21:51 / 25.09.2017
5 205

Futbol muxlislari o‘qimasin! O‘zbekiston futbolining kelajagi bormi?

Futbol muxlislari o‘qimasin! O‘zbekiston futbolining kelajagi bormi?
Sarlavhaga e’tibor bermang... Futbol muxlislarining kuygan yuragini yana kuydirmaslik uchun “o‘qimasin” dedik.

Aslida futbolga muxlislik qilish ham bir san’at...

Agar milliy terma jamoa g‘alaba qozonsa, nafaqat futbol muxlislarining, balki barcha o‘zbekistonliklarning qalbi faxr va iftixorga to‘lishi shubhasiz!

Agar buning aksi bo‘lsa-chi?

Keling, “Futbol haqida o‘ylar” deb nomlangan turkum maqolalar orqali O‘zbekiston futbolining yaqin o‘tmishi va kelajak istiqbollari haqida fikr-mulohazalar yuritsak...

Joriy yilning 5 sentyabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi JCh-2018 saralashi uchinchi bosqichida kerakli ochkolarni to‘play olmasdan, 2018 yil Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatiga chiqish yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda terma jamoaga faqatgina bir gol yetishmadi.

Ha, tan olish kerak, o‘sha ma’shum kun O‘zbekiston terma jamoasiga bir tomondan omad yetishmagani, shuningdek, Eronning o‘z maydonida Suriyaga so‘nggi daqiqalarda tafovutni topshirgani asosiy sabablardan biri bo‘ldi. Bundan tashqari, terma jamoa o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida so‘nggi yillardagi “kuchsiz” deb atalgan Janubiy Koreya termasi darvozasiga bitta gol ura olmadi..!

To‘g‘ri, terma jamoaning omadsizlikka uchraganida bosh murabbiy Samvel Babayanning noto‘g‘ri o‘yin uslubi tanlaganligini vaj qilib ko‘rsatish mumkin. Shu bilan birga, murabbiyning saralash bosqichi jarayonidagi ayrim qaysarliklari — o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi!

Keling, shu o‘rinda ortda qolgan vaziyatga proffesionalarcha yondoshayib, mulohaza yuritaylik.

Birinchidan, O‘zbekiston futbolida TIZIM ishdan chiqqan!

Aslida eng katta xato mana shu. Aziz muxlislar, jumlalarga qo‘shilmaslikka haqlisiz...

Lekin yuqori sharoitlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston futboli allaqachon yuqori cho‘qqilarni zabt etish kerak edi. Faqat aniq dastur va reja asosida ish yuritilsa, barchasi kutilganidan ham a’loroq natijani berardi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda futbol o‘ynash uchun shart-sharoitlar ko‘ngildagidek. Muxlislar oqimi, zamonaviy stadionlar deyarli barcha viloyatlarda qad rostlagan.

Ammo bir savol bor... O‘sha zamonaviy stadionlarda qanday futbolchilar to‘p surishmoqda? Iqtidorli sportchilarmi yoki “shunchaki” sportchilarmi?

Ular qayerdan paydo bo‘lib qolishgan? Haqiqatda ham futbolchilar jamoada o‘z iqtidorlari ta’sirida (!) o‘ynab yurishibdimi, yoki boshqa “narsalar” evazigami?

O‘zbekistonda yosh futbolchilarni tanlab olish uchun skautlar qo‘mitasi tuzilganmi?

Ushbu muammoni futbolning rivojlanishi yo‘lida birinchi o‘ringa qo‘yishning sababi shundaki, skautlarsiz futbolda yorqin kelajakka yetib borish qiyin.

Masalan, chet elda har bir jamoaning alohida skautlar shtabi bor. Negaki, jamoa skautlar xizmatiga muhtoj.

“Manchester Yunayted” skautlari o‘z vaqtida Krishtianu Ronaldudagi iqtidorni payqashmaganida kim biladi deysiz, hozirda dunyoning eng kuchli futbolchilaridan biri bugunda Ronaldu bo‘la olmasdi balki...

Krishtianu futboldagi professional faoliyatini “Sporting” klubida boshladi, ayni kunga kelib, futbol tarixiga o‘z nomini “oltin harflar” bilan muhrladi.

Berkitishning xojati yo‘q, bizning mahalliy futbolda jamoadan jamoaga o‘tish yoki tarkibga kirish uchun “tank” yoki biroz “moddiy kompliment” kerak bo‘ladi. Faqat shuning evaziga yuqori tabaqali klublarda futbol o‘ynash imkoniyati beriladi.

Ayrim futbolchilar yig‘in paytida shunday “qing‘ir yo‘llar” bilan jamoa safiga borib qo‘shilishadi. Shaxsan o‘zim bir nechta futbolchining bu haqdagi dardu nolalarini ko‘p eshitganman...

