date

Ro‘ziqul Berdiyev: “Neftchi” chempion bo‘lsa, qahramonlikni maydondan izlamanglar

Ro‘ziqul Berdiyev: “Neftchi” chempion bo‘lsa, qahramonlikni maydondan izlamanglar

Superliganing 26-turidan o‘rin olgan OKMK – “Nasaf” (1:1) bahsidan keyin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev jurnalistlar savollariga javob berdi. U uchrashuvdagi o‘yin, maydon holati, chempionlik uchun kurash va jamoaning OCHLdagi ishtiroki haqida ochiq fikr bildirdi.

Berdiyev fikricha, bugungi o‘yin texnik jihatdan boy bo‘lishi mumkin edi, ammo maydonning ahvoli va sharoiti sababli jamoalar ko‘proq kuchli kurash va uzun paslar bilan harakat qilishga majbur bo‘lgan.

“OKMK ham, biz ham kombinatsion futbol o‘ynaydigan jamoalarmiz. Ammo bugun maydon shunday holatda ediki, to‘p yerda emas, havoda ko‘proq bo‘ldi. Shuning uchun o‘yin kurashga aylandi. Shunday bo‘lsa-da, har ikki jamoada ham g‘alaba uchun imkoniyatlar bo‘ldi. Agar ikkinchi bo‘limda imkoniyatlardan yaxshiroq foydalanganimizda, natija boshqacha bo‘lishi mumkin edi”, — dedi murabbiy.

Uning ta’kidlashicha, “Nasaf”ning taktik qarorlari ayni sharoitda o‘zini to‘liq oqlagan. “Ikkinchi bo‘limda Golbanni hujumga tushirdik, chunki uzun paslarda kurashish uchun u juda qo‘l keladi. Bu qarorimiz samara berdi. Biz kecha OKMK maydonida mashg‘ulot o‘tkazmadik — futbolchilarimizni texnik jihatdan tayyorladik, ammo sharoit boshqa yo‘l tanlashga majbur qildi”, — dedi Berdiyev.

Matbuot anjumanining eng qiziq qismi murabbiyning chempionlik kurashi haqidagi so‘zlari bo‘ldi. “Hozir ko‘pchilik “Neftchi” chempion bo‘ladi, deb gapiryapti. Buni eshityapmiz, lekin mavsum oxirida haqiqiy chempion kim ekanini vaqt ko‘rsatadi. Biz ham shunchaki qarab turmaymiz. Ko‘p vaqtdan beri mag‘lubiyatsiz seriyadamiz va chempionlikka loyiq o‘ynayapmiz. Agar “Neftchi” chempion bo‘lsa, qahramonlarni maydondan emas, maydondan tashqaridan qidiringlar. Bu mening shaxsiy fikrim”, — dedi Berdiyev.

OCHLdagi natijalar haqida so‘ralganda, murabbiy jamoa ikki frontda kurashishni o‘rganayotganini qayd etdi. “Ikkita yo‘nalishda bir vaqtda o‘ynash oson emas. Bu biz uchun maktab. Yevropadagi jamoalar shunday darajada o‘ynay oladi, chunki ularda ikki barobar kuchli tarkib bor. Bizda hozircha bu yo‘q, ammo tajriba orttiryapmiz. Masalan, “Al-Ahli” bilan o‘yinda ba’zi yigitlarga dam berishga to‘g‘ri keldi, aks holda bugun 20 daqiqa ham o‘ynay olmasdik”, — dedi u.

Berdiyev shuningdek, “Nasaf”ning transfer siyosati haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, klub xalqaro darajada raqobatbardosh bo‘lish uchun tarkibni chuqurlashtirishi va yuqori byudjetli o‘yinchilarni jalb qilishi kerak. “Agar katta musobaqalarda munosib ishtirok etmoqchi bo‘lsak, har pozitsiyada kuchli futbolchi bo‘lishi shart. Buning uchun mablag‘ va to‘g‘ri strategiya talab etiladi”, — dedi murabbiy.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: “Neftchi” chempion bo‘lsa, qahramonlikni maydondan izlamanglar