempioni PSJ “Barselona”dan 18 yoshli yarim himoyachi Dro Fernandesni 8,2 mln yevroga sotib oldi va shartnomadagi sotib olish opsiyasini ishga tushirdi.
“Monako” esa jarohatlar va muammolarga qaramay, qishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilmadi. Biroq tarkibni ijaralar orqali kuchaytirdi: “Lester”dan himoyachi Vaut Fas, “Sanderlend”dan qanot futbolchisi Simon Adingra olib kelindi.
Qishki bozorda eng faol fransuz klubi “Marsel” bo‘ldi. Klub markaziy chiziqqa birdan uch futbolchini qo‘shib oldi: eng arzon transfer — Himad Abdelli (“Anje”, 2,75 mln yevro). Shuningdek, “Feyenoord”dan Kvinten Timber 4,5 mln yevroga, Belgiya “Zyulte-Varegem”idan Tochuqvu Nadi 6 mln yevroga sotib olindi. Bundan tashqari, “Arsenal”dan 18 yoshli Itan Nvaneri ijaraga olindi va u kelishi bilan foyda keltira boshladi.
Italiya
Bu qishda eng serharakat bozor aynan A Seriyada bo‘ldi — italyan klublari boshqa top-ligalarga qaraganda ko‘proq bitimlar amalga oshirdi. “Atalanta” va “Inter” bittadan transfer bilan cheklandi: milanliklar “Modena”dan 23 yoshli yarim himoyachi Yanis Massolenani 3,5 mln yevroga oldi va uni o‘sha klubda ijarada qoldirdi. Bergamo jamoasi esa “Atletiko” Madrid’dan Djakomo Raspadorini 22 mln yevroga olib, ancha jiddiy sarf qildi.
“Yuventus” va “Milan” qishda yangi futbolchilarga katta pul tikmadi. Turinliklar umuman to‘liq xarid qilmagan, ammo “Bolonya”dan Emil Holmni va “Nitsa”dan Jeremi Bogani ijaraga oldi. “Milan” esa APLda o‘yini chiqmay qolgan “Vest Hem” hujumchisi Nikolas Fyullkrugni ijaraga oldi, shuningdek, “Verona”ning 19 yoshli hujumkor yarim himoyachisi Alfadjo Sisseni 8 mln yevroga sotib oldi.
Bozorda “Napoli” ham o‘ziga xos ish qildi. Antonio Konte jamoasining chempionlik imkonlari kamaygan bo‘lsa-da, YeChL yo‘llanmasi uchun kurash niyati bor. Neapolliklar uchala yangi futbolchini ham hujum chizig‘iga qo‘shdi: Jiovane (“Verona”, 2 mln yevro), Lorenso Lukka (“Udineze”, 26 mln yevro) va Alison Santos (“Sporting”, ijara).
Ispaniya
Madridning “Real”i va Kataloniyaning “Barselona”si yirik xaridlarni yozga qoldirgandek: qish ular uchun ancha sokin o‘tdi. “Barselona” faqat Saudiya Arabistonining “Al-Hilol”idan Joau Kanseluni ijaraga oldi — u 2023/24 mavsumida ham kataloniyaliklar safida o‘ynagan. “Real” esa qishda birorta ham transfer rasmiylashtirmadi.
“Atletiko” qishki bozorda ancha faol bo‘ldi, ammo bu Simeone jamoasining natijalariga darhol ta’sir ko‘rsatmadi. Fevral boshida “matrasniklar” La Ligadagi uch o‘yinda atigi bir ochko olib, chempionlik poygasidan biroz uzoqlashdi. Shunga qaramay, qishda “Atletiko” Obed Vargasni (“Sietl Saunders”, 3 mln yevro), Rodri Mendosani (“Elche”, 16 mln yevro) va Ademola Lukmanni (“Atalanta”, 35 mln yevro) sotib oldi. Simeone aynan nigeriyalik futbolchiga katta umid bog‘lamoqda.
APL
Angliya Premer-ligasida ham qishki transferlar kamtarona o‘tdi. Eng qimmat xarid “Manchester Siti” hissasiga to‘g‘ri keldi: “Bornmut” vingeri Antuan Semenyo uchun 72 mln yevro to‘landi. Shuningdek, “shaharliklar” markaziy himoyadagi muammolarni yumshatish maqsadida 25 yoshli Mark Gehi uchun 23 mln yevro sarfladi.
Xarajatlar bo‘yicha keyingi o‘rinda “Tottenhem” turdi. London klubi “Atletiko” Madrid’dan Konor Gallaxerni 40 mln yevroga, Braziliyaning “Santos”idan 19 yoshli qanot himoyachisi Souzani 15 mln yevroga sotib oldi.
“Arsenal”, “Chelsi”, “Liverpul” va “Manchester Yunayted” esa qishda tarkibga qo‘shimcha kiritmasdan, mavsumni mavjud futbolchilar bilan davom ettirishni tanladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!