Fikrimni to‘g‘ri qabul qilgaysiz, O‘zbekistoning turli shaharlari, chekka qishloqlari va ovullarida anchayin iqtidorli havaskorlar bor. Ularda mahorat ham, ta’bir joiz bo‘lsa, otning kallasidek yurak ham, o‘zlariga ishonch ham bor! Faqat aksariyati maxsus sport maktablarida tayyorgarlik ko‘rmagan... Qisqasi, “maktab ko‘rmagan” iqtidor egalari g‘ij-g‘ij!

Ular “otasini puliga” yoki “tog‘asining obro‘siga” ishonib maydonga chiqayotgan ba’zi bir futbolchilardan ko‘p tomonlama ustun! Faqat ulardan O‘zbekiston sporti uchun yaxshi kadrlar tayyorlay olishni eplash kerak xolos...

Bu kadrlar tayyorlash, xususan iqtidor egalarini izlab topish yuzasidan mulohazalar edi. Hozirda futbolda mavjud bo‘lgan ayrim iqtidor egalarining “o‘zini ko‘rsata oladigan maydonga” tusha olish yoki tusha olmaslik masalasi ham dolzarb.

Ba’zi bir futbolchilarning Oliy Liga jamoasida to‘p surishi uchun moliyaviy sharoiti to‘g‘ri kelmaydi. Mana shunday holatlarda bir qancha iqtidor sohiblari oila tebratish majburiyatidan boshqa kasbni tanlashadi.

Bir nazar soling, futbol maktablarida ko‘proq kimlarning farzandlari tahsil olmoqda?

Shubhasiz, “mansabdorning yoqimtoyi” ham kelajakda yaxshi futbolchi bo‘lib yetishib chiqishi mumkin. Biroq u futbolni emas, shuhratparastlikni sevadi, olqishni istaydi, “o‘rtamiyona” bo‘lib yuraveradi, joyi chiqsa, xorij klublarida “o‘zini kashf etish uchun” ketadi, biroq milliy futbol kelajagiga, ta’bir joiz bo‘lsa, futbolga jonini tikmaydi!

Bir so‘z bilan aytganda, yaxshi futbol o‘ynash ilinjida emas, pul va soxta obro‘ topish ishqida yonadi!

To‘g‘ri, moliyaviy ta’minoti yaxshi bo‘lgan futbolchi — iqtidorsiz bo‘ladi, degan gapdan yiroqman. Kerak bo‘lsa, puling bo‘lsa, sen ham olib bor, dersiz...

Lekin farzandingiz uchun pul sarflayapsizmi — uni nazorat ostiga olishni ham unutmang! Sportda, eng avvalo, yuqori natija! Biznes — keyingi masala...

Axir kim ham istamaydi o‘zbekistonlik futbolchi “Real”, “Barselona” yoki “Manchester Yunayted” kabi katta klublarda o‘ynashini?

Masalan, shu yili Rossiyada o‘tgan Konfederatsiyalar kubogi musobaqasida Germaniya terma jamoasi uchinchi tarkib bilan g‘alaba qozonishni uddaladi. Ko‘pchilik boshida Germaniyaning yosh tarkibiga shubha bilan qaragandi. Lekin ular haqiqiy futbolni ko‘rsatib qo‘yishdi, mas’uliyatni his etishdi.

G‘alabada esa asosiy vazifani skaut va murabbiylar bajarishgani fakt orqali isbotlab berildi. Chunki yosh futbolchilarni kuzatish uchun murabbiy skautga topshiriq beradi.

Skaut esa izlanishlar olib boradi, qidiradi. “Qayerda yaxshi futbolchi bor?” deb dunyoga jar soladi.

Lozim bo‘lsa oddiy chang-tuproqdan iborat “maydonda” o‘ynab yurgan bolaga e’tibor qaratadi, ularni murabbiyga tavsiya etadi. Natijada, qarabsizki, oddiy ko‘cha futbolchisidan —kelajakda yetuk sportchi yetishib chiqadi!

O‘zbekistonda-chi?

Kim yosh avlodga e’tibor qaratyapti?

Bizda avlodlar almashunuvi qachon ro‘y beradi o‘zi?

Xullas, O‘zbekiston futbolining kelajakdagi mavqei —hozirgi yoshlarga bog‘liq!

Terma jamoa esa o‘sib kelayotgan yosh havaskorlarga o‘rnak bo‘la olmadi...

Shu sabab asnosida O‘FF rahbariyatidan xalq orasida ko‘proq yurib, iste’dodli yosh futbolchilarni professionallar darajasiga chiqishlarida ko‘maklashlarini so‘ragan bo‘lardik.

Azizlar, mavzu davom ettiriladi.

Sizning bu boradagi fikr-mulohazalaringiz qanday? Kimda original takliflar bor? Axir muxlislik qilish — faqat olqishlash yoki tanqid qilishdan iborat emas-ku!

Takliflaringizni kutamiz...

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbol muxlislari o‘qimasin! O‘zbekiston futbolining kelajagi bormi?