3 174
Tarjimonlikdan bosh murabbiylikkacha yoki do‘stlikdan dushmanlikkacha. Joze va Pep hikoyasi
Biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan ushbu murabbiylar o‘rtasidagi bahs munozaralarning adog‘i yo‘q. Bir necha yillar ilgari bir jamoada go‘yoki ahil-inoq bo‘lib faoliyat yuritgan ushbu shaxslarning Ispaniyada boshlangan adovati hozirgi kunda Angliyada davom etmoqda.
Asli tarjimon sifatida bosh murabbiy yordamchisi bo‘lib yurgan portugaliyalik Joze Mourino bugungi kunga kelib futbol olamida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritib ulgurdi. Pep Gvardiolaning Barselonadagi zafarli yurishlari Bavariyaga kelganda to‘xtab qolgan bo‘lsada, uning Manchester Sitidagi hozirgi ishlari a’lo darajada.
Quyida Joze Mourinoning qanday qilib tarjimonlikdan bosh murabbiyga aylanib qolganligi, Bobbi Robson va Lui van Galning alishtirib bo‘lmas yordamchisiga aylangan Jozening Barselona murabbiylar shtabidagi unutilmas damlari, nima uchun Pep Gvardiola uning azaliy raqibiga aylangani haqida bilib olishingiz mumkin.
Yaqin o‘tmish...
“Barsa”ni oyoqqa turg‘azib olgach, Bobbi Robson klubga Joze Mourinoni olib kelish fikriga tushdi. Prezident Nunes qarshilik ko‘rsatdi: shundoq ham Robsonga uy yordamchisi yollagan bo‘lsa, yana tarjimonga ham pul to‘lasinmi endi? O‘z fikrida oyoq tirab olgan Robson axiyri Nunesni ko‘ndiradi va Jozega hotamtoylarcha oyiga o‘n ming peset belgilanadi (100 yevro atrofida).
O‘zining intervyularidan birida “Barsa”ning o‘sha paytdagi vitse-prezidenti Joan Gaspar shunday degan edi: “Turar joyga to‘lash uchun Jozening sariq chaqasi ham yo‘q edi. Shuning uchun klubda o‘tkazgan dastlabki oylarida mening mehmonxonamdan qo‘nim topgan edi. O‘zining “shunchaki tarjimon” emasligini isbotlab bergach, maoshi ham sezilarli darajada ko‘tarildi”. Britaniyalik jurnalist Kiaran Killi bergan ma’lumotga ko‘ra, Jozening oyligi 300 ming funtga yetgan. Jozening oddiygina tarjimon emasligini Ispaniyada dastlab jurnalist Santi Ximenes sezib qoladi. U ingliz tilini sal-pal tushunardi, Robsonnig ilk press-konferensiyasida murabbiyning gaplarini shunchaki tarjima qilibgina qolmay, uning fikrlariga o‘zi ham ancha-muncha “sayqal” berayotganini payqab qoladi. Maoshi oshganidan keyin Joze Bobbi Robson yashaydigan dengiz bo‘yidagi turar joy — Sidjesga ko‘chib o‘tadi.
Mourino va Robsoning qay tarzda tanishgani alohida hikoya
Robson bilan tanishgunga qadar Joze 3 yil davomida “Vitoriya”da o‘smirlarni tayyorlaydi. 1990 yilda bosh murabbiy Manuel Fernandesh “Eshtrela”ga o‘tadi, o‘zi bilan birga “Vitoriya” murabbiylaridan birini ham olib o‘tadi — ha, ha, tushundingiz, bu aynan o‘sha, bosh murabbiyni o‘zining noyob dunyoqarashi bilan hayratga solgan Joze edi. Lekin taqdirning hazilini qarangki, “Eshtrela” 18-o‘ringa tushib qoladi va ikkinchi ligaga ravona bo‘ladi. Fernandeshni haydashadi, u Jozeni o‘zi bilan yangi klub — «Ovarense»ga olib ketmoqchi bo‘ladi, biroq Mourino «Eshtrele»da qolishga ahd qiladi, u yerda murabbiylik kurslari bo‘yicha ma’ruzachi Jezualdo Ferreyrining shtabida jismoniy tayyorgarlikka javobgarlikni o‘z bo‘yniga oladi. Bir yil o‘tar-o‘tmas Fernandesh va Mourinoning yo‘llari yana kesishadi. “Sporting” prezidenti Souza Sintra Fernandeshni yangi bosh murabbiy Bobbi Robsonga assistent qilib tayinlaydi, o‘z navbatida Manuel Jozeni tarjimonlik lavozimiga taklif qiladi.
