date

Mamlakat bo‘ylab o‘rtacha maosh sezilarli darajada o‘sdi

Mamlakat bo‘ylab o‘rtacha maosh sezilarli darajada o‘sdi

O‘zbekistonda ish haqi darajasi sezilarli ravishda o‘smoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakat bo‘ylab o‘rtacha oylik nominal ish haqi 6 million 166,9 ming so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,2 foizga yuqori.

Hududlar kesimida eng yuqori ish haqi an’anaviy tarzda Toshkent shahrida qayd etilgan — poytaxtda ishlovchi xodimlar o‘rtacha 10 million 379,6 ming so‘m maosh olgan. Bu esa 2024-yilga nisbatan 18,7 foiz ko‘p.

Shu bilan birga, ish haqi o‘sish darajasi bo‘yicha ayrim viloyatlar peshqadam sifatida qayd etilgan. Jumladan, Samarqand viloyatida o‘rtacha ish haqi 4,8 million so‘mga yetib, o‘sish 124,8 foizni tashkil etgan. Namanganda 120,9 foiz, Sirdaryoda 120,7 foiz, Farg‘onada 119,8 foiz, Jizzaxda esa 119,2 foiz o‘sish kuzatilgan.

Eng past o‘sish ko‘rsatgichi Andijon (112,0%), Navoiy (115,1%), Qashqadaryo (117,2%), Toshkent (117,3%), Xorazm va Qoraqalpog‘iston (117,6%) hamda Buxoro (118,2%) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.

Sohalar kesimidagi tahlillar

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tahlillar esa mamlakatdagi maoshlar tarkibini yanada yaqqolroq namoyon etmoqda. Eng yuqori ish haqi bank, sug‘urta, lizing va kredit sohalarida qayd etilgan — o‘rtacha 16 million 828,9 ming so‘m. Bu o‘tgan yilga nisbatan 15,6 foiz ko‘p.

Shuningdek, axborot va aloqa sohasida o‘rtacha ish haqi 14 million 985,8 ming so‘m bo‘lib, 16,6 foizga o‘sgan. Tashish va saqlash sohasida 9 million 382,1 ming so‘m (o‘sish 16,7%), sanoat sohasida 7 million 301,0 ming so‘m (o‘sish 16,3%) bo‘lgan.

Qurilish sohasida o‘rtacha ish haqi 6 million 342,6 ming so‘m bo‘lib, 9,2 foizga ko‘tarilgan. Savdo sohasida bu ko‘rsatkich 6 million 875,6 ming so‘m (o‘sish 12,1%), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida esa 3 million 765,4 ming so‘m (o‘sish 14,6%) etib belgilangan.

Besh yillik dinamika

So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda maoshlar o‘sishi barqaror ko‘tarilish yo‘nalishida davom etmoqda. Ayniqsa, bank, sug‘urta va lizing sohalarida ish haqi keskin oshgan — 2021-yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 9 million 92 ming so‘mga ko‘paygan.

Axborot va aloqa sohasida ham ijobiy tendensiya kuzatilgan — ish haqi 9,7 million so‘mga oshgan. Tashish va saqlash sohasida bu ko‘rsatkich 5,5 million so‘mga, sanoatda 3,4 million so‘mga, qurilishda esa 2,7 million so‘mga o‘sgan.

Muttaxassislar ta’kidlashicha, bu o‘sish mamlakat iqtisodiyotidagi faol investitsiyalar, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va mehnat bozorida raqobatning ortishi bilan izohlanadi. Iqtisodiy islohotlar samarasi natijasida turli sohalardagi ish haqi orasidagi tafovut ham asta-sekin qisqarib borayotgani qayd etilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mamlakat bo‘ylab o‘rtacha maosh sezilarli darajada o‘sdi