21:02 / 14.01.2018
3 085

Milliy terma jamoamiz uchun tezlik olishning ayni payti

Milliy terma jamoamiz uchun tezlik olishning ayni payti
Futbol mutaxassisi emas, oddiy muxlisman. «InterFutbol» gazetasini ko‘p yillardan buyon qoldirmay o‘qib kelaman, Toshkent, Navoiy, Qarshi, Samarqand va Jizzax shaharlarida bo‘ladigan chempionat, kubok o‘yinlarini imkon qadar stadionda kuzatishga harakat qilaman.

Imkoni topilmasa, televizorda ko‘raman yoki gazetalar hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘yin tafsilotlari bilan tanishaman.

Deylik, «InterFutbol»ning 48 sahifasini 2-3 kun davomida o‘qiyman, barchasini tahlil etib, bo‘lajak o‘yinlar natijasini o‘zimcha prognoz qilaman. Xullas, jahon va milliy futbolimiz bilan mudom hamnafasman.

Oxirgi mavsum. Ko‘plab muxlislar hamon alamzada, zero, milliy jamoamiz JCh-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritolmadi. Lekin xolisona aytsak, oliy liga-2017 oldingi mavsumlarga nisbatan qiziqarliroq, jangovarroq o‘tdi. Xususan, kutilmagan natijalar ko‘p uchradi va ayrim stadionlarga muxlislar tashrifi ham yaxshilandi.

Avvallari ko‘plab o‘yinlar natijasini oldindan osongina taxmin qilardik - nomdor jamoalar qiyinchiliksiz g‘alaba qozonardi. 2017 yilgi mavsumda bunday holat kuzatilmadi, aksariyat o‘yinlarda qaysi tomon yutishini baralla aytolmadik. Bu chempionatda raqobat va saviya oshganini anglatadi.

Muxlislik madaniyati. Oliy ligada kuzatilgan yana bir ijobiy holat - muxlislik madaniyati ijobiy tomonga o‘zgardi. Sanoqli holatlarni inobatga olmasak, muxlislar jamoalarni talab darajasida, tartibli qo‘llab-quvvatlab turishdi.

Shaxsan o‘zim bir necha bor guvohi bo‘ldim, mezbon jamoa muxlislari har ikki tomonni o‘yin boshida munosib qarshi olib, oxirida chiroyli qarsaklar ostida kuzatib qo‘ydilar, hattoki, ba’zida tik turgan holatda. Avvallari ikki jamoa fan-klubi a’zolarining o‘zaro tortishib, janjallashganini ko‘p bora ko‘rganmiz.

Endi ular bir-birlariga hurmat bilan yondashib, o‘yin yakunlangach, natijadan qat’iy nazar, raqib jamoa futbolchilarini ham olqishlamoqdalar. Bunday o‘zgarish quvonarli, albatta. Shuningdek, yangi zamonaviy stadionlarda muxlislarga zarur qulayliklar (avtoulovlar uchun maxsus joy, xizmat ko‘rsatish tizimi, badiiy tadbirlar) yaratilayotganini ham alohida aytish joiz.

Shunday ishlar davom ettirilsa, chempionatimiz o‘yinlarida xuddi yevrofutboldagidek bayramona muhit hukm suradi. Muxlislik madaniyati qancha oshsa, shuncha yaxshi. Agar so‘kinishlar, kurakka sig‘maydigan gap-so‘zlar yangramasa, ko‘pchilik oilasi, farzandlari bilan stadionga kirib, futbol tomosha qilish asnosida maroqli hordiq chiqarishi mumkin.

Futbolchilar madaniyati. Ha, muxlislar stadionda chiroyli futbol ko‘rib, vaqtni xushchaqchaq o‘tkazishni xohlashadi. Lekin ayrim «zamonaviy» olifta futbolchilarga qarab bo‘lmaydi - soch-soqollari o‘sgan, mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan tatuirovkalar...

Bu ham muxlislar ta’bini tirriq qiladi. Ayrim murabbiylar bilan tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish kerak. Shunday murabbiylar borki, biror futbolchi xato qilsa yoki jamoa yutqazsa, omma oddida ochiq-oydin so‘kinib, shogirdlarini haqoratlashadi (muxlislarga eshittirib).