Robson Lissabonga yetib kelganda uni aeroportda Sintra va Mourino kutib oladi. Portugal tilini o‘rganib olish uchun Robson Mourga oldida ko‘p yuravermaslikni so‘raydi. Biroq Joze faqatgina tarjimonlik bilan cheklanib qolmaydi, darvozabonlar bilan shug‘ullanadi, tayyorgarlik mashqlarida ishtirok etadi, o‘yinchi yetmay qolganda maydonga ham tushadi. “Tanishganimizda bu sobiq maktab o‘qituvchisi (Jozeni nazarda tutyapti) menga otasi darvozabon bo‘lganligini, o‘zi esa murabbiylik diplomiga egaligini aytgan edi. Biz juda yaxshi kelishib ketdik, rafiqalarimiz esa darrov dugona bo‘lib olishdi”, — deb yozadi Robson o‘z avtobiografiyasida.
1993 yilda Souza Sintra Robson bilan maslahatlashmagan holda “Benfiki”dan Paul Souz va Antonio Pashekni olib keladi, bu esa murabbiy va prezident o‘rtasida nizo kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. «Sporting» chempionatda peshqadamlik qilayotgandi, biroq Kubok egalari Kubogida “Zalsburg”ga 0:3 hisob bilan mag‘lub bo‘ladi, jamoa samolyotda qaytayotganda Sintra bor ovozi bilan Robsonning ishdan bo‘shatilganini e’lon qiladi. Bu mudhish xabar portugalchasiga jaranglagani uchun, gap nimada ekanligini Robson Mourinodan eshitadi. Lissabonga qaytgach, Bobbi xayrlashuv bazmini uyushtiradi, mastligidan u yerdan sudralgudek bo‘lib chiqqan yarim himoyachi Sergey Sherbakov avtohalokatga yo‘liqadi, natijada 22 yoshida nogiron bo‘lib qoladi.
“Portu”ni oyoqqa turg‘azish uchun Robsonga yarim yil kifoya qiladi. O‘ziga yordamchi qilib Manuel Fernandeshni emas, Mourinoni oladi. Joze yiliga 35 ming funt maosh oladi. Uni Portugaliyaning eng qimmat tarjimon sifatida e’tirof etishadi. Lekin uning asosiy vazifasi raqiblarni zimdan o‘rganish edi.
“Portu” bilan ikki karra chempionlikni qo‘lga kiritgach, Robson Yoxan Kroyffning “Barsa”dagi o‘rnini egallaydi. U “Barsa”ning vitse-prezidenti Joan Gaspar bilan avvaldan tanish edi. Bu paytda “Portu”da moliyaviy muammolar kelib chiqa boshlagan edi, mavsum yakuniga bag‘ishlangan bazmda yarim himoyachi Emersonga ko‘zi tushmagan Robson Mourinodan uning maslahatisiz «Midlsbro»ga 6 million funt bilan o‘tib ketganini eshitadi. “Mukofot puli bizga nasib qiladigan bo‘ldi”, deb qo‘ya qoldi bunga javoban Robson.
Mourino Bobbini Barselonaga muzokaralarga olib boradi, tarjimonlik vazifasini bajaradi, kechki payt homilador rafiqasi Tamining oldiga — Setubalga qaytadi. Biroq yo‘lda mudrab ketayotgan Joze avtohalokatga yo‘liqadi, omadni qarangki, yengil jarohat bilan qutulib qoladi. Bu jarohat unga Robsonning Barselonadagi shtabiga kirib olishi uchun xalal bermaydi. O‘zining mazkur yangi vazifasiga kirishar ekan, Joze ikki oy ichida kataloniya tilni o‘rganib oladi (“Bu haqida hech kim bilmasligi kerakligini unga men tayinlagan edim, shu yo‘l bilan u prezident va uning odamlari suhbatini tinglab olishi mumkin edi”, deydi Robson o‘z avtobiografiyasida).
Bu paytda Gvardiola “Barsa”dagi hayotining 12-yilini boshdan kechirayotgandi.
80-yillar avvalida Gvardiola Sanpedor qishlog‘idagi katolik maktabida tahsil oladi, spektakllarda mayda rollarni ijro etib yuradi. Haftada uch marotaba «Ximnastik Mangresa» klubida mashg‘ulotlarga qatnaydi. Uning buvasi «Espanol»ga muxlislik qilardi. Shunga qaramay, u “Barselona” atrofida o‘ralasha boshlaydi. Uchinchi urinishdan keyingina murabbiyning nazariga tushishga muvaffaq bo‘ladi. Uydan uzoqda bo‘lishiga Pepning ota-onasi qarshilik qiladi, lekin ikki yildan keyin “Barselona”ga uni yana chaqirishadi. Gvardiola “Barsa” akademiyasiga ko‘chib o‘tadi. O‘n sakkiz yoshga to‘lgan Pep klubning o‘rtoqlik uchrashuvida o‘zining debyut o‘yinini o‘tkazadi. Lekin birinchi bo‘lim so‘nggida Kroyffdan “Mening buvim ham sendan chaqqonroq harakatlansa kerak” degan “maqtov” eshitadi.
