
“La Liga”ning 10-turidan o‘rin olgan tarixiy “El-Klasiko”da “Real Madrid” o‘z maydonida “Barselona”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv murosasiz kurashlar, tezkor hujumlar va yuqori darajadagi texnika bilan o‘tdi.
O‘yin boshidanoq madridliklar tashabbusni qo‘lga oldi. 22-daqiqada Kylian Mbappe raqib himoyasini yorib o‘tib, hisobni ochdi. Biroq 38-daqiqada “Barselona” futbolchisi Fermin Lopez hisobni tenglashtirdi.
Shunga qaramay, “Real” tanaffusga chiqishdan oldin yana oldinga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. 43-daqiqada Jud Bellingem aniq zarbasi bilan jamoasiga g‘alaba keltirgan golni urdi.
Ikkinchi bo‘limda har ikki jamoa bir necha xavfli hujumlar uyushtirdi, ammo natija o‘zgarmadi. “Real Madrid” o‘yinni 2:1 hisobida yakunlab, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Mazkur g‘alaba madridliklarga turnir jadvalida yetakchilikni saqlab qolish imkonini berdi, “Barselona” esa mag‘lubiyatdan so‘ng ochkolar bo‘yicha orqada qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!