Qolaversa, suv idishlarini tepish, hattoki, achchiqlanib o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etmaslik holatlari ham uchraydi. Bunday salbiy yondashuvga qarshi turish - davr talabi. Dunyoning eng sara klublarini boshqaradigan mashhur murabbiylar ham o‘yin vaqtida asablarini jilovlab, g‘azablariga erk bermaydilar.

Futbol muxlislari qaysi murabbiy qandayligini bilishadi - uning mehnatiyu, natijalari hammasiga dalolat. Bitta misol, mavsum-2017ning ikkinchi davrasida «Bunyodkor» Navoiyda 2:0 hisobida g‘alaba qozona turib, yakunda 3:3 ga rozi bo‘ldi. Alohida kuzatdim, tajribali Mirjalol Qosimov butun vaqt davomida rosa asabiylashdi, shogirdlariga tinmay ko‘rsatmalar berdi.

Muhimi, o‘yin tugashi bilan hammasini oddiy qabul qildi, futbolchilarga birma-bir qo‘l uzatdi, rahmat aytdi. E’tibor bering, muxlislar garchi «Qizilqum» g‘alaba qozonmagan bo‘lsada, Mirjalolni o‘rinlaridan turib olqishladilar. O‘z navbatida, murabbiy OAV vakillariga raqib jamoani biroz maqtab ham qo‘yibdi.

Mana, o‘z ishining haqiqiy ustasi, professional. Bundaylar har doim, har qayerda hurmatga loyiqlar. O‘zlarini «urishqoq xo‘rozcha»dek tutadigan «murabbiychalar» aynan Qosimovga o‘xshagan aslardan o‘rnak olishsin.

Islohotlar. Endi O‘FFning yangi rahbariyati boshlagan ishlar haqida gapirsam, islohotlarni faqat olqishlash kerak. «Oliy liga» va «Birinchi liga» atamalari yillar davomida eskirgandi. Superliga, Pro-liga - qanday jarangli nomlar... Ha, ayrimlar e’tiroz bildirishi mumkin:

«Nom o‘zgargani bilan sifat osharmidi?» Albatta, oshadi! Masalan, maktab yoki qishloqda bolalar o‘yinini ozgina tomosha qiling - hammasi oddiy. Shu bolalarga mashhur futbolchilar yoki jamoalar (Ronaldu, Messi, Neymar..., «Real», «Barselona», «Bavariya»...) nomi yozilgan futbolkalar kiydirib ko‘ring, shiddat oshganini kuzatasiz. Yangi mavsumda Superligada ham, Pro-ligada ham keskin o‘zgarish bo‘lishiga ishonaman.

Format.
Yuqori ligada 12ta jamoa qolishi e’lon qilingach, «Dinamo», «So‘g‘diyona», «Neftchi» kabi klublar rahbarlari reglament buzilganini aytib, norozilik bildirdilar. Xo‘sh, agar format o‘zgarishi haqida chempionat boshida aytilganida, bu jamoalar oliy ligada qolib, «Olmaliq», «Mash’al» yoki «Qo‘qon-1912», «Metallurg» tushib ketarmidi?

Yo‘q, aslo. 12ta jamoa qolishi chempionat startida e’lon qilinmagan bo‘lsa, nima? Elita bilan xayrlashgan klublar nega mavsum boshidan yuqoriroq o‘rinlarni ko‘zlamadi? Nomiga qatnashadigan, sovrinli o‘rinlar uchun kurashmaydigan jamoadan qanday naf bor? Bunday yondashuv bilan futbolni rivojlantirish mumkinmi?

Endi Superligaga «sig‘magan» futbolchilar Pro-ligada o‘ynayverishadi. Pro - bu oldingi birinchi liga emas. Bordiyu, Superligada o‘ynashni istashmasa, marhamat, o‘z ustilarida jiddiy ishlashsin. Demakki, futbolimizda ochiq va halol raqobat yuzaga kelmoqda.

Normativlar. Futbolchilar oldiga jismoniy tayyorgarlik masalasida qat’iy talablar qo‘yilayotgani ayni muddao. Yevropa klublari futbolchilarining jismoniy tayyorgarligiyu, tezligi to‘g‘risida yetarli ma’lumotga egamiz, lekin o‘z yigitlarimiz haqida hech vaqo bilmaymiz.

Kelgusida yuqori ligada o‘ynovchi har bir futbolchining turli ko‘rsatkichlari ( deylik, yugurish sur’ati)ni e’lon qilib borish kerak. Shunda o‘z ustilarida ishlamaydigan, tez charchab qolib, asabiylashgancha qo‘pollik qiladigan, maydonda jon kuydirmaydigan futbolchilar kamayadi.

Kerak bo‘lsa, O‘FF futbolchining maydondagi xatti-harakatlari (qancha masofa bosib o‘tgani, aniq uzatmalar soni va boshqa ko‘rsatkichlar)ni aniq baholaydigan uskunalarni olib kelsin. Shunday keyin futbolchilarning qanday ishlashlarini ko‘rasiz. Qolaversa, futbolchilarning madaniy bilimlarini ham oshirish zarur.

Deylik, ularning sport nashrlariga obuna bo‘lishlarini ta’minlash maqsadga muvofiq. Toki, har bir futbolchi muntazam ravishda o‘z ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borsin. Mashhur sportchilar haqida olingan ko‘plab hujjatli filmlarni ko‘rganmiz.

Har bir yulduz rejadagi mashg‘ulotlarga qo‘shimcha ravishda alohida shug‘ullangan, intizom, ovqatlanish, hattoki, dam olish tartibiga jiddiy yondashgan. Bizda ham bunday futbolchilar bor, afsuski sanoqli...

Malaka. Yangi mavsum boshlanishiga qadar chempionatimiz o‘yinlarini tasvirga oluvchi operatorlarni ham o‘qitish, malakalarini oshirish kerak.

Zero, ayni payt bizda translyatsiyalar sifati ancha past. Masalan, jarima zarbasi tepilayotgan vaziyatda tasvirchi golni his qilolmaganidanmi, to‘p yo‘nalishini uzluksiz ko‘rsatolmaydi.

Shuningdek, futbolga bag‘ishlangan ko‘rsatuv va sharhlar ko‘paygani bilan ijodkorlar qiynalishmoqda. Deylik, sharhda 38-daqiqada «falonchi» gol urgani aytiladiyu, umuman boshqa vaziyat ko‘rsatiladi. Chunki ijodkorlarga gol urilgan vaziyat yozuvi taqdim etilmaydi.

Yana bir kamchilik - ayrim stadionlarda 5-6 ming muxlis yig‘inganiga qaramay, bo‘m-bo‘sh tribunalar namoyish etiladi, sababi - tasvirchi qarama-qarshi tomonni suratga olish bilan cheklanadi.

Milliy jamoa. O‘zbekiston terma jamoasiga tezroq bosh murabbiy tayinlash kerak. To‘g‘ri, oldimizda rasmiy o‘yinlar yo‘q. Lekin yangi murabbiy hozirdan nomzodlarni obdon ko‘zdan kechirishi, iqtidorlarni topib, o‘rtoqlik o‘yinlari orqali jamoani tayyorlab borishi shart.

Kelishilgan o‘yinlar. Shu kunga qadar biror g‘irrom o‘yin aniqlanmadi va tahlil ham qilinmadi. Demakki, chempionatimizda kelishilgan o‘yinlar bor-yo‘qligi haqida asosli fikr aytolmaymiz. Lekin ko‘p yillardan buyon oliy ligada o‘ynayotgan 2ta o‘rtamiyona jamoaning o‘zaro uchrashuvlari statistikasini yaxlit holda ko‘rsak, juda qiziqarli ma’lumotlar yuzaga chiqadi.

Ya’ni shartli «A» va «B» jamoalarining o‘yinlarida o‘ziga xos balans ko‘zga tashlanadi: ??? yil - 1-0 va 0-1, ??? yil - 2-1 va 1-2 (yoki shubha tug‘dirmaslik uchun 1-0 va 2-1mi 2-0 va 2-4)... Har holda, shunday tenglik juda ko‘p bo‘lsa kerak.

Xulosa. Takror aytaman, oddiy muxlis sifatida shaxsiy fikrlarimni bildirdim, bular ayrimlarga ma’qul kelmasligi ham mumkin. Asosiy xulosa shuki, futbolimizda taraqqiyot tezligini oshirish vaqti keldi. Bugungi islohotlar, yangiliklar futbolimizni nurli yo‘llarga boshlasa, ajabmas. Shundan umidvormiz, albatta...
Otabek ShAMSIYeV, Navoiy shahri

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Milliy terma jamoamiz uchun tezlik olishning ayni payti