date

Boks bo‘yicha Jahon chempionati finalidagi "triller"...

Boks bo‘yicha Jahon chempionati finalidagi "triller"...

Angliyaning Liverpul shahrida yakunlangan Jahon chempionati 2025 final kunlari haqiqiy sport bayramiga aylandi. Oltin medallar taqdiri, ayniqsa og‘ir vaznlilar bahslari, nafaqat individual g‘oliblarni, balki umumjamoaviy hisobda ham g‘olib davlatni aniqlab berdi. Shu bois, superfinal maqomi berilgan bahslar katta ahamiyat kasb etdi.

Birinchi daqiqalardanoq qizg‘in kechgan Jahongir Zokirov va qozog‘istonlik Oybek Oralbay o‘rtasidagi bahs sport ahli uchun trillerga aylandi. Zokirov dastlabki ikki raundda ustunlikka erishdi. Biroq uchinchi raundda charchoq ta’sirida unchalik faol harakat qila olmadi. Havaskor boksda ochkolar raundlar kesimida emas, umumiy hisobda belgilangani sababli hakamlar ustunlikni qozoq sportchisiga berib, g‘alabani Oralbayga topshirishdi.

O‘zbekiston charmqo‘lop ustalarining qiyin daqiqalari

Afsuski, hal qiluvchi ikki finalda ham o‘zbek bokschilari so‘nggi raundlarda yutuqni boy berib qo‘yishdi. Navbahor Hamidova birinchi ikki raundda ustun kelgan bo‘lsa-da, 3-raundda ogohlantirish olib, g‘alabani qozog‘istonlik Aida Abikeevaga boy berdi. Xo‘sh, eng og‘ir vazn toifasida ham xuddi shu ssenariy takrorlandi – Jahongir Zokirov finalning hal qiluvchi daqiqalarida Oralbayga imkoniyat berib qo‘ydi.

Natijada Qozog‘iston terma jamoasi o‘zining 7-oltin medaliga ega chiqdi. Bu holat ularni umumjamoaviy hisobda peshqadam qilib qo‘ydi.

Umumiy medallar taqsimoti

Shunday qilib, O‘zbekiston delegatsiyasi Jahon chempionatida 6ta oltin bilan cheklandi. Umumiy hisobda esa biznikilar eng ko‘p medal egalari bo‘lishdi – 11ta medal: 6 oltin, 2 kumush va 3 bronza. Shu o‘rinda To‘lqin Qilichev va Elshod Rasulovning terma jamoa tayyorgarligidagi mehnatini alohida qayd etish lozim.

Qozog‘iston esa 7 oltin bilan birinchi o‘rinni egalladi. Aytish kerakki, ularning ayrim medallari bahsli vaziyatlarda topshirilgani ko‘pchilik tilga olmoqda. Xususan, Natalya Bogdanova avstraliyalik raqibi qarshisida mag‘lubiyatga uchrab turgan paytda hakam ogohlantirish berib, g‘alabani qozoq sportchiga topshirgani katta bahslarga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston qahramonlari

Turnir davomida bir qator yosh va tajribali bokschilarimiz terma jamoaga oltin medallar taqdim etishdi:

  • Fazliddin Erkinboev (75 kg) — Bolgariyalik Kivan Ramini 5:0 hisobida mag‘lub etdi.

  • Asadxuja Mo‘ydinxo‘jaev (65 kg) — Braziliyalik YUri Reis ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.

  • Javohir Ummataliyev (80 kg) — Fransiyalik Yojerlen Sezar qarshisida 5:0 hisobida zafar qildi.

  • To‘rabek Habibullaev (90 kg) — Braziliyalik Isaias Ribeyroni 4:1 hisobida yengdi.

  • Abdumalik Xalokov (60 kg) — Braziliyalik Luiz Oliveyrani 5:0 hisobida mag‘lub etdi.

  • Akmaljon Isroilov (85 kg) — Angliyalik Teagn Stottni 5:0 hisobida ortda qoldirdi.

Bundan tashqari, ayollar o‘rtasida Navbahor Hamidova 1 kumushni, Jahongir Zokirov esa og‘ir vaznda 2-kumushni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 3 ta bronza medali ham yurtimiz hisobiga yozildi.

Xulosa

Liverpuldagi jahon chempionati O‘zbekiston boksining jahon sahnasidagi nufuzini yana bir bor ko‘rsatdi. Oltinlar sonida Qozog‘istondan ortda qolsak-da, umumiy medallar soni bo‘yicha terma jamoamiz barcha raqiblardan ustun chiqdi. Bu esa kelgusi turnirlarda g‘alabalarni ko‘paytirish va raqiblardan ustunlik qilish uchun katta turtki bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Boks bo‘yicha Jahon chempionati finalidagi "triller"...