Ikkinchi imkoniyat bir yarim yildan keyin — markaziy yarim himoyachi Luis Milya “Real”ga o‘tib, “Barsa” prezidenti Nunes “Liverpul”dan Yana Melbyuni sotib olishdan bosh tortgan paytda nasib qiladi. Yana bir yarim yildan keyin “Barsa” bilan birga Chempionlar Kubogida g‘alaba qozonadi. Kroyff Gvardiolaga shunchalik mehr qo‘yadiki, uni PSVdan sotib olingan Romario bilan tanishuv bahonasidagi kechki ovqatga ham o‘zi bilan olib boradi. O‘zining Gvardiola haqidagi kitobida kataloniyalik jurnalist Gilem Balage shunday yozadi: “Romario tashqariga chiqib ketganda, Kroyff Pepga o‘zini braziliyalik yulduzning o‘n besh yoshli ashaddiy muxlisi kabi tutmaslikni uqtiradi...”
Yoxan Kroyff ketgach, “Barsa”da uning o‘g‘li Jordi qoladi. Jordi muammo keltirib chiqarmasligi, boshqa o‘yinchilar kabi sadoqatli bo‘lishi haqida yangi bosh murabbiy Bobbi Robsonga va’da beradi. Biroq Jordining muxolifat keltirib chiqarishi mumkinligidan xavfsiragan Joze Bobbiga uni boshqa jamoaga sotishni maslahat beradi. Manchester Evening News jurnalisti Kiaran Kelli Mourinoga bag‘ishlangan kitobida yozishicha, Joze Kroyffning o‘g‘lidan qutulish fikriga shunchalik yopishib oladiki, hatto Jordini sotib olish uchun Barselonaga uchib kelgan “MYu” prezidenti Martin Edvards bilan muzokaralarda ham ishtirok etadi. “Mening qanaqa inson ekanligim, yigitlarni qanday tayyorlayotganim-u, kiyinish xonasida nima deganim, qachon yo‘talib, qachon aksirganimgacha klubda o‘z mavqeini saqlab qolgan otasiga yetkazib berishi turgan gap edi”, deydi Robbi Jordi haqida.
Biroq Jordi “MYu”ga o‘tgandan yarim yil keyin ham Robbining “yo‘talgani, aksirgani haqidagi” gaplar tashqariga o‘rmalashdan to‘xtamaydi. 1997 yil 12 martida Ispaniya Kubogining chorak finalida “Barsa” o‘z stadionida “Atletiko”ga mag‘lub bo‘ladi. Birinchi taymdayoq hisob — 0:3. Tribunada shunchalar ko‘p oq matolar paydo bo‘ladiki (ispaniyalik futbol ishqibozlari murabbiyning iste’foga chiqishiga bo‘lgan talablarini shunday namoyish etishgan), qor yog‘ayotgandek edi go‘yo. Lekin ikkinchi taymda himoyachilar Popesk va Blan o‘rniga hujumchi Stoichkov va Pitssi maydonga tushadi, qarabsizki, “Barsa” 5:4 hisob bilan g‘alaba qozonadi. Kataloniya gazetalarida bu o‘zgarish uchun qarorni futbolchilarning o‘zi qabul qilgani haqidagi gaplar bolalab ketadi, lekin Pep Gvardiola bu ma’lumotni inkor etadi.
“Atletiko” bilan bo‘lgan o‘yindan uch oy o‘tib, Ispaniya Kubogi final bosqichida “Betis” bilan bo‘lgan to‘qnashuv tanaffusida (hisob 1:1 edi) ikkinchi taym uchun strategiyani Gvardiola va boshqalarga Joze uqtirayotgan edi. Bobbi esa... bir burchakda jimgina o‘tirardi. Uch oydirki prezident Nunesning yangi murabbiy — Lui van Galni tanlagani haqidagi gap unga tinchlik bermasdi. Balagening fikricha, jamoa ustidan nazoratni Bobbi allaqachon — “Barsa”dagi ilk kunlaridanoq, kiyinish xonasida cho‘kkalab olib, taktik chizmalarni chiza boshlaganida yo‘qotgan edi. “Robson — butun diqqatini hujumga qaratadi. Maydonnni uchga bo‘lsak, Bobbi faqat yuqoridagi qismni ko‘radi. Mening nuqtai nazarim esa himoyaga yo‘naltirilgan”, deydi intervyularidan birida Mourino.
