13:02 / 02.07.2017
4 135

Terma jamoa bo‘lgach, uning bosh murabbiyi ham birga bo‘lishi kerak emasmi?

Terma jamoa bo‘lgach, uning bosh murabbiyi ham birga bo‘lishi kerak emasmi?
Ravshan Haydarov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U-22 terma jamoasi shu yilning 30 iyun - 6 iyul kunlari Qatar poytaxti Doxa shahrida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqada ishtirok etadi. Bu haqida O‘zbekiston futbol federasiyasining rasmiy saytida xabar berildi. Maqolaning bosh jumlasi xuddi o‘sha xabardan aynan ko‘chirib olingan.

Shuning uchun hech qanday shubhaga asos yo‘q - O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Qatardagi musobaqada ishtirok etsa kerak. Ammo jamoa bilan birga bosh murabbiy ham Doxaga boradimi yoki yo‘q, bunisini endi aniq ayta olmaymiz. Bir marta og‘zimiz kuygan.

Maqolani o‘qiguvchi muxlisda «Terma jamoa bo‘lgach, uning bosh murabbiyi ham birga bo‘lishi kerak emasmi?», degan haqli savol tug‘ilishi muqarrar. Ochig‘i, o‘zimiz ham olimpiyachilarning Xitoy safariga qadar xuddi shunday fikrda edik. Ammo Ravshan Haydarovni U-22 emas, milliy terma jamoa bilan Eronda ko‘rgach, siz kabi bizning ham hayratimiz cheksiz bo‘lgan.

Murabbiy o‘ziga biriktirilgan jamoani shu qadar xotirjamlik va sovuqqonlik bilan safarga yuborib, o‘zi boshqa tomon yo‘l oldiki, bunga ancha-muncha odamning sabru bardoshi etmagan bo‘lardi. Masalan, xuddi shu jamoani 6 yildan buyon boshqarib kelgan Jasur Abduraimov biror marta xoh safar va xoh o‘zimizda bo‘lsin, jamoani yolg‘iz qoldirmagandi.

U yog‘ini so‘rasangiz, xuddi shu tarkibni o‘zi shakllantirgan va ba’zi futbolchilarni go‘dakligidan taniydi. Bu futbolchilarning imkoniyatini u kabi yaxshi biladigan inson yo‘q. Ammo shunda ham jamoani hech yolg‘iz qoldirmagan. Ravshan Haydarov esa...

Qatardagi xalqaro musobaqa haqida rasmiy xabar paydo bo‘lganidan so‘ng qilgan birinchi ishimiz, avvalo, O‘zbekiston milliy terma jamoasining ish rejasi bilan tanishib chiqish bo‘ldi. O‘FFdan biror gap olish ancha qiyin bo‘lsa-da, har holda bilganimiz shu bo‘ldiki, 30 iyun - 6 iyul kunlari MTJning birorta yig‘ini rejalashtirilmagan ekan. Xayriyat, dedik. Haytovur, bu safar O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi xorijdagi musobaqani bosh murabbiy bilan birga o‘tkazadi, shekilli.

O‘zbek futbolida bir-birini inkor etuvchi, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan qarorlar juda ko‘p bo‘lgan. Shular ichida eng absurdi - ketma-ket uch marta milliy terma jamoa bosh murabbiyiga olimpiyachilar ham ishonib topshirilgani bo‘lsa kerak. Eng avval bu ishga Vadim Abramov qo‘l urdi va London-2012 yo‘llanmasini boy berdi. Vaholanki, o‘sha tarkibda iqtidorli futbolchilar bir talay edi va bemalol Olimpiadaga borish mumkin bo‘lgan. Ammo Abramov oxirgi qadam qolganda «qoqildi» - BAAga o‘z maydonida yutqazib qo‘ydi (2:3).

Keyin Mirjalol Qosimov ham yoshlar tizginini o‘z qo‘liga oldi. Baxtimizga bu safar ish Olimpiada yo‘llanmasiga qadar etib bormadi. Qosimov 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar bilan Osiyo o‘yinlarida ishtirok etdi. O‘FF qaytib bu tajribaga qo‘l urmasa kerak, deb umid qilgandik.

