16:39 / 14.09.2017
3 907

Hasanboy Do‘smatov: "Nomdor sportchidan bezori chiqmaydi”

Ҳасанбой Дўсматов: "Номдор спортчидан безори чиқмайди”
Muhtaram Birinchi Prezidentimiz yoshlarga qarata “Marrani doimo yuqori oling. Zero, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emas va hech qachon kam bo‘lmaydi” degan so‘zlari kun sayin o‘z isbotini top­yapti. Shu ma’noda, galdagi qahramonimiz boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, ikki karra Osiyo chempioni, “Oltin Mangust” xalqaro mukofoti sovrindori, “Olimpiada-2016”ning eng yaxshi bokschisi sifatida Vel Barker Kubogi sohibi Hasanboy DO‘SMATOV. "Darakchi" gazetasi yutuqlarni yanada ko‘paytirish niyatida Germaniyada yurgan bokschimiz bilan internet orqali bog‘lanib, eksklyuziv suhbat uyushtirdi...

— Bilishimcha, sizdagi sportga bo‘lgan ilk qiziqishni buvangiz Do‘smatjon ota, buvingiz Buoyshaxon aya uyg‘otgan. Besh yoshida qishloqdagi karate va kikboksing to‘garagiga olib borishgan. O‘sha vaqtlardayoq mushti tugilib turadigan kichkinagina Hasanboy keyinchalik nega karateni davom ettirmadi?

— To‘g‘ri, buvam va buvim menda sportga bo‘lgan mehr, katta qiziqishni uyg‘otgan. Xuddi kechagidek yodimda, 2006 yil buvim Andijon olimpiya zaxiralari kollejiga olib borganlar. U yerda kikboksing sport turi yo‘qligi bois tanlovim boksda to‘xtagan.

— O‘sha vaqtdagi tanlovingizdan bugun mamnunligingiz shubhasiz. Yo karateda ham yuqori marralarga chiqa olarmidingiz?

— Albatta, tanlovim­dan bugun mamnunman! Boisi kikboksing olimpia sport turiga kirmagan. Le­kin sport­ning bu turi bilan shu­g‘ul­lan­ganimda ham chempion bo‘lishim mumkin edi. Biroq tan olib aytaman, xuddi hozirgidek mashhur bokschi bo‘lolmasdim. Shu ma’noda boksni tanlaganimdan sira afsus qilmayman.

— Qiziqishlaringiz shun­­chaki bolalarcha in­jiq­lik emasligini ang­lagan buvijoningizdan bu­gun behad minnatdor bo‘lsangiz kerag-a?

— Haqsiz! Chempion bo‘li­shim­ning asosiy sababchisi buvim! Doim “mening nabiram Mu­ham­madqodir Abdullayevga o‘xshab chempion bo‘ladi”, deb orzu qilgan. Buvimni yillar davomida qilgan ezgu istagiga sazovor qil­ganimdan bugun be­had shod­man. Va albatta, buvijonimning menga bo‘lgan e’tibori, kelajagimni ko‘ra bilgani, diliga tukkan yuksak ishonchi uchun rahmat aytaman!

— 2000 yili Avstraliyaning Sidney shahrida o‘t­kazilgan Olimpiada o‘yin­larida hamyurtimiz Muhammadqodir Abdullayev boks bo‘yicha musobaqada barcha raqiblari ustidan zafar quchib, g‘o­lib­lik shohsupasiga ko‘tarilganini ko‘rib, xuddi buvingiz singari “men ham Olimpiya chempioni bo‘laman”, deya niyat qilgansiz. 7 yoshli bolakayning orzusi ro‘yobiga buva-buvingiz, ota-onangiz mehnatini yuzaga chiqarish istak kuchliligi sababmi yo mashhur bokschi bo‘lish istagi?

— To‘g‘ri, o‘zimda ham qiziqish bor edi. Eng muhimi, bu qiziqishimni oila a’zolarim vaqtida payqab, to‘g‘ri yo‘naltira olishdi. Hozirgidek yodimda, televizorda karate bo‘yicha chempionatni ko‘rib, otamga “Men ham O‘zbekiston chempionati bo‘laman”, dedim (miriqib kuladi). Otam esa “O‘zbekiston chempionati emas, chempio­ni bo‘laman, degin”, deya gapimni to‘g‘irlagandi. Orzuim­ albatta ota-onamning mehnat­la­ri­ni yuzaga chiqarib, yurtimiz bayrog‘ini yuqori ko‘tarish edi.

— Hasanboy Do‘smatov zamonamizning chinakam qahramoniga aylanguniga qadar hafsalasini pir qilgan holatlar ham bo‘lgandir, hayot bir tekis emas, axir?

— Albatta, bu darajaga yetish oson bo‘lmadi. Yodimda, bundan avval o‘tgan ikkita Jahon chempionatida hakamlarning xatosi bilan chempionlik bahslaridan chiqarilgandim. 2015 yil Qa­tar­ning Doxa shahrida ozarboyjonlik ra­qibimni mag‘lub qil­ganimda ham uni g‘o­lib, deya e’lon­ qilishgan. Sira unutmayman, o‘shanda ringdan yig‘lab chiqib ketgandim. Ochig‘i, bu no­haqliklar sabab sportdan biroz hafsalam pir bo‘ldi, bezdim. Hatto “qaytib boks bilan shu­g‘ul­lan­ma­sam­mi­kan?” degan xayolga ham bordim. Shunda murabbiyim Ziyotdin Tayganboyev “Sen hammadan kuchlisan, albatta chempion bo‘lasan! Bunga ishon va sabr qil”, deb menga ruhiy tomonlama katta kuch berdi. Ko‘rib turganingizdek, bari ortda qoldi va bolalikdagi orzuimga yetdim (samimiy kuladi).

— Onangiz Dilnoza Hayitboyeva bolaligingizda siz bilan mashq qila turib, “Hasanboy, mashhur bo‘lganingda “birinchi ustozing kim?” deyishsa, “onam degin-a!” deganida “Eee, aya”, deya javob qaytarganingiz yodingizdami? Bugun onangizning o‘sha savoliga qanday javob berasiz?

— Shubhasiz, chempion­ bo‘­li­shimda onamning mehnati juda katta. Onamning ota­si — buvam bokschi bo‘lgan va farzandlarini boks bilan shug‘ullantirgan. Shu bois oz bo‘lsa-da, onamning boksdan xabari bor. Buni bilganim uchun 5-6 yoshimda onamning qo‘liga “boks-boks”, deb urardim (kuladi). Onamning sab­ri va kamolim yo‘lidagi mehnati uchun benihoya minnatdorman.

— Bola­li­gingizda­ qarin­dosh­lar bilan o‘t­ka­zi­la­di­gan marosim va to‘ylar ham mashq­lar bilan teng kelib qolsa, shubhasiz, mashq qilish uchun zalga ketar ekansiz. Bu natijaga yetish uchun o‘yin-kulgi va erkalik­lardan voz kechgansiz. O‘shandagi qat’iyatingiz dunyoni qoyil qoldirishingizga asos bo‘ldi. Bugun yanada yuqori marralarni zabt etishda nimalardan voz kechyapsiz?

— Sport bilan shu­g‘ul­langan kishi ko‘p narsalardan kechishi kerak. To‘g‘ri, bolaligimda mashg‘ulotlar bilan to‘y yoki boshqa marosimlar bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolsa, hech ikkilanmay sportni tanlaganman. Hozir ham bu odatimga sodiq qolganman. Chunki bugungi kunda men uchun sport birinchi o‘rinda! Qolgan narsalarga keyin ham ulgursa bo‘ladi. Axir “bir narsaga erishish uchun boshqasidan voz kechish kerak”, deb bejiz aytishmagan.

— Bolalikda oldingizga qo‘ygan marraga yetdingiz. Bugun-chi, qanday yangi marraga erishishni niyat qildingiz?

— Albatta, ko‘zlagan marramga yetdim. Lekin bu bilan to‘xtab qolish niyatim yo‘q. Oldimda Jahon chempionati, Osiyo o‘yinlari va Tokio olimpiadasi turibdi. Demak, marrani yanada kengroq olib, tinimsiz mehnat qi­li­shim kerak. Bu yo‘lni ham bosib o‘tib, professional boksda Jahon chempionati kamarlarini qo‘lga kiritib, O‘zbekistonning dovrug‘ini butun dunyoga taratishni niyat qilganman.

— Odatda jangda ra­qi­bingizning qanday kam­chiliklari g‘alaba qo­zo­ni­shingizda sizga qo‘l keladi?

— Ra­qi­bim­ni birinchi o‘rinda ruhan yengsam, u ko‘p xato qila boshlaydi. Va men bundan foydalanaman.

— O‘z­be­kis­ton xalq shoiri Iqbol Mirzo, taniqli ijodkorlar Nodir Jonuzoq va Orif Tolib muallifligidagi sizning hayot va faoliyatingizga bag‘ish­langan kitob chop etilishi 24 yoshli bokschining tarixdan mus­tahkam o‘rin egallashiga bir zamin. Siz uchun kutilmagan sovg‘a bo‘l­gan­dir?

— Shub­hasiz! Bu katta voqea bo‘ldi va ta­rixga muhr­landi. Mendan keyin farzandlarimiz ajdodlari qanday inson bo‘lganini his qilib, ular ham yangi cho‘qqilar sari intilishadi. Fursatdan foydalanib, kitob mualliflariga o‘z minnatdorligimni bildiraman, e’tiborlarini qadr­lay­man!

— Ko‘p­lab uchrashuvlarda ishtirok etdingiz, xususan Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasi”da ham sizni intizor kutgan jajji sportchilar bilan ham ko‘­rish­din­giz. Ularning umidli ko‘zlariga qarab, o‘z bolalik xotiralaringiz ko‘z oldingizda gavdalangan bo‘lsa, ajabmas...

— Albatta, bo­la­jonlarni ko‘rsam, o‘z bola­li­gim xuddi kinotasmadek ko‘z o‘ngimdan birma-bir o‘ta boshlaydi. Muhammadqodir Abdullayevning ortidan yugurganlarim sira yodimdan chiq­may­di. O‘y­lay­manki, bolajonlarimiz ham o‘z ustida ishlab, o‘qib-o‘r­ganib, biz egallagan mar­­ra­lar­dan-da yuqori cho‘q­qilarni egallashadi. Buning uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar bor, unumli foydalanilsa, bas.

— Sport bilan shu­g‘ul­­lanayotgan ­ba­’zi­ o‘s­mir­lar zo‘­ravonga aylanish­yapti, natija esa ayanchli yakun topyapti. Bu vaziyatda sport vakili sifatida qanday maslahat berasiz?

— Haqiqiy sportchi ko‘chada kuchini ko‘rsatmaydi. Nomdor sportchilarimiz ham shu vaqtgacha biror marta ko‘chada urishmagan, zo‘ravonlik qil­magan. Zo‘ravon “sport­chi”­larning esa oldiga qo‘ygan aniq maqsadi yo‘q. Undaylar o‘zini ko‘rsatish uchungina sport zallariga borishadi. Ishonchim komil, bizning yutuqlarimizni ko‘rib, zo‘ravonlik qilayotgan yosh­larimiz to‘g‘ri xulosa chi­qa­ra­di va bizning izdoshlarimizga aylanishadi.

— Kelajakda farzandlaringizni ham sportchi qilasizmi yo boshqa soha vakili bo‘lishlari tarafdorimisiz? Siz ota-onangizga tortiq qilgan baxtni kelajakda farzandlaringiz ham sizga tortiq qilishini istarsiz balki?

— Farzandlarim sportga qiziqsa, iste’dodi bo‘l­sa, albatta sport bilan shu­g‘ul­lan­tiraman.

— Qator-qator yutuqlar, mukofotlar egasisiz. Bularning bari sizga bildirilgan ishonch va mas’uliyat. Ishonch va mas’uliyat yuki og‘irlik qilmayaptimi?

— Yutuqlarim meh­nat­la­rim evaziga berilgan rag‘bat. Va bu olg‘a qadam bosishda menga yanada kuch bag‘ish­laydi. Qaysi so­ha­da fao­liyat yuritishimizdan qat’i nazar bari meh­nat­larimizga yarasha bo‘­la­di.

Xorijda­ bo‘l­­sangiz-da, Mus­ta­qil­­lik bayramini ni­shon­laganingiz shubhasiz. O‘tgan yilgi yutug‘ingiz bayramga munosib tuhfa bo‘lgandi. Istagimiz, shunday zafarlaringiz davomiy bo‘lsin!

— Rahmat, bunga bor kuchim bilan harakat qilaman! Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini eng aziz bayramimiz bilan muborakbod etaman. Tinch­ligimiz, inoqligimizga ko‘z tegmasin!

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hasanboy Do‘smatov: "Nomdor sportchidan bezori chiqmaydi”