«Atletiko» murabbiyi Luis Fernandes bilan bo‘lgan bahsdan so‘ng, Mourinoning muxlislar oldidagi mavqei ancha oshadi. “Barsa” kiyimidagi qandaydir nusxa hakamga hadeb tixirlik qilavergani Luisning achchig‘ini chiqaradi, lekin o‘sha “nusxa” hech ikkilanmay Fernandes bilan bahslashishdan ham tap tortmaydi. Natijada Kubok egalari Kubogidagi g‘alaba bilan izma-iz kelgan Ispaniya Kubogidagi muvaffaqiyatda Mourinoning ham hissasi borligi e’tirof etiladi. Bunga javoban Joze “Bugun, ertaga, har doim — “Barselona” mening qalbimda”, deya xitob qiladi. 1997 yilda singlisi Tereza, 37 yoshli balerinaning vafotidan tushkunlikka tushgan Jozening ko‘ngli bu g‘alabalardan oz bo‘lsa-da, ko‘tariladi.
“Barseona”ga kirib kelgan van Gal Robsonni ham, Mourinoni ham surib chiqargani yo‘q. Robson klub direktori bo‘ldi, yangi iste’dodlar qidirib, dunyo bo‘ylab aylanadi. “Liverpul”dan Stiv Makmanamanni olish fikridan van Galni Bobbi qaytaradi, “Deportivo” dan Rivaldoni olish maslahati ham undan chiqadi. Murabbiylik shtabida Mourinoning qolishi ham Robsonning urinishlari bilan bo‘ladi. Joze bosh murabbiyga o‘z fikrini ochiqchasiga aytishdan tortinmasdi, aynan mana shu narsa van Galning ishonchini qozonishiga sabab bo‘ladi.
Mavsumning dastlabki o‘yinlaridan birida — ChL doirasidagi “Skonto” bilan bahsda Gvardiola oyog‘idan jarohat oladi. Yo‘lni kesib o‘tayotgan chog‘ida jarohatini battarlashadi. Qariyb bir yarim yil davomida Fransiya, Italiya, Finlyandiyada davolanadi. Van Gal klubning yangi kapitani o‘rniga aynan uni tanlaydi. Bu harakati bilan Lui Ispaniya jamoalarining sardorini tajribali o‘yinchi bo‘lishi kerakligi haqidagi odatni inkor etadi. Sardorlikka da’vogarlardan biri bo‘lgan, lekin ikkinchi jamoaga “kuzatib qo‘yilgan” Xristo va Lui orasida ziddiyat kelib chiqadi. Pep Luini Xristoga yana bir imkon berishga ko‘ndiradi, lekin Xristo buning uddasidan chiqa olmaydi va tez orada Saudiya Arabistoniga uchib ketadi.
Van Gal Gvardiolani doim qo‘llab-quvvatlaydi, shartnoma bilan muammolar bo‘lganda ham uni yolg‘iz qoldirmaydi. Tuzalganidan keyingi ilk mashg‘ulotlaridan birida Gvardiola Rivaldo bilan o‘chakishib qoladi va chakkasidan qattiq zarba oladi. Pepning qaytishi “Barsa”ni muvaffaqiyatsizliklar zanjiridan qutqara olmaydi, jamoa 10-o‘ringa tushib ketadi. Gvardiola va Rivaldo murabbiydan norozi bo‘la boshlashadi. Voetbal Internationalga bergan intervyusida van Gal jamaoning pastga qarab jadal tushib ketayotganiga o‘yin tizimi emas, balki futbolchilar aybdor ekanligini qistirib o‘tadi. Rivaldo El País jurnalistiga murabbiyning befarqligidan shikoyat qiladi, Pep esa kiyinish xonasida van Galdan aytilgan gaplar uchun izoh talab qiladi. Van Gal Joze Mourino orqali uning intervyusini noto‘g‘ri sharhlashganini yetkazadi.
99-yil yozida van Gal tarkibdan besh kishini chiqarib yuboradi (Selades, Buskets, Luis Garsiya, shuningdek, Oskar va Rojer Garsiya). Yoxan Kroyff Gvardiolani o‘zining sobiq tarbiyalanuvchilariga yon bosishga da’vat etadi. Lekin undan murabbiylarning ishiga bosh suqishni istamasligi haqidagi javobni oladi.
O‘sha yilning o‘zida van Gal Gvardiolaning o‘yinlar soatini qisqartiradi, uning o‘rniga esa 19 yoshli Xavini o‘tkazadi.
1999-yil yozida Mourinoni “Benfika”ga Yupp Xaynkesga yordamchi sifatida taklif qilishadi. Van Gal bunga shunday munosabat bildiradi: “Benfika”ga aytib qo‘y, agar ularga kerak bo‘lsang, faqatgina bosh murabbiy sifatida borasan, agar ularga faqat yordamchi kerak bo‘lsa, “Barsa”dan bir qadam ham ketmaysan”.
Van Gal borgan sayin Mourinoga ko‘proq imtiyoz bera boshlaydi. 2000 yil 16 may kunida “Barsa”ning Kataloniya Kubogida muvaffaqiyat qozonishida Jozening hissasi katta bo‘ldi. Final bosqichida Xavi va 17 yoshli Tiago Mottuni maydonga kerakli paytda tushiradi. Jozening murabbiy sifatida muvaffaqiyatga erishishida Gvardiolaning ham xizmatlari sezilarli bo‘ldi. Hammasi mana bunday bo‘lgan edi: Pep 1999 yil dekabrda “Sevilya” bilan bo‘lgan bahsdagi mag‘lubiyatdan keyin “Barsa” tarkibidan chiqadi, Polshaga qarshi terma jamoada o‘ynash chog‘ida to‘pig‘idan jarohat oladi, tuzalganidan keyingi birinchi o‘yinni Kataloniya Kubogining yarim final o‘yini bo‘ladi, bunda “Barselona” 1:0 hisob bilan g‘alaba qozonadi.
Chempionlik kayfiyati bilan o‘tgan ikki mavsumdan keyin jamoa 2000 yil bahorida “qovun tushiradi”. Prezident Nunes, murabbiy van Gal birin-ketin klubni tark etishadi. Yangi murabbiy Lorenso Serra Ferrer “juftakni rostlash vaqti kelgan” futbolchilarning ro‘yxatini tuzib chiqadi. Bu “faxriy” ro‘yxatdan o‘rin olganlardan biri Yari Litmanenning eslashicha, “Serra Ferrer bilan bo‘lgan suhbatdan so‘ng Joze xonadan otilib chiqadi, u shunchalik jahl otiga mingandiki, uch — ingliz, portugal, ispan tillarida so‘kinardi”. Joze Robsonning “Nyukasl”dagi shtabiga borishdan bosh tortadi. Bir necha hafta dam oladi va 2000 yil sentyabrida “Benfika”ga keladi. Yana bir mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan Gvardiola ham “Barsa”ni tark etadi, 2001 yilda “Yuventus”ga o‘ta olmagach, “Breshiya” tarkibiga qo‘shiladi. Bir yarim oydan keyin uning qonida doping aniqlanadi, va u 4 oyga diskvalifaksiya qilinadi. 2007 yil 23 oktyabrdagina Breshiya appelyatsiya tribunali uni oqlab chiqadi.
Bu paytga kelib Pep “Barsa B” jamoasi bilan 3-divizionda g‘olib chiqdi. “Chelsi”dan haydalgan Mourino esa endi o‘ziga kela boshlagan edi. Bir oydan so‘ng ChL doirasida “Barsa” - “Lion” bahsida durang natija qayd etiladi. 80-daqiqada penalti talab qilaman deb o‘zini boshqara olmay qolgan murabbiy Frank Raykard hakam Stefano Farina tomonidan chetlashtiriladi. Vitse-prezident Mark Ingla va sport direktori Chiki Begiristayn murabbiylik lavozimiga sakkiz kishidan iborat nomzodlar ro‘yxatini tuzib chiqishadi. Venger, Laudrup va Pellegrini ro‘yxatdan “sekingina surilib chiqadi”, Valverde ham ularga ergashadi. Faqat ikkita nomzod qoldi — Gvardiola va Mourino.
2008 yil yanvarida “Barsa” rahbarlari Mourino bilan Lissabon bankining binosida ko‘rishishadi. Joze “Barsa”ni rivojlantirish bo‘yicha o‘zining 27 g‘oyasini taqdim qiladi. Bu g‘oyalar orasida 20 yoshli Messining “gullab-yashnashiga” to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan Ronaldinoni sotish ham bor edi. “Barsa” prezidenti Laporta oxir-oqibat Gvardiolani tanlaydi, lekin Jozening maslahatiga ham amal qiladi.
Shundan beri Gvardiola Joze uchun ashaddiy raqiblardan biriga aylandi...
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Ishchi-xodimlar manfaatlari himoya qilindi