Adashgan ekanmiz. Samvel Babayanning oldida Abramov va Qosimovning ishi «pista po‘choq» bo‘lib qoldi. Biri-ku Olimpiada uchun kurashni oxiriga qadar olib borgandi, ikkinchisi esa qit’a darajasidagi musobaqa bilan cheklangan. Babayan esa unisini ham, bunisini ham rasvo qildi. Osiyo chempionatida eng sharmandali natijani qayd etib, birato‘la Olimpiada yo‘llanmasini ham «suvga oqizdi».

Shunaqa gaplar. Ammo uch yildan so‘ng Tokioda bo‘ladigan Olimpiadadan umidimiz katta edi. Nima uchun hali bo‘lmagan musobaqa haqida «edi», deya o‘tgan zamon shaklida gapirayotganimizga sabab esa shundaki, unda ishtirok etishi lozim bo‘lgan jamoadan ham asta-sekin fayz ketayotgandek. Jasur Abduraimov bu jamoani juda yaxshi shakllantirdi, gap bo‘lishi mumkin emas. O‘yinlarini berilib tomosha qilardik. Biroq u «Paxtakor»ga vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlangani hamono olimpiya terma jamoasidan iste’foga chiqarildi. Va aynan shu qaror O‘FFning mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan ishlari sirasiga kiradi. Nima uchun? Hozir tushuntiraman.

O‘zbek futbolida shu vaqtga qadar ikki joyda ishlagan murabbiylar juda ko‘p bo‘lgan - Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov, Samvel Babayan va... Jasur Abduraimov hamda Ravshan Haydarov. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, Jasur Abduraimov «Paxtakor»ga vaqtincha bosh murabbiy bo‘lgunga qadar shu klubning o‘rinbosarlar jamoasini ham boshqarib kelgan. Biroq bu holat nima uchundir olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lishiga aslo xalal bermagandi. Xalal beradigan holat keyinchalik, ya’ni Haydarov ishsiz qolgach yuzaga keldi, shekilli.

Qiziq tomoni, Ravshan Haydarov ham vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasida yordamchilik qilish bilan birga «Paxtakor»da bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritdi. Qolaversa, hozir ham ikki ishda ishlayapti - MTJda yordamchi, olimpiyachilarda esa bosh murabbiy. Ammo unga nisbatan hech qachon e’tiroz bo‘lmagan. Endi savol - O‘FF Jasur Abduraimovni olib tashlab, Ravshan Haydarovni bosh murabbiylikka qo‘yish orqali nima yutdi? Mantiqni topa olmayapsizmi? Biz ham.

Albatta, bu bilan O‘FFning iste’fo haqidagi qarorini qoralamoqchi emasmiz - murabbiy termani emas, klubni ma’qul ko‘rgan ekan, bu uning tanlovi. Iste’fo ham to‘g‘ri berilgandir. Ammo nima uchun Ravshan Haydarov? Mana shunisi endi tushunarsiz. Nima, boshqa murabbiy yo‘qmidi? Axir o‘tgan yillar davomida olimpiya terma jamoasiga panja orasidan qaraganimiz qanday oqibatga olib kelganini ko‘rmadikmi? O‘ylab ko‘ring, ayni vaqtda ikki joyda ishlayotgan Haydarovning avvalgi Abramov, Qosimov va Babayandan nima farqi bor?

Bu savolning javobini kimdir bera oladimi? Biz-chi, biz nima qilaylik? London-2012 va Rio-de-Janeyro-2016 bilan bo‘lgani singari Tokio-2020 bilan ham xayrlashib qo‘yaveraylikmi? Axir hammasi yana eski ssenariy bo‘yicha ketmoqda-ku...

Zafar QOSIMOV


Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoa bo‘lgach, uning bosh murabbiyi ham birga bo‘lishi kerak